Ruhiy bemorni davolash yo‘li qanday?

Muhtaram Shayx hazratlari, Sizga qishloqdagi bir qarindoshimizning quyidagi masalada Sizning javobingizni bilishga intiqligi bois murojaat qilmoqdaman. U kishining aytishlaricha, oxirgi 14 yil ichida otalarining yaqinlari ya’ni amma va amakilarining oilalarida va xususan o‘zlarining oilalarida ham ko‘pchilik ruhiy xastalikka chalinayotgan ekan. Bu xastalikni davolashga zamonaviy tibbiyot yordam berishga ojizlik qilganligidan bemorlarga dam ham soldirganlar, chilyosin o‘qitganlar, natija bo‘lmagach, najot ilinjida turli baxshilarga ham murojaat qilib ko‘rganlar. Baxshilarning bizga noma’lum muolajasidan keyin bir oz vaqt sog‘ligi yaxshilanib qolgan holatlari bo‘lgan. Lekin bari-bir butunlay tuzalib ketmagan. Ba’zilari shu xastalik bilan dunyodan o‘tib ketishgan. Ular murojaat qilgan baxshilar deyarli bir xil gapni ya’ni, -“avlodingizda pariylar bilan gaplashadigan odam bo‘lgan, ushbu xastaliklar o‘sha pariylarning ta’sirida yuz bermoqda, bu pariylardan qutulish kerak, lekin bunga bizni kuchimiz etmayapti, ular kuchli ekan”, deb aytishgan. Qarindoshimizning aytishicha, haqiqatan katta buvilari ya’ni otalarining onalari baxshi bo‘lgan ekanlar. U kishi hovlilaridagi bir uyda baxshilik amallari bilan mashg‘ul bo‘lganlar (1997 yilda olamda o‘tganlar). Baxshilik qilgan onaxonning bir o‘g‘illari bundan uch-to‘rt yil avval hovlisini yangitdan tartibga keltirish maqsadida, onalari baxshilik amallari bilan mashg‘ul bo‘lgan eski uyni buzib, o‘rniga turli maqsadlarda foydalanish uchun yangi binolarni qurgan (jumladan, molxona va xojatxona ham qurilgan). Shundan so‘ng, shu o‘g‘il ham ruhiy xastalikka chalinib, oxiri o‘zining joniga qasd qilgan. Shu qurilish ishlarini amalga oshirgan usta ham huddi shunday kasallikka chalingan. Shunday voqealardan so‘ng, yana biror kishiga zarar etishidan hadiksiragan, shu hovlida yashayotgan kishilar buzilgan uyni o‘rniga yangi qurilgan binolardan foydalanmayaptilar. Avlodlarida ruhiy xastalikka chalinish holatlari baxshi onaxon 1997 yilda olamdan o‘tganlaridan keyin yuz bera boshlagan va shu kunga qadar davom etib kelmoqda. Muhtaram Shayx Hazratlari, yuqorida bayon qilingan holatda zamonaviy tibbiyot ojizlik qilayotgan ushbu darddan forig‘ bo‘lish uchun qanday amal qo‘llash to‘g‘ri bo‘lishini hamda aytib o‘tilgan shubhaga sabab bo‘lgan yangi binolardan foydalanish oqibatida kishilarga zarar etish ehtimoli qanchalik haqiqatga yaqinligini bayon qilib berishingizni iltimos qilamiz.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Hammalari halol-pok yurib, ixlos bilan ibodat qilsalar, Allohdan najot so‘rasalar yaxshi bo‘lib ketadi, inshaalloh.

27 May 2022, 03:24 | Savol-javoblar | 157 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar