Juma namozining ikkinchi azoni

Assalomu alaykum! Juma namoziga kirganimizda bir narsaga guvoh bo‘lamiz. Ma’ruza tugagandan so‘ng azon aytiladi, 4 rakat ilk sunnat o‘qilib bo‘lgach xutbadan avval yana azon aytiladi. Shu ikkinchi azon aytilishining sababi nimada?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo: «Ey, iymon keltirganlar! Juma kunida namozga nido qilingan paytda Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo‘ying. Agar bilsangiz, bu o‘zingiz uchun yaxshidir». (Jumu’a surasi, 9 oyat) Juma kuni hafta kunlari ichida eng fazilatlisi hisoblanadi. Payg‘ambar alayhissalom: «Quyosh chiqib turgan kunlarning eng yaxshisi juma kunidir. O‘sha kuni Odam yaratilgan, jannatga kiritilgan, jannatdan chiqarilgan. Qiyomat ham juma kuni qoim bo‘ladi», deganlar. Oyatdagi «namozga nido qilingan paytda»dan murod imom minbarga chiqqandan so‘ng aytiladigan ikkinchi azondir. Payg‘ambar alayhissalom vaqtlarida, Abu Bakr Siddiq bilan Umar Foruq davrlarida jumaga faqat bir marta azon aytilgan. Hazrati Usmon xalifa bo‘lganlaridan so‘ng shahar kengayib, odam ko‘payganda, u kishi bozordagi o‘zlarining Zavro nomli hovlilarida ham bir marta azon aytishni tashkil qilganlar. Uni eshitib, kishilar masjidga yuzlanganlar. Keyin imom minbarga chiqqanda jumaning haqiqiy azoni aytilgan. Ushbu oyatdagi hukmlar ham mana shu ikkinchi azonga taalluqlidir. «Ey, iymon keltirganlar! Juma kunida namozga nido qilingan paytda Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo‘ying.» Xuddi shu oyat bilan ikki rak’atli Juma namozi musulmonlarga jamoat bilan o‘qish uchun farz qilindi. Uning vaqti – peshin namozining vaqti. Ya’ni juma kuni peshin o‘rniga jamoat bilan Juma namozi o‘qiladi. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 04:20 | Savol-javoblar | 192 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar