Odam tashish

Assalomu alaykum! Dam olish maskanlariga odam tashish bilan shug‘ullanamiz. Ba’zan ichkilik ichadigan, chekadigan odamlar ham moshinaga chiqishadi. Moshinada chekish yoki ichishga ruxsat so‘rashadi. Sizdan boshqa turistlar ham chiqadi moshinani soz va pokiza holatda ushlashim kerak deb ularga ruxsat bermayman. Lekin ba’zi holatlarda shaxsiy yuklarini orasida alkogol bo‘lishi mumkin. Shoferning topayotgan puli bunda shubhalik bo‘lib qolmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Agar bilib turib mast qiluvchi ichimlikni tashisa gunohkor bo‘ladi. Mashinasiga bunday narsalarni olib chiqilishiga yo‘l qo‘ymasin.Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh xamrni, uning ichuvchisini, quyib beruvchisini, sotuvchisini, sotib oluvchisini, siquvchisini, siqtiruvchisini, ko‘taruvchisini va ko‘tartiruvchisini la’natladi», dedilar
».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. 
Mazkur harom narsaga hammollik qiluvchi kishi ham Allohning la’natiga sazovordir. Xom ashyoni tayyorlash, joyiga olib borishda hammollik qiladimi yoki tayyorlash joyidami, sotish joyidami yoki sotish joyidan iste’mol joyigami – baribir. Hozirgi kunda butun dunyo qarshi kurashayotganiga qaramay la’nati hammollarning faoliyati tufayli qora dori va unga o‘xshash harom narsalar butun dunyo bo‘ylab keng tarqalmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularni behuda la’natlamagan ekanlar.
Aroq va uning hukmidagi harom narsalarning hammollarini ishga soluvchi, ularga pul berib ishlatuvchi ham Alloh taoloning la’natiga qolgay.
Xamr to‘g‘risidagi ogohlantirishlar ichida ushbu hadisi sharifga o‘xshash qattiq hukmga dalolat qiluvchisi bo‘lmasa kerak. Biz, odatda, agar o‘ta dindor bo‘lsak, xamr iste’mol qiluvchiga nafrat qilish bilan kifoyalanib qolamiz. Aslida esa xamrga aloqador barcha shaxslar Alloh taoloning la’natiga qolgan ekanlar. Shuning uchun ularning hammasidan nafratlanishimiz lozim. Ularga nasihat qilib, halol-pok yo‘lga chorlashimiz lozim. Vallohu a’lam!

21 Iyul 2022, 14:42 | Savol-javoblar | 160 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar