Masjid qurishning savobi

Assalomu alaykum! Masjid qurilishida kimdur moddiy, kimdur moliyaviy, kimdur xizmati va mexnati bilan xissa qo‘shadi. Shu mexnati bilan xissa qo‘shgan insonlarga qanday ajru mukofotlar bor. Bu savol berishimdan maqsad moddiy va moliyaviy xissa qo‘sha olmayotgan insonlarga ularning mexnatlari xam xissa qo‘shishdan iborat bo‘lishi mumkinligini aytmoqchiman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Chin ixlos bilan riyo qilmasdan masjid qurilishiga yoki masjidning boshqa xizmatlariga hissasini qo‘shgan odamni Alloh fazli karami ila mukofotlaydi. Ularga ham quyidagi hadisda va’da qilingan mukofotlar beriladi deb umid qilinadi: عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَنْ بَنَى مَسْجِدًا يَبْتَغِي بِهِ وَجْهَ اللهِ بَنَى اللهُ لَهُ مِثْلَهُ فِي الْجَنَّةِ. وَفِي رِوَايَةٍ: بَيْتًا فِي الْجَنَّةِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:
«Kim Allohning roziligini tilab, bir masjid qursa, Alloh jannatda unga o‘shaning mislini qurib beradi», deganlarini eshitganman».

Boshqa bir rivoyatda:
«Jannatda bir uy», deyilgan.
Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Sharh: Demak, bu dunyoda masjid bino qilish uchun uringan har bir kishining qilgan ishi behuda ketmaydi, u oxiratda Alloh taolo tomonidan munosib taqdirlanadi.Shuning uchun jannatda alohida muhtasham uyga ega bo‘lishni isagan odam bu dunyoda masjid qurishi yoki bu ishda qurbi etganicha ishtirok etishi lozim.عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: أَمَرَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِبِنَاءِ الْمَسَاجِدِ فِي الدُّورِ وَأَنْ تُنَظَّفَ وَتُطَيَّبَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hovlilarda masjidlar qurishga, ularning tozalanishiga va xushbo‘y qilinishiga amr qildilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu ma’noni mahalla masjidlari ma’nosida tushunish mumkin. Musulmonlarning namozga jamlanishlari oson bo‘lishi uchun yashash joylariga, hovlilariga yaqin joylarga masjid qurishlari matlubdir.
Bu amrga musulmonlar qadimdan ahamiyat berib kelganlar. Qaerda musulmonlar to‘plansalar, o‘sha erga masjid qurilavergan. Musulmonlar o‘z hayotlarini, mahallalarini, qishloq yoki shaharlarini masjidsiz tasavvur qila olmaganlar. Hatto boshqa dindagilar ham bu narsaga ko‘nikkanlar, uni oddiy haqiqat, deb qabul qilganlar.
Ushbu hadisda zikr qilingan narsalardan ikkinchisi masjidlarni ozoda tutishdir. Bunga ham musulmonlar doimo amal qilib kelganlar va kelmoqdalar. Endi shu holatni yana ham yaxshilab, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amrlarini mahkam ushlashimiz zarur.
Bu hadisi sharifda kelgan uchinchi amr masjidlarni xushbo‘y holda saqlashdir.
Bunga amal qilish bir joyda ko‘ngildagidek bo‘lsa, boshqa joylarda unchalik emasligi hammamizga ma’lum. Aslida hamma joyda ham o‘z sharoitidan kelib chiqib, masjidlarni xushbo‘y qilib qo‘yishga, kirgan kishining bahri dili ochiladigan, chiqqisi kelmaydigan holda tutishga harakat qilinishi lozim.  (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Iyul 2022, 10:17 | Savol-javoblar | 136 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar