Turkistonga borib qo‘y so‘yish

Assalomu alaykum! Turkestana borib, qo‘y so‘yib farzand so‘rasa bo‘ladimi ?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Bunday qilish og‘ir gunoh. Bu shirk bo‘lib qolishi ham mumkin. Alloh taolo “Shuuro” surasida marhamat qiladi:  لِلَّهِ مُلْكُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ يَخْلُقُ مَا يَشَاء يَهَبُ لِمَنْ يَشَاء إِنَاثًا وَيَهَبُ لِمَن يَشَاء الذُّكُورَ۝ أَوْ يُزَوِّجُهُمْ ذُكْرَانًا وَإِنَاثًا وَيَجْعَلُ مَن يَشَاء عَقِيمًا إِنَّهُ عَلِيمٌ قَدِيرٌ۝ 49. Osmonlaru erning podshohligi Allohnikidir. U Zot xohlagan narsasini yaratur. U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur.
50. Yoki ularni juftlab – o‘g‘il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug‘mas qilur. Albatta, U o‘ta biluvchidir, o‘ta qudratlidir.
Insonga hamma narsani faqat Alloh taolo berishining yorqin namunasi farzand masalasida ko‘rinadi. Ayni shu masalada inson o‘zining ojizligini xis etadi. O‘z xohishiga ko‘ra biron narsani bor qila olmasligini, balki doimo Alloh taoloning madadi va inoyatiga muhtoj bo‘lib turishini anglab etadi.
«Osmonlaru erning podshohligi Allohnikidir».
Osmonlarda va erda nimaiki bo‘lsa, hamma-hammasi Alloh taoloning mulkidir.
«U Zot xohlagan narsasini yaratur».
Bu ishda U Zotning xohishiga hech kim to‘siq bo‘la olmaydi. Butun borliqning Moliki – egasi va mutlaq Xoliqi bo‘lgan o‘sha Zot O‘z mulkidan xohlagan bandasiga xohlagan narsasini beradi. Jumladan, farzand berish masalasida ham
«U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur».
Agar o‘g‘il yo qiz farzand ko‘rish ota-ona xohishiga ko‘ra bo‘lganida, ushbu oyatlar nozil bo‘layotgan paytdagi johiliy arablarda qiz farzand bo‘lmas edi. Chunki ular qiz farzandni yoqtirishmasdi. Hatto qizlarini tiriklay ko‘mib ham tashlashardi. Holbuki, ba’zilar faqat qiz farzandlar ko‘rishadi, o‘g‘il farzandga zor bo‘lib yurishadi. Bu hol farzand faqat Allohning xohishi bilan o‘g‘il yoki qiz bo‘lishini bildiradi.
«...va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur».
Faqat o‘g‘il farzandlar ko‘rib, Allohdan qiz so‘rab yurgan odamlar ham oz emas.
«Yoki ularni juftlab – o‘g‘il-qiz qilib berur…»
Aralash farzandlar ko‘rish odamlar ichida ko‘p tarqalgan holatdir.
«...va xohlagan kishisini tug‘mas qilur».
Bundaylar ozchilik bo‘lib, Alloh taolo ibrat uchun, farzand odamlarning xohishi bilan emas, Allohning xohishi bilan bo‘lishini ko‘rsatish uchun shunday qilib qo‘ygan.
«Albatta, U o‘ta biluvchidir, o‘ta qudratlidir».
Albatta, Alloh o‘ta biluvchi va o‘ta qodir Zotdir.
Hamma narsani bilib qiladi. Jumladan, kimga qiz, kimga o‘g‘il, kimga o‘g‘il-qiz berishni yoki kimni tug‘mas qilishni ham O‘zi biladi. Bu ishlarga Uning qudrati etadi. عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه: أن رسول الله صلى الله عليه وسلم كان إذا رفع رأسه من الركوع قال: "اللهم ربنا لك الحمد، ملء السموات والأرض، وملء ما شئت من شئ بعد، أهل الثناء والمجد، أحق ما قال العبد، وكلنا لك عبد، اللهم لا مانع لما أعطيت، ولا معطي لما منعت، ولا ينفع ذا الجد منك الجد Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ruku’dan boshlarini ko‘tarsalar: اللهُمَّ رَبَّنَا لَكَ الحَمْدُ مِلْءَ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ وَمِلْءَ مَا شِئْتَ مِنْ شَيْءٍ بَعْدُ أَهْلَ الثَّنَاء وَالْمَجْدِ أَحَقُّ مَا قَالَ العَبْدُ وَكُلُّنَا لَكَ عَبْدٌ، اللهُمَّ لاَ مَانِعَ لِمَا أَعْطَيْتَ وَلاَ مُعْطِيَ لِمَا مَنَعْتَ وَلاَ يَنْفَعُ ذَا الْجَدِّ مِنْكَ الْجَدُّ «Allohumma robbana lakal hamdu mil`as samavaati val arzi va mil`a ma shi`ta min shay`in ba’du, ahlas sanai val majdi. Ahaqqu maa qolal ’abdu va kulluna laka ’abdun. Allohumma laa mani’a limaa a’toyta va laa mu’tiya limaa mana’ta va laa yanfa’u zal jaddi minkal jadd», der edilar. 
(Ma’nosi: Ey Allohim, Senga eru osmon to‘laligicha va undan keyin nimani xohlasang, o‘shaning to‘laligicha hamd bo‘lsin. Ey Alloh Sen sano va ulug‘lik ahlidansan. Banda aytadigan narsaga haqliroqsan. Va barchamiz Senga bandamiz. Ey Rabbim, Sen bergan narsani man’ qiluvchi yo‘q. Sen man’ qilgan narsani beruvchi yo‘q. Huzuringda boylik egasiga boyligi foyda bermas.)
Imom Muslim rivoyatlari. Vallohu a’lam!

27 Iyul 2022, 16:26 | Savol-javoblar | 133 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar