Ayini a’la zikrika duosi

Assalomu alaykum! Allohumma ayini a’la zikrika va shukrika va husniy ibadatik duosi xaqida malumot bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! عَنْ مُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَخَذَ بِيَدِهِ وَقَالَ: يَا مُعَاذُ، إِنِّي وَاللهِ لَأُحِبُّكَ، أُوصِيكَ يَا مُعَاذُ، لَا تَدَعَنَّ فِي دُبُرِ كُلِّ صَلَاةٍ تَقُولُ اللَّهُمَّ أَعِنِّي عَلَى ذِكْرِكَ وَشُكْرِكَ وَحُسْنِ عِبَادَتِكَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishining qo‘llaridan ushlab:
«Ey Muoz, Allohga qasamki, albatta, men seni yaxshi ko‘rurman. Ey Muoz, men senga har bir namozdan keyin «Allohumma a’inni ala zikrika va shukrika va husni ibadatika» deyishni tark qilmasligingni tavsiya qilaman», dedilar».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu rivoyatdagi duoning ma’nosi:
«Allohim, menga zikringni, shukringni va husni ibodatingni qilishga O‘zing yordam bergin».
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning fazilatlari.
2. Birovni yaxshi ko‘rgan odam muhabbatini izhor qilib, aytishi mumkinligi.
3. Talab qilinmasa ham, ma’noni ta’kidlash uchun qasam ichish mumkinligi.
4. Ustoz o‘z shogirdiga so‘ramasa ham, zikrni o‘rgatib borishi kerakligi.
5. Ushbu zikrning fazli va uni namozdan ke¬yin aytib yurish zarurligi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 17:50 | Savol-javoblar | 196 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar