Erimni ikkinchi xotini borligini bilib qoldim

Assalomu alaykum! Ustozlar men ikkilanib qoldim shu sababli sizlarga murojaat qilmoqdaman. Erim bilan 11 yildan buyon yashaymiz 4 nafar farzandlarimiz xam bor. Alxamdulillax ikkalamiz xam besh vaqt namozdamiz. Men to erimning ikkinchi xotini borligini bilgunimcha juda baxtli yashar edim. Erim yashirincha bir ayolni ikkita bolasi bilan nikoxiga olib yashayatgan ekan 5 yildan buyon. U ayoldan yana 1 ta farzandi bor ekan. Erimning bu ishini xech xazm qila olmayapman. Ko‘rsam nafratim janjallashgim kelaverayapti. Talog‘ini bering uni bo‘lmasa meni va bolalarni umuman ko‘rmaysiz deb shart xam qo‘ydim. U ayolni uyiga borib janjal xam qildim. Foydasi bo‘lmadi. Erim ikkovingizni xam baxtli qilaman zino qilib yurmayapmanku deb xar safar baxona qilaveradi. Erimdan talog‘imni so‘rasam bermayapti. Savolim agar men bolalarimni olib ketib erimga umuman ko‘rsatmasam gunoxkor bo‘lmaymanmi? Boshqa tomondan erimni juda yaxshi ko‘raman. Boshqa erkakga turmushga chiqishni xayolimga xam keltirolmayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا تَسْأَلُ الْمَرْأَةُ طَلَاقَ أُخْتِهَا لِتَسْتَفْرِغَ صَحْفَتَهَا وَلْتَنْكِحْ، فَإِنَّمَا لَهَا مَا قُدِّرَ لَهَا. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ.Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Hech bir ayol o‘z singlisining tovog‘ini bo‘sh qoldirib, o‘zi nikohlanib olish uchun uning talog‘ini so‘ramasin. Albatta, unga ham taqdir qilingani bo‘lur», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ayol kishi kim bo‘lishidan qat’i nazar, bironta boy-badavlat, mansabli, obro‘li erkakni o‘ziniki qilib olish uchun avvalgi xotinini taloq qildirishga urinmasligi lozim. Rizqu ro‘z, oilaviy baxt masalalari taqdirga qarab bo‘ladi. Birovning oilasini buzishga uringandan ko‘ra, ularga baxt-saodat tilab, o‘ziga ham xuddi o‘shanday, balki undan ham yaxshiroq oila qurishni Allohdan iltijo qilish kerak. Zero, har qanday ezgulik uchun, xususan, oilaviy baxt uchun ham pok yo‘l bilan harakat qilish lozim.
Afsuski, ba’zi bir ayollar bu haqiqatni tushunib etmaydilar, to‘g‘rirog‘i, tushunib etishga urinmaydilar ham. Ular uchun tayyor oilaga oson yo‘l bilan kirib olish baxt-saodat manbai bo‘lib ko‘rinadi. Hadisi sharifga yaxshilab e’tibor beradigan bo‘lsak, «birovning xotinini taloq qildirib», deyilmasdan, «o‘z singlisini», deyilmoqda. O‘sha ayol kim bo‘lishidan qat’i nazar, mazkur yomon niyatli ayol uchun Islom bo‘yicha singil bo‘ladi. Bu singillik esa nasab yo‘li bo‘yicha singildan ko‘ra yaqinroq bo‘ladi. Chunki o‘rtada iymon va Islom hurmati bor. Har bir mo‘mina-muslima bu haqiqatni yaxshi anglab etmog‘i kerak. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

6 Avgust 2022, 14:22 | Savol-javoblar | 209 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar