Kumushda nasiya

Assalomu alaykum! 1385-savolning javobida tilla va kumushda nasiya yo‘q. Vakillikni ishga soling deb javob berilibdi. Vakillik qanday qilinadi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bir ishni bajarishni boshqaga topshirish yoki o‘sha ishni bajarish uchun o‘z o‘rniga o‘zgani tayinlashni vakil qilish deyiladi. Ishni topshirgan shaxs “Muakkil” ya’ni vakil qiluvchi, ish topshirilgan shaxs esa “Vakil” deyiladi.Vakil qilish ham iyjob va qabul bilan amalga oshiriladi. Vakil qilishda “Vakolat” yoki “Vakil qilmoq” lafzlarini ishlatmasdan “Men sizni o‘z tarafimdan falon ishni qilishga ijozat beraman” yoki shunga o‘xshash lafzlarni ishlatsa ham bo‘ladi.Vakolatning turlari.Vakil qiluvchi tomonidan vakilga o‘tadigan ixtiyorlar e’tiboridan vakolat quyidagi turlarga bo‘linadi.
1. Vakolati omma. Ya’ni vakil qiluvchi tomonidan biror shaxsga biror narsa borasida xar turli ishni qilishga ijozat berilgan bo‘ladi. Masalan; bir uy borasida vakilga to‘liq ixtiyor beriladi, hohlasa u vakil o‘sha uyni sotadi, hohlasa garovga qo‘yadi, hohlasa ijaraga beradi.
2. Vakolati xossa. Ya’ni vakil qiluvchi tomonidan vakilga faqat muayyan bir ish qilishga ijozat beriladi. Masalan; bir kishini faqat uyni sotib berishi uchun vakil qiladi. Bu suratda vakilga sotishdan boshqa biror ish qilishiga ijozat bo‘lmaydi.
3. Vakolati mutloq. Ya’ni bu suratda vakil qiluvchi vakilga hech qanday shartsiz biror ish qilishni ijozatini beradi va vakillik ixtiyori hosil bo‘lishi uchun oldindan biror shartni topilishi zarur bo‘lmaydi. Masalan; vakil qiluvchi vakilga “mening falon uyimni sotib ber” deydi. Bunda naqdga yoki nasiyaga yoki kimga sotishi borasida hech qanday cheklov bo‘lmaydi.
4. Vakolati muallaq. Ya’ni bu suratda vakil qiluvchi vakilga biror shart qo‘ygan bo‘ladi. Masalan; vakil qiluvchi vakilga “Agar bu shahardan ko‘chib ketsam uyimni sotib berasan” deyidi.
5. Vakolati muvaqqat. Ya’ni bu suratda vakil qiluvchi vakilga ma’lum bir vaqtgacha biror ish qilishni cheklovini yoki ijozatini beradi. Masalan; “Meni uyimni bir oy ichida sota olsang sot” -deyidi. Bu suratda bir oy ichida sota olmasa, vakilning vakolati bekor bo‘lib, uyni sotish ixtiyori ham qolmaydi.Vakil qilishning shartlari.Biror ishni bajarish uchun o‘zgani vakil qilgan shaxs o‘zi ham o‘sha ishni bajarishga qodir bo‘lishi shart. Shuning uchun ham foyda-zararni ajrata olmaydigan balog‘atga etmagan va majnun shaxs biror kishini vakil qila olmaydi. Ammo foyda-zararni ajrata oladigan balog‘atga etmagan shaxslar sovg‘alarni qabul qilish kabi faqat foyda bo‘ladigan ishlarga o‘zgani vakil qilishlari mumkin. Foyda va zarar bo‘lishi mumkin bo‘lgan savdo kabi ishlarda esa, o‘z yaqinini ruxsati bilangina o‘zgani vakil qilishi mumkin.
Oqil va foyda-zararni ajratadigan shaxslar vakil bo‘lishlari mumkin. Bunda balog‘atga etgan bo‘lishi shart emas. Agar foyda-zararni ajrata oladigan bola vakil qilinsa, barcha huquqlar vakil qiluvchining o‘ziga taalluqli bo‘ladi. Bular barcha muomala va holatlarda vakil bo‘lishlari mumkin.Vakolatning hukmlari.1. Vakil quyidagi muomalalarda bajarilayotgan ishlarni nisbatini vakil qiluvchiga berishi zarur. Ya’ni vakil muakkil tarafidan biror muomalani amalgan oshirayotganda ochiq oydin “Men bu muomalalarni o‘zim uchun emas, balki falonchi tomonidan amalga oshirayapman”-deyishi zarur. Agar o‘sha ishlarni nisbatini muakkilga bermay o‘zi tomonidan amalga oshirsa, barcha hukmlar o‘ziga tegishli bo‘lib, muakkilga birorta hukm sobit bo‘lmaydi.
Ular; nikoh, xulu’, hiyba, sadaqa, oriyatga berish, garovga qo‘yish, qarz berish, sheriklik ishlari, muzoraba, inkordan keyingi sulh, qasdan qotillik qilgan shaxs tomonidan sulh tuzish kabi ishlardir. Maslan vakil vakil qilgan shaxsni kimligini aytmasdan bir kishiga “qizingizni nikohlab bering”-desa va qizning valisi “nikohladim” desa nikoh vakilning o‘ziga bog‘lanib qoladi. Shuning uchun ham bunday ishlarda vakil qiluvchining nomini aytishi kerak.
2. Vakil quyidagi muomalalarda kim tarafdan ish bajarayotganini aytishi shart emas.Chunki, bunday muomalalarning barcha huquq va javobgarliklari vakilning o‘ziga bo‘ladi. Masalan; muakkil tomonidan biror narsani sotsa va xaridorga “Men falonchi tomonidan savdo qilayapman”- deb aytmasa, xaridordan pulni talab qilish va sotilgan narsani topshirish javobgarligi vakilning o‘ziga bo‘ladi.
Agar vakil o‘sha muomalalarni nisbatini muakkilga berib “Men bu ishlarni falonchi tomonidan bajarayapman”-desa barcha huquq va javobgarliklar muakkilga qaytadi va vakil o‘sha ishni bajarganidan keyin yana begona shaxsga aylanadi.
Ular; sotish, sotib olish, ijaraga berish va iqrordan so‘ng sulh tuzish kabi ishlardir.
3. Vakilning oldidagi mollar vakillik e’tiboridan omonat hisoblanadi. Masalan; bir kishi liboslarni sotishga vakil bo‘lsa, o‘sha liboslar unga omonat bo‘ladi. Omonatning hukmi shuki, vakilning ortiqcha harakatisiz va kamchiligisiz halok bo‘lsa, vakil uni to‘lab bermaydi. Agar vakil uni saqlashda kamchilikka yo‘l qo‘ygan bulsa tulab beradi.
4. Qarzni undirish uchun bir kishini vakil qilib jo‘natsa va vakil qarzni qo‘liga olsa, keyin o‘sha qarz muakkilga etib kelmay yo‘lda halok bo‘lsa mazkur qarzdor shaxs qarzdan qutilgan bo‘laveradi. Ammo qarzdor shaxsning o‘zi vakil vositasida qarzni jo‘natsayu haqdorga etib bormay yo‘lda halok bo‘lsa, qarzdan qutilgan hisoblanmaydi.
5. Muakkil bir narsani sotish yoki sotib olish uchun ikki kishini birga vakil qilsa, ikkovlari o‘zaro maslahat bilan ish tutishlari lozim. Vakillardan birortasi o‘zaro maslahatlashmasdan aytilgan narsani sotishi yoki sotib olishi durust emas. Savdodan boshqa muomalalarda ham hukm shunday. Ammo omonat va qarzni qaytarishda ikki kishini bir qilib vakil qilsa va ulardan bittasi shu ishni bajarsa durust bo‘laveradi.
6. Agar muakkil bir narsani sotish yoki sotib olish uchun avval bir kishini keyin yana boshqa kishini vakil qilsa, ikkovlaridan har biri o‘sha ishni o‘zi alohida bajarishi mumkin.
7. Vakil o‘ziga buyurilgan ishni bajarish uchun muakkilning ruxsatisiz o‘ziga yana boshqa kishini vakil qilishi mumkin emas. Ammo muakkil vakilga hohlaganini qilaverishga huquqn bersa joiz.
8. Agar vakil ishni bajarish uchun ish haqqi olishni shart qilsa va muakkil unga rozi bo‘lsa ishni bajargandan keyin kelishilgan haqga haqdor bo‘ladi va unga ijaraning hukmi joriy bo‘ladi. Agar ish haqqi olishni shart qilmasa va ish haqqi evaziga ishlash uning odati ham bo‘lmasa, o‘z roziligi bilan muakkilga yaxshilik qilgan bo‘ladi va ish haqqi olishni talab qilishi mumkin bo‘lmaydi.Sotib olish uchun vakil qilishning hukmlari.1. Biror narsani sotib olish uchun vakil ta’yin qilinsa, vakilga o‘sha narsaning jinsi, sifati, miqdori va boshqa kerakli narsalarini bayon qilinishi lozim, toki vakil olinayotgan narsani mazkur holatga qarab sotib oladi. Bu suratda vakil aytilgan narsani aksiga ko‘ra xarid qilsa, uning bu ishi muakkilga joriy bo‘lmaydi. Agar muakkil olinayotgan narsaning sifatini bayon qilmasdan faqat jinsini bayon qilib vakilga umumiy ixtiyorni bergan bo‘lsa, vakolati durust bo‘ladi va vakil xarid qilgan narsani qabul qilishi lozim bo‘ladi.
2. Muakkil vakilga biror narsa sotib olishni buyurib, olinayotgan narsani biror xos sifatini bayon qilmasa va o‘sha narsaning turlarini orasida katta farq bor bo‘lsa, bunday vakolat durust bo‘lmaydi. Masalan; muakkil vakilga qanday turdagi moshina yoki libos yoki uy olishini bayon qilmasdan “Menga bir moshina yoki libos yoki uy sotib oling” desa joiz emas.
3. Muakkil vakilga qanday ish buyursa, vakil shunga muvofiq bajarishi lozim. Agar vakil muakkil bayon qilgan sifatni xilofini sotib olsa va bu ishi muakkilning foydasiga bo‘lsa, masalan; bayon qilingan sifatdan yaxshirog‘ini yoki aytilgan qiymatdan arzonroq qiymatga sotib olsa, bu muakkilga xilof ish tutish hisoblanmaydi. Agar muxolafat muakkilning zarariga bo‘lsa, vakilning bu ishi muakkilga joriy bo‘lmaydi.
4. Sotib olish uchun vakil qilingan shaxs olinayotgan narsalarni naqd pulga xarid qilishi mumkin. Ammo boshqa narsa evaziga masalan, muakkilning liboslari evaziga biror narsa xarid qilishi mumkin emas.
5. Qachonki bir muayyan narsani sotib olish uchun bir kishini vakil qilinsa, masalan “Falon joydagi falon moshinani menga sotib oling” -desa vakil o‘sha narsani o‘ziga sotib olishi joiz bo‘lmaydi. Agar vakil o‘sha narsani o‘ziga sotib olsa ham muakkilniki bo‘ladi. Ammo vakil aytilgan qiymatdan qimmat narxga yoki aytgan narsasidan ko‘proq narsani sotib olsa vakilning o‘zi uchun bo‘ladi.
6. Sotib olish uchun vakil qilingan shaxs o‘z molini muakkilga sotishi mumkin emas. Agar vakil o‘z molini muakkilga sotadigan bo‘lsa, vakil bo‘lish o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Men o‘zimni falon molimni sizga sotaman”-deydi va muakkil uni qabul qilsa savdolari durust bo‘ladi.
7. Sotib olish uchun vakil qilingan shaxs muakkil olayotgan narsani pulini o‘zi to‘lab olsa, muakkildan to‘lagan pulini talab qilishi hamda undirib olmaguncha olingan narsani muakkilga bermay turishi mumkin. Agar vakil o‘z pulini undirish uchun olingan narsani muakkilga bermay o‘z huzurida tutib turganda halok bo‘lsa, javobgar bo‘lib to‘lab beradi.
8. Sotib olish uchun vakil qilingan shaxs muakkilning ijozatisiz olingan narsani sotishi mumkin emas.
9. Bir shaxs bir vaqtning o‘zida ikki tarafdan vakil bo‘lishi mumkin emas. Ya’ni bir vaqtda bir tarafdan sotishga va ikkinchi tarafdan olishga vakil bo‘la olmaydi. Masalan; Zayd o‘z moshinasini sotish uchun Umarni vakil qilsa va shu vaqtning o‘zida ikkinchi tarafdan Xolid ham o‘sha moshinani sotib olish uchun uni o‘ziga vakil qilsa, Umar ikkala tarafga vakil bo‘lib bir vaqtning o‘zida ham sotishi va ham sotib olishi durust bo‘lmaydi. Chunki, bir shaxs bir narsani ham sotuvchichi va ham sotib oluvchisi bo‘lishi mumkin emas.Sotish uchun vakil qilishning hukmlari. 1. Sotish uchun vakil qilingan shaxs muakkilning narsasini munosib narxga sotishi zarur. Agar muakkil sotilayotgan narsasining narxini ta’yin qilib bersayu vakil aytilgan narxdan past narxga sotsa, so‘ngra muakkil uni qabul qilmasa, vakil amalga oshirgan savdosini buzadi yoki o‘zi to‘lab beradi.
2. Sotish uchun vakil qilingan shaxs muakkilning narsasini o‘zi sotib olishi, hamda ularning haqqida uning guvohligi qabul qilinmaydigan ota-ona, farzand, er-xotin kabi kishilarga ham sotishi joiz emas. Agar ularga muakkil ta’yin qilgan narxdan ziyoda narxga sotgan bo‘lsa, savdosi to‘g‘ri bo‘laveradi.
3. Muakkil sotilayotgan narsani naqdga sotishni ta’yin qilsa, vakil uni nasiyaga sotishi mumkin emas. Agar naqdga sotishni ta’yin qilmagan bo‘lsa, vakil uni naqdga sotishi yoki tijoratchilar odatda qancha muddatga nasiyaga sotsalar o‘shancha muddatga nasiyaga sotishi ham mumkin. Undan ortiq muddatga nasiyaga sotishi joiz emas. Vakil narsani sotgandan keyin pulni undirib kelmagan bo‘lsa “o‘zing to‘laysan” deb majbur qilinmaydi. Ammo vakil sotgan narsasini pulini undirish uchun xaridordan javobgarlik va biror narsani garovga qo‘yishini talab qilish huquqiga ega.
4. Xaridordan pulni undirib olish vakilning haqqi bo‘lsa ham muakkilning o‘zi ham undirib olish huquqiga ega.
5. Vakil dallollar kabi biror xizmat haqqi evaziga vakillik qilsa, xaridordan pulni undirib muakkilga topshirishga majbur qilinadi. Agar hech qanday haq olmasdan vakillik qilsa, xaridordan pulni undirib muakkilga topshirishga majbur qilinmaydi. Balki vakil muakkilga “pulni o‘zingiz undirib oling” deyishi mumkin. Chunki, savdoning huquqlari va javobgarligi vakilga bo‘ladi va bu suratdagi holatni fiqhiy istilohda “vakil pulni undirish uchun o‘z muakkilini vakil qildi” deyiladi.
6. Muakkil vakilga biror bir ko‘rsatma bermasa, vakil muomaladagi puldan boshqa narsalar evaziga ham sotishi mumkin bo‘lmaydi.Vakolatni bekor qilish yoki vakilni bo‘shatish hukmlari.1. Vakilning vakolatidagi ixtiyorlarni bekor qilishni “Vakilni vakillikdan bo‘shatish” deyiladi. Muakkil vakilni hohlagan vaqtda bo‘shatishi mumkin. Ammo vakil bo‘shatilganini o‘zi bilmasa, bo‘shatilgan hisoblanmaydi.
2. Muakkilning vafoti yoki majnun bo‘lib qolish yoki kofirlar yurtiga murtad bo‘lib chiqib ketishi bilan vakolat bekor bo‘ladi. Shuningdek vakilning vafot etishi yoki majnun bo‘lib qolishi bilan ham vakolat bekor bo‘ladi.
3. Agar vakilga muakkil sababli boshqa birovning haqqi taalluqli bo‘lsa muakkil vakilni bo‘shata olmaydi. Masalan; vakil muakkilning qarzi sababli biror narsani garovga qo‘ygan bo‘lsa, muakkil o‘sha haqdorning roziligisiz mazkur vakilini bo‘shata olmaydi. Ushbu suratda muakkil vafot qilsa ham vakolat bekor bo‘lmaydi.
4. Vakil o‘zini o‘zi vakillikdan bo‘shatishi mumkin. Ammo boshqa birovning haqqi unga taalluqli bo‘lsa, o‘zini o‘zi bo‘shata olmaydi. Shuningdek vakillikdan bo‘shagani haqida muakkilga xabar bermasa ham vakillikdan bo‘shagan hisoblanmaydi.
5. Vakil o‘ziga topshirilgan ishni bajarishi bilan vakolati o‘z-o‘zidan nihoyasiga etadi.
6. Vakolat merosxo‘rlarga o‘tmaydi va vakilning vafotidan so‘ng merosxo‘rlari uning o‘rniga vakil bo‘lib ishni davom ettira olmaydi. Vallohu a’lam!

4 Oktabr 2022, 15:58 | Savol-javoblar | 111 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar