Ayollar uchun mo‘minlik sifati

Assalomu alaykum! Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Sizlardan birortangiz men unga farzandi, otasi va barcha insonlardan mahbubroq bo‘lmagunimcha (komil) mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar. Bu hadis faqat erkaklar uchun tegishlimi ya’ni ayollar uchun payg‘ambarimiz nomahram hisoblanadiku.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz hadisi sharifdagi mahbublik ma’nosini noto‘g‘ri tushunibsiz. Muhabbat 3 navda bo‘ladi: 1). Hurmat ko‘rsatish, izzat-ikrom qilish, huddi otaga muhabbat qo‘yish kabi.
2). Rahm-shafqat ko‘rsatish, huddi farzandga muhabbat qilish kabi.
3). Shakl-shamoilga qarab muhabbat qo‘yish.
Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatimiz esa bularning barchasidan ulug‘dir. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُأَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَفَوَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَالِدِهِ وَوَلَدِهِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, hech biringiz unga otasiyu bolasidan sevimli bo‘lmagunimcha mo‘min bo‘la olmas», dedilar». عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَحَدَّثَنَا آدَمُ قَالَحَدَّثَنَا شُعْبَةُ، عَنْ قَتَادَةَ، عَنْ أَنَسٍ قَالَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَلَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَالِدِهِ وَوَلَدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَAnas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hech biringiz unga otasiyu bolasidan va barcha odamlardan sevimli bo‘lmagunimcha mo‘min bo‘la olmas», dedilar». 
Izoh: Bu hadislardagi «mo‘min»dan murod komil mo‘min ekani haqida Ahli Sunna va jamoa ulamolari ittifoq qilishgan. Bu haqda «Umdatul Qoriy»da shunday deyiladi: «Bu jumboqqa javob quyidagicha bo‘ladi: «Shori’ (Alloh) kalomida kelgan «iymon» lafzi «iymonning asli» ma’nosida keladi. Bunda quyidagi: «Iymon – Allohga, farishtalariga, Unga yo‘liqishga va elchilariga iymon keltirishing, qayta tirilishga iymon keltirishingdir. Islom esa Allohga ibodat qilishing, Unga shirk keltirmasliging, namozni to‘kis ado etishing, farz zakotni berishing va Ramazon ro‘zasini tutishingdir» hadisi misol bo‘la oladi va iymonda amal birga bo‘lishi e’tiborga olinmaydi». Demak, hadisda zikr qilingan sifatlarga ega bo‘lmagan kishi komil iymon egasi emas. Lekin iymonning yuqoridagi turiga – iymonning asliga ko‘ra, bunday inson mo‘min hisoblanadi. (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Hazrati Umar roziyallohu anhu ushbu hadisi sharifni eshitganlari zamoni unga amal qilishlarini bildirmoqchi bo‘lib:
«Ey Allohning Rasuli, siz men uchun o‘zimdan boshqa hammadan ko‘ra mahbubroqsiz», deganlar.
Shunda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:
«Unday bo‘lsa, bo‘lmabdi. O‘zingdan ko‘ra ham bo‘lishi kerak», deganlar. Hazrati Umar darhol: «O‘zimdan ko‘ra ham!», deganlarida u zot alayhissalom: «Ana endi bo‘ldi, ey Umar», deganlar. Ya’ni, ana endi iymoning komil bo‘ldi, deganlar. Vallohu a’lam!

4 Oktabr 2022, 16:08 | Savol-javoblar | 120 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar