Ota-ona qarg‘ishi

Assalomu alaykum! Alloh taolo shirkdan boshqa xamma narsani tavba qilsa kechiradi deb eshitganman. Ota ona o‘z o‘g‘lini qarg‘ish qisa yani oq qilsa, ota onasi o‘g‘li kechirim so‘rasa xam o‘lganicha kechirmay o‘tib ketsa, Allohga chin ko‘ngildan tavba qilinsa, shunda xam kechirilmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo karim zot. Nasuh tavba qilgan bandasining har qanday gunohini kechiradi. Bandaning qalbida gunohdan chin pushaymonlik va sidq paydo bo‘lsa bas. Alloh taolo "Zumar" surasida marhamat qiladi:قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِن رَّحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ۝53. (Mening nomimdan) ayt: «Ey o‘z jonlariga javr qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir».
Imom Buxoriy Sa’iyd ibn Jubayr roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda aytilishicha, ko‘plab gunohlar qilgan bir guruh mushriklar Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Albatta, sen da’vat qilayotgan narsa juda ham go‘zal. Qani ayt-chi, biz qilgan narsalarni yuvadigan narsa ham bormi?» deb so‘rashganida Alloh taolo ushbu oyati karimani nozil qilgan ekan.
Tafsirchi ulamolarimizning ta’kidlashlaricha, bu oyati karima Qur’ondagi umidvorlik baxsh etuvchi eng kuchli oyat hisoblanadi. Bu oyatda bandalar uchun eng ulug‘ bashorat bor.
Avvalo, Alloh taolo:
«Ey o‘z jonlariga isrof (javr) qilgan bandalarim», deb bandalariga O‘z nisbatini bermoqda.
Aslida «isrof» deb mol-dunyoni ortiqcha sarflashga aytiladi. Biroq, bu so‘z ma’naviy jihatdan haddan oshishga nisbatan ham ishlatiladi. Binobarin, gunoh qilgan odam isrofchi bo‘ladi, chunki u Alloh belgilab qo‘ygan haddan (chegaradan) chiqqan hisoblanadi. Gunoh tufayli haddidan oshgan odam o‘ziga zarar, jabr qiladi. Alloh taolo ushbu oyatda bandalarning gunoh sababli isrofga yo‘l qo‘yib, o‘zlariga jabr etishini aytmoqda.
«Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang
Uning rahmati juda kengdir. «Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar».
Alloh taolo «Niso» surasida shirkdan boshqa barcha gunohlarni mag‘firat etishini ta’kidlagan. Chunki,
«Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir».
Tavba qilgan bandalarning gunohlarini kechiradi.
Avval aytib o‘tilganidek, mufassirlarimiz bu oyati karimani Allohning Kitobidagi eng umidli oyat deb ta’kidlaydilar va ayni paytda bu umidning gunohga tashviq etuvchi umid emasligini ham qattiq uqtiradilar. Ya’ni Alloh barcha gunohlarni kechiradi, degan umid bilan bila turib gunohlarda davom etishning farqi bor. Bu oyatda Allohning qonun-qoidalarini bilmay, avval gunoh qilib yurganlar ham mag‘firatdan umid uzmasliklari kerakligi aytilyapti. Bu haqiqatni oyatning nozil bo‘lish sababidan ham bildik. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Oktabr 2022, 12:54 | Savol-javoblar | 278 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar