G‘ayridin qizga uylanish

Assalomu alaykum! Bir tanishim koreyaga borib bir qizga uylanibdi. Agar u boshqa dinda bo‘lsa mani tanishim murtat bo‘lib qoladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Qiz ahli kitoblardan bo‘lsa, ya’ni yahudiy yoki nasroniy dinida bo‘lsa unga nikohlanish halol. Agar ahli kitoblardan bo‘lmasa nikohi joiz emas, o‘qilgan nikohi bog‘lanmaydi. Ammo bu bilan erkak murtad bo‘lib qolmaydi. Alloh taolo «Moida» surasida aytadi:الْيَوْمَ أُحِلَّ لَكُمُ الطَّيِّبَاتُ وَطَعَامُ الَّذِينَ أُوتُواْ الْكِتَابَ حِلٌّ لَّكُمْ وَطَعَامُكُمْ حِلُّ لَّهُمْ وَالْمُحْصَنَاتُ مِنَ الْمُؤْمِنَاتِ وَالْمُحْصَنَاتُ مِنَ الَّذِينَ أُوتُواْ الْكِتَابَ مِن قَبْلِكُمْ إِذَا آتَيْتُمُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ مُحْصِنِينَ غَيْرَ مُسَافِحِينَ وَلاَ مُتَّخِذِي أَخْدَانٍ وَمَن يَكْفُرْ بِالإِيمَانِ فَقَدْ حَبِطَ عَمَلُهُ وَهُوَ فِي الآخِرَةِ مِنَ الْخَاسِرِينَ۝5. «Bugungi kunda sizlarga pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir. Afiyfa mo‘minalar va sizdan oldin kitob berilganlardan bo‘lgan afiyfalar ham, agar iffatli bo‘lgan holingizda, zinokor bo‘lmay va o‘ynash tutmay mahrlarini bersangiz, sizga haloldir. Kim iymonni inkor qilsa, uning amali behuda ketadi va oxiratda u ziyon ko‘ruvchilardan bo‘ladir».
Bu oyati karimaning avvalida: «Bugungi kunda sizlarga pok narsalar halol qilindi», deb yuqorida zikr qilib o‘tilgan olimaqom ma’no yana bir bor ta’kidlanmoqda. Keyin esa, halol-harom masalasida g‘ayridin millatlar bilan ham o‘ziga xos muomalalar, kengchiliklar borligi eslatilib, bu haqda ba’zi hukmlar bayon qilinmoqda:«Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir». Islom musulmonlarga nomusulmonlar bilan birga tinch-omon yashashga ruxsat bergan. Lekin shuning o‘zi etarli emas. Modomiki musulmonlar jamiyatda boshqa din vakillari bilan birgalikda yashar ekanlar, tabiiyki, o‘rtada turli shaklda yaqin aloqalar bo‘lishi, o‘zaro bordi-keldi qilishlari mumkin. Shundan kelib chiqib, musulmonlarga ahli kitoblarning so‘ygan so‘yishlari halol qilingan. Bu oyatda «taom» so‘zi qo‘llangan, ammo undan ahli kitoblarning barcha taomlari, jumladan, cho‘chqa yoki boshqa harom hayvonlarning go‘shti, aroqqa o‘xshash ichimliklari ham halol ekan-da, deb tushunilmasligi kerak. Bu narsalarning haromligi o‘z-o‘zidan hammaga ma’lum. Asli o‘zi halol bo‘lgan boshqa narsalar haqida ham avval aytib o‘tildi. Demak, bu erda gap go‘shti asli halol bo‘lgan hayvonlar ahli kitoblarning dinlari asosida so‘yilgan bo‘lsa, halol bo‘lishligi haqida ketmoqda. Ba’zi kishilar: «Sizning taomingiz ular uchun haloldir», deyishlik nima uchun kerak bo‘ldi ekan? Ular Qur’on hukmiga amal qilishmaydi-ku? Halol-haromning farqiga ham borishmaydi-ku, deyishlari mumkin. Ulamolarimiz bunga javoban: «Mazkur xitob mo‘minlarga qaratilgan, sizlar ham ularga o‘z taomingizdan bersangiz bo‘laveradi, deganidir», deydilar.Boshqa din vakillariga nisbatan Islomdagi bag‘rikenglik ushbu hukm bilan chegaralinib qolmaydi. Balki yana ham chuqurroq, yana ham nozikroq masalada–nikoh masalasida ham ko‘riladi:«Afiyfa mo‘minalar va sizdan oldin kitob berilganlardan bo‘lgan afiyfalar ham, agar iffatli bo‘lgan holingizda, zinokor bo‘lmay va o‘ynash tutmay mahrlarini bersangiz, sizga haloldir».Musulmon er kishiga muslima, afiyfaga (pokiza ayolga) iffatli bo‘lib, zinokor bo‘lmay va o‘ynash tutmay, mahrini berib uylanishi shart bo‘lganidek, ahli kitobdan bo‘lgan afiyfaga–pokiza ayollarga uylanishida ham mazkur narsalar shart qilindi.Avval aytib o‘tganimizdek, bir jamiyatda yashayotgan ikki dindagi shaxs o‘rtasida uylanish masalasi ham ko‘tarilishi mumkin. Shuning e’tiboridan Islomda musulmon erkakning ahli kitob ayolga uylanishiga ruxsat berilgan. Bunday nikohda xotin o‘z istagiga binoan dinini ushlab qolishi mumkin. U o‘z dini ko‘rsatmalariga amal qilaveradi. Islom dini uning hamma haq-huquqlarini himoya qiladi. Bunday bag‘rikenglik jamiki insoniyatning baxtiga kafolat beruvchi mukammal din bo‘lmish Islomga xos, xolos. Bu hukmning naqadar insonparvar ekanligini anglab etish uchun boshqa dinlarga bir nazar solishning o‘zi kifoya.Masalan, nasorolarning dinida katolik mazhabidagi erkak hatto pravoslav mazhabidagi ayolga uylana olmaydi. Shuningdek, protestant yoki moruniy mazhabidagi ayolga ham uylanolmaydiiUshbu o‘ta ahamiyatli hukmlarning so‘nggida shiddatli tahdid kelyapti:«Kim iymonni inkor qilsa, uning amali behuda ketadi va oxiratda u ziyon ko‘ruvchilardan bo‘ladir».Mazkur hukmlarga og‘ishmay amal qilish iymondandir, boshqacha qilib aytganda, iymon belgisidir. Kimki ushbu hukmlardan yuz o‘girsa, iymonni inkor qilgan, undan yuz o‘girgan bo‘ladi. Iymondan yuz o‘girgan, iymonni inkor qilgan odamning esa, avval qilgan hamma amallari behuda ketadi. Bu ma’no Qur’on matnida «habata» so‘zi bilan ifodalangan. Biror hayvon zaharli o‘simlik eb, qorni shishib o‘lsa, habata ketdi, deyiladi. Botil amal ham zaharli o‘simlikka o‘xshaydi, uni qilgan kimsaga ofat keltiradi. Eng yomoni–oxiratda u ziyonkorlardan bo‘ladi.Alloh taolo musulmonlarga g‘ayridin ayollardan faqat masiyhiy va yahudiy diniga e’tiqod qiladiganlariga uylanishga ruxsat bergan, xolos.Alloh taolo: «Bugungi kunda sizlarga pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir. Mo‘minalarning afiyfalari va sizdan oldin kitob berilganlardan bo‘lgan afiyfalar ham», degan.Shu hukmga binoan ba’zi sahobai kiromlar ham ahli kitob–masihiya va yahudiya ayollarga uylanganlar. Hazrati Usmon roziyallohu anhu Noila binti al-Firoza al-Kalbiya ismli masiyhiya ayolga uylanganlar. U ayol keyin, hazrati Usmon bilan yashab turib musulmon bo‘lgan. Huzayfa roziyallohu anhu ham Madoin shahrilik yahudiya ayolga uylanganlar. Vallohu a’lam!

21 Sentabr 2023, 10:27 | Savol-javoblar | 0 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar