Yomon gumon gunoh bo‘ladimi?

Assalomu alaykum! Alloh ilmingizga baraka bersin!Bir insonni yomon ko‘rib boshqaga aytib emas, uni ichida so‘kib yoki nafratlanib yursa gunoh bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Albatta gunoh bo‘ladi. Mo‘minning qalbida boshqa bir mo‘minning shaxsiyatiga nisbatan bunday narsalarning bo‘lishigi gunohdir.YoMON GUMON VA HIQDU HASADBu narsalar ham yomonlikning turlari, yomon axloqning ko‘rinishilari qatoriga kiradi. Biz yomon gumon deb tarjima qilgan ma’no diniy adabiyotimizda badgumonlik deb ham atalab kelgan. Badgumonlik kishilar haqida bo‘lar-bo‘lmasga yomon shubhalar qilish, ularga nisbatan tuxmat va hadik yuritishdir. odatda bunday gumonlarning ko‘pi asossiz, bexuda bo‘ladi. Hasad so‘zi lug‘atda archish va silish ma’nosini bildiradi. Chunki hasad qalbni archadi va shiladi. Ulamolar hasad - birovga etgan ne’matga rashk bilan qarash va o‘sha ne’matning o‘z sohibdan ketib, hasadchiga etib kelishini qattiq xohlash, deydilar.
Alloh taolo: «Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar», degan.
Hujurot surasidan bo‘lgan bu oyatda Alloh taolo O‘zining mo‘min bandalariga: «Ey iymon keltirganlar!» deb murjaat qilmoqda va ular uchun juda muhim bo‘lgan masalalarni bayon qilmoqda.
Ushbu oyatda Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalarini bir necha yomon sifatlaridan, axloqiy kasalliklardan, har qanday halokatga eltuvchi dardlardan qaytarmoqda.
Ulardan birinchisi:
«Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir».
Gunohga olib boruvchi illatlardan biri-badgumonlikdir. Badgumonlik kishilar haqida bo‘lar-bo‘lmasga yomon shubhalar qilish, ularga nisbatan tuhmat va hadik ma’nosida fikr yuritishdir. Odatda, bunday gumonlarning ko‘pi asossiz, behuda bo‘ladi. Shu boisdan ham: «...ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar», deyilyapti.
O‘tgan ulamolardan az-Zajjoj rahmatullohi alayhi: «Badgumonlik-yaxshi kishilar haqida yomon gumon qilishlikdir. Ammo ahli fisq bo‘lsa, undan nima fosiqlik zohir bo‘lgan esa, shuni gumon qilishga haqqimiz bor», deganlar.
O‘ylab ko‘rilsa, o‘zaro nizolar va kelishmovchiliklar ko‘proq bir-biridan yomon gumonda bo‘lishdan ham kelib chiqadi. Yomon gumondan chetda bo‘lish uchun doimo kishilar haqida yaxshi gumonda bo‘lish, ular haqida etgan xabarlarni yaxshilikka yo‘yish kerak.
Bu haqida hazrati Umar roziyallohu anhu: «Agar yaxshilikka burishning birorta yo‘li bo‘lsa ham, mo‘min birodaringdan chiqqan so‘z haqida faqat yaxshi gumon qil», degan ekanlar.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Zinhor va zinhor badgumon bo‘lmanglar, chunki, badgumonlik so‘zning eng yolg‘onidir», deganlar.
Boshqa bir hadisda esa: «Gar odamlarning aybini axtaradigan bo‘lsang, ularni buzasan», degan ekanlar.
Xususan, ish boshida turgan rahbarlar bu narsada ehtiyot bo‘lishlari lozimligi Imom Abu Dovud Abu Umomadan rivoyat qilgan hadisda yaqqol ko‘rinadi. Bu hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Agar amir odamlardan ayb axtaraversa, ularni buzadi», deganlar.
Ma’lumki, kimning o‘yiga badgumonlik o‘rnashsa, u odam o‘sha gumonini tasdiqlash uchun hujjat va dalil qidira boshlaydi. Natijada gumon ostidagi odamning o‘ziga bildirmasdan, aybini axtarishga tushadi. Buni esa josuslik derlar Shuning uchun ham, biz o‘rganayotgan oyati karimada gumondan chetlanishga amr qilingandan so‘ng
«Josuslik qilmanglar», deb bu qabih ishdan qaytarilmoqda.
Odatda, josuslik deb birovga yomonlik etkazish niyatida ayblarini va zaif joylarini o‘ziga bildirmay yashirincha axtarishga aytiladi. Bu ish ham katta gunohlardandir. Chin musulmon kishining qalbi bu kabi jirkanch odatlardan pok bo‘lmog‘i zarur. Boz ustiga, bu ish Islom dinining asosiy g‘oyalaridan biri bo‘lmish insonning karomatini, hurmat, izzati va obro‘yini himoya qilish masalasiga chambarchas bog‘liqdir.
Islom mazkur huquqlarning muqaddasligini e’tirof etadi, ularning hech bir holda paymol bo‘lmasligining chorasini ko‘radi. Islom jamiyatida insonlarning jonlari, molu mulklari, uy-joylari omonlikda, sir-asrorlari-yu yashirin narsalari bexatar bo‘lishi zarur. Xatto jinoyatning oldini olish bahonasi bilan ham odamlarning ortidan josuslik qilishga ijozat yo‘q. Ochiq-oydin ko‘rinib turgan ishga qarab hukm chiqariladi. Gumon qilishga, shubhalanishga va poylashga hech kimning haqqi yo‘q.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Badgumonlikdan saqlanig. Albatta, badgumonlik eng yomon yolg‘onchilikdir. Poylash va josuslik bilan shug‘ullanmang. Kim o‘zarga urinib o‘zaro hasad qilishmang. Bir biringizni yomon ko‘rmang va bir biringizga qarshi tadbir qilmang. Allohning bandalari, birodar bo‘linglar», dedilar». 
To‘rtovlari rivoyat qilgan.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: 
«Hasaddan saqlaniglar! Shubhasiz, hasad xuddi olov o‘tinni yoki xashakni egandek hasanotlarni eydi.
Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilgan.
Zubayr ibn Avom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga sizdan oldingi ummatlarniing dardi; hasad va yomon ko‘rishlik o‘rmalab kirdi. U qiruvchidir. Sochni qiruvchi demayman. Lekin u dinni qiradi. Jonim qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, mo‘min bo‘lmagunlaringcha jannatga kirmaysizlar. Bir biringizga muhabbat qo‘ymaguningizcha mo‘min bo‘lmaysizlar. Sizlarga o‘sha narsangizni sobit qiladigan narsani aytaymi? Orangizda salomni tarqating», dedilar».
Sharh: Ushbu hadisi shariflarda asosan hasad haqida so‘z ketmoqda. Ma’lumki, eng katta ma’naviy jinoyatlardan hisoblangan hasad ko‘plab zarar keltiruvchi ijtimoiy darddir. Ha, hasad aynan yomon darddir. Bu dard ham hasadchining o‘zinini, ham boshqalarni kuydirib, kul qiladi.
Keling, avval «hasad nima?» degan savolga javob beraylik.
Ulamolar, hasad-birovga etgan ne’matga rashk bilan qarash va o‘sha ne’matning o‘z sohibidan ketib, hasadchiga etib kelishini qattiq xohlashdir, deydilar. Hayotning eng mayda ikir-chikirlaridan tortib eng baland cho‘qqilarigacha har narsada hasad bordir.
Agar inson boshqa bir kishiga etgan ne’matdan sevinib, o‘sha ne’matni o‘z egasida barqaror bo‘lishini xohlagani holda, o‘ziga ham berilishini tilasa, havas qilgan bo‘ladi.
Hasad katta gunohdir. Havas esa, gunoh sanalmaydi. Chunki, hasadchi birovga yomonlikni ravo ko‘radi, havaschi esa, birovga etgan yaxshilikdan xursand bo‘ladi va o‘ziga shu kabi ne’matning be-rilishini orzu qiladi.
Islomda boshqa ma’naviy jinoyatlar qatori hasad ham qattiq qoralanadi va katta gunoh hisoblanadi. Qur’oni Karimning oyatlarini diqqat bilan o‘qigan odam, Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning so‘zlarini, u kishining mo‘’jizalarini, u kishiga Qur’on tushayotganini ko‘rib-bilib turib ham iymonga kirmagan-lar uchun asosiy to‘siq hasad bo‘lganini yaxshi bilib oladi. Yahudiylar: nima uchun bizdan emas, arablardan payg‘ambar chiqadi, deya hasad qilib Islomga kirmadilar. Boshqa arab qabilalari ham avval boshda shunga o‘xshash harakat qilib, Qurayshga hasad qildilar. Qurayshning ko‘pchilik zodaganlari esa, nima uchun bir kambag‘al-etim payg‘ambar bo‘lar ekan-u, biz aslzodalar, qavmning rahbarlari esa unga ergashishimz kerak ekan, degan hasad bilan musulmon bo‘lmadilar. Ko‘rib turib-mizki, hasad-katta halokatlarga olib boradigan dard ekan. Hatto eng katta badbaxtlik hisoblangan kofirlikka, ham sabab bo‘lar ekan. Demak, qalbida hasadi bor kishining Islomga kirishi ham amri mahol ekan.
Xuddi shu ma’noni, Ibn Hibbon Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifdan tushunib olamiz. Bu hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam:
«Mo‘min bandaning ichida Allohning yo‘lidagi (amalda yutilgan) chang va jahannamning olovi jam’ bo‘lmaydi. Bir bandaning ichida iymon bilan hasad jam’ bo‘lmaydi», deganlar.
Ushbu hadisi sharifda ikki turli narsa bir bandaning qalbida jam’ bo‘lmasligi xabari berilmoqda.
Birinchisi: Allohning yo‘lida ish qilib, shu asnoda chang yutgan odamning ichiga jahannamning olovi kirmasligi, ya’ni, o‘sha odam jahannamdan ozod bo‘lib jannat ahlidan bo‘lishligidir.
Ikkinchisi esa, bir bandaning ichida iymon bilan hasadning jam’ bo‘lmasligi.
Demak, iymon bilan hasad xuddi olov bilan suvdek bir-biriga tamoman zid narsalar ekan. Biri bor joyda ikkinchisi bo‘lmas ekan. Boshimizga etgan va etayotgan balo-ofatlar bekorga emasligini shundan tushunib olsak ham bo‘ladi.
Imom Abu Dovud Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: «Hasaddan saqlaning! Chunki hasad yaxshiliklarni xuddi olov o‘tinni egandek, eb yuboradi», deganlar.
Ushbu hadisdan hasadchi insonning qilgan savob ishlari bo‘lsa, bekorga chiqishi hamda umuman hasad bor joyda yaxshilik qolmasligini tushunib olamiz. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam hasadni xuddi zararli olovga o‘xshatmoqdalar. Yong‘in chiqqan erda olov hamma narsani eb bitirganidek, hasad ham avvalo hasadchining ichini kuydiradi. Keyin asta alanga olib, yo‘lida nima yaxshilik bo‘lsa, hammasini kuydirib bitiradi. Shuning uchun ham hasadchi shaxsga e’tibor bilan nazar solsangiz, unda hech bir yaxshilik alomatlarini topolmaysiz. Hasad tarqalgan jamiyatda ham xuddi shu manzaraning o‘zini ko‘rasiz. Hasadchilar jamiyatida yaxshilikdan asar ham qolmaydi.
Imom Tabaroniy Zomrata ibn Sa’labata roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: «Modomiki hasad qilishmasa, odamlar yaxshilikda bardavom bo‘ladilar», deydilar.
Demak, hasad qilishsa, oralaridan yaxshilik ko‘tarilar ekan. Odamlari orasidan yaxshilik ko‘tarilganda jamiyatning halo-katga duchor bo‘lishi shubhasizdir!
Hasadning insonlar va jamiyat uchun naqadar dahshatli xatar ekanligini muhaddislarimiz Abdulloh ibn Ka’bdan (u kishi o‘z otalaridan rivoyat qilganlar) rivoyat qilgan hadisdan bilib oli-shimiz mumkin. Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam: «Molga hirs qo‘yish va musulmon kishining diniga hasad qilish qo‘radagi qo‘ylar tomon qo‘yib yuborilgan ikki och bo‘ridan ham yomonroqdir», deganlar.
Ushbu hadisi sharifda, molga hirs qo‘yish va hasadning qanchalik xavfli ekanligini siz bilan bizning tasavvurimizga yanada yaxshiroq singdirish uchun, mazkur o‘xshatish ishlatilmoqda. Bu ikki xavfli jinoyat qo‘y qo‘rasiga qo‘yib yuborilgan ikki och bo‘riga qiyoslanmoqda. Odatda, och bo‘ri qattiq qo‘riqlab turilgan qo‘ylarni ham o‘ldirib, eb ketadi. Ammo ikki och bo‘rini qo‘raga qamalgan qo‘ylar ichiga qo‘yib yuborilsa-chi? Qo‘y bechoralarning holi nima bo‘lishi ayon: och bo‘rilar ularning hammasini birma-bir halok qiladi. Molga hirs qo‘yish va hasad, jamiyat ichiga qo‘yib yuborilgan ikki och bo‘ri kabi, jamiyatni halokat sari boshlaydi.
Molga hirs qo‘yish oqibatida, odamlar Xudoga bandalikdan chiqib, molu-dunyoning bandasiga aylanadi. Molu-dunyo nimani amr qilsa, shuni bajaradigan bo‘lib qolishadi. Mol-dunyo esa, o‘ziga hirs qo‘ygan odamni hech narsadan qaytmaslikka amr etadi. Oqibatda unga banda bo‘lgan shaxs barcha gunohlar va yomonliklar-dan tap tortmaydigan bo‘lib qoladi.
Musulmon kishining diniga hasad qilish asli yomon narsa bo‘lgan hasadning eng yomon turlaridan biridir. Musulmon kishining diniga hasad qilishning tarixi payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga hasad qilish bilan bog‘liqdir.Bunday hasadchilarning bobolari va ustozlari payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga hasad qilgan kofir va mushriklar edilar. Insonning dindorligi uning Allohga va Allohning unga bo‘lgan muhabbatining alomatidir.Alloh bir bandasiga muhabbat qilsa, er yuzidagi bandalarning qalbiga ham o‘sha shaxsga bo‘lgan muhabbatni solib qo‘yadi. Dindor shaxsni hamma yaxshi ko‘rib, hurmat qiladi. Agar bu dindor shaxs ilmli bo‘lib, insonlarga diniy hukmlarni tu-shuntirib, da’vat qilib tursa, musulmonlar uni yanada ko‘proq hurmat qilishadi. Uning atrofida to‘planishadi. Shunday qilib, bu ulamoning xalq ichidagi obro‘yi kun sayin ortib boradi. Bu hol izzattalab, hurmattalab hasadchilarga yoqmaydi. Ularning bu hasadi mazkur muhtaram ulamoni diniy nuqsonlarda ayblashga, unga tuhmat qilishga sabab bo‘ladi. Bunday hasadchilarning katta ustozlari ham musulmonlarning payg‘ambari Muhammad sallollohu alayhi vasallamni yolg‘onchi, sehrgar, folbin, jinni, deb ayblaganlar. U payg‘ambarlik da’vosi bilan bizdan rahbarlikni tortib olmoqchi, deb tuhmat qilganlar. Bugungi kunda ham ulamolarga hasad qiluvchilar shunga o‘xshash aybnoma va tuhmatlarni o‘z zamonasi uslubi bilan takrorlamoqdalar. Natijada, bandaning diniga hasad qilish, dunyodagi eng muqaddas tuyg‘u bo‘lgan dinga zarar etkazishga olib keladi. Bu esa, eng katta gunohdir. Ayni choqda, inson jamiyatiga tasavvur qilib bo‘lmaydigan zarar etadi. Shu sababdan ham Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam musulmon kishining diniga hasad qiluvchilarni qo‘radagi qo‘ylarga qo‘yib yuborilgan och bo‘rilarga o‘xshatganlar. Shuning uchun ham avvalgi zikr qilingan hadislardan birida «hasad bilan iymon bir kishida jam’ bo‘lmasligini» bayon qilganlar.
Shuning uchun ham Imomi Tabaroniy Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam jumladan: «Hasad egasi mendan emas», deganlar.
Ya’nikim, hasadchi mening ummatim emas, deganlaridir. O‘zini bilgan odam uchun bunday holga tushishdan ham ortiqroq badbaxtlik yo‘qdir.
Har bir inson boshqa ma’naviy jinoyatlardan qutula borish barobarida, hasad kabi katta ma’naviy jinoyatdan ham qutulishi shart. O‘shandagina elu yurtimizda biror yaxshilikdan umid qilsak bo‘ladi. Har birimiz hasaddan forig‘ bo‘lib, qalbimiz toza holga kelib, quyidagi hadisda zikr qilingan saodatmand sahobiy roziyallohu anhu darajasiga etishishga harakat qilishimiz lozim.
Imom Ahmad, Imom Muslim, Imom Nasaiy kabi ulug‘ muhaddislar rivoyat qilgan hadisda ulug‘ sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhu quyidagilarni hikoya qiladilar:
«Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirgan edik. U zot: «Hozir huzuringizga ahli jannatlardan bir odam chiqadi», dedilar.
Ansoriylardan, soqolidan tahorat suvi oqib turgan, chap qo‘lida kovush tutgan kishi chiqib keldi. Ertasiga Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam ayni gapni aytgan vaqtlarida, yana o‘sha odam kechagi holida chiqib keldi. Uchinchi kuni ham xuddi shu holat takrorlangach, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, majlisdagilar tarqalganida Abdulloh ibn Amr haligi odamga ergashib bordi-da: «Otam bilan oramizdan gap o‘tib qolib, uch kungacha uning ol-diga kirmaslikka qasam ichgan edim. Agar ma’qul topsangiz, men-ga shu muddat o‘tguncha uyingizdan joy berib turing», dedi. U odam «Xo‘p» deb javob berdi.
Hazrati Anas rivoyat davomida shunday deydilar: «Abdulloh, o‘sha uch kecha u bilan birga tunaganini, u odamning kechalari hech bedor bo‘lmaganini, gapirib yurar edi. Agar u odam bezovta bo‘lsa, o‘rnida ag‘darilib yotar va bomdodgacha Allohni zikr qilib, takbir aytib chiqar ekan. Abdulloh yana shularni aytgan ekan:
«Ammo undan faqat yaxshi gaplarni eshitdim. Uch kecha o‘tgandan so‘ng uning amali hech narsa emas ekan, degan fikrga kelay dedim. Unga: «Ey Allohning bandasi! Otam bilan oramizda hech gap o‘tgani yo‘q. Men Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan uch marta: «Hozir huzuringizga ahli jannatlardan bir kishi keladi», de-gan gapni eshitdim. Uch marta ham sen chiqib kelding. Sening huzuringdan joy olib, qiladigan amallaringga nazar solib, sen-ga iqtido qilish orzusida edim. Ammo kattaroq bir ish qilganingni ko‘rmadim. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytgan gaplarga seni nima erishtirgan?» deb so‘radim. U esa:
«O‘zing ko‘rgan narsadan boshqa hech narsa yo‘q», dedi.
Qaytib ketayotganimda u meni yoniga chaqirib:
O‘zing ko‘rgan narsalardan boshqa hech narsa yo‘q. Faqat, men qalbimda musulmonlardan biror kimsaga gina-kudurat saqlamayman. Hech kimga, unga Allohdan etgan yaxshilikka nisbatan hasad qilmayman», dedi.
«Seni o‘sha maqomga etishtirgan shu xislating ekan», dedim», deya hikoya qiladi Abdulloh inb Amr roziyallohu anhu
Haqiqatan ham, insonlar qalbida o‘zgalarga nisbatan hasad bo‘lmasligi ulug‘ fazilatdir. Chunki, bunday odamdan hech bir yomonlik chiqmaydi. Alloh barchamizni hasadgo‘ylikdan saqlasin! Elu yurtimizni bu og‘ir darddan O‘zi qutqarsin!Omin! Vallohu a’lam!

16 Oktabr 2023, 09:38 | Savol-javoblar | 0 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar