Avval qazo o‘qiladimi yoki farz

Assalomu alaykum! Agar uyda o‘tirgan paytim, esimdan chiqib shom namozni qazo qilib qo‘ysam, unan keyngi xufton namoz vaxti kirgan bo‘sa, avval qazo namoz o‘qiladimi yoki farz namozmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sohibi tartib bo‘lsangiz (qazolar soni besh farz va vitrdan oshmagan kishi) avval shomni o‘qiysiz. Agar unday bo‘lmasangiz, jamoat kutib turgan bo‘lsa avval xuftonni jamoat bilan o‘qiysiz. Jamoatda bo‘lmasangiz avval shomni o‘qishingiz mustahab.
Besh farz va vitr orasida ularning hammasi yoki ba’zisi qoldirilganda tartibga rioya qilish farzdir. 
Xandaq kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilganlari yuqoridagi hadisda zikr qilindi.
Illo, vaqt tor bo‘lib qolsa yoki unutsa, yoxud oltitadan ziyoda bo‘lsa, bundan mustasno.
Tartibga rioya qilish uch sabab ila soqit bo‘ladi:
1. Vaqtli namozning o‘tib ketish xavfi.
2. Qazolarning oltidan ko‘p bo‘lishi.
3. Ado paytida qazoni unutib qo‘yish.
Agar qazo namozlar adadini bilib bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lib ketsa, zimmasidagini ado qilganiga ko‘ngli to‘lguncha qazoni o‘qiydi. O‘ziga oson bo‘lishi uchun avvalgi o‘qimagan namozini va oxirgi o‘qimagan namozini tayin qilib olib, o‘shanga qarab o‘qiyveradi.
Boshqa namozlar qatori, qazo namozini ham quyosh chiqayotganida, qiyomda turganida va botayotganida o‘qib bo‘lmaydi.
Ammo bomdod va asrdan keyin nafl o‘qish mumkin bo‘lmasa ham, qazo o‘qish mumkin.(“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Oktabr 2023, 13:58 | Savol-javoblar | 0 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar