Er namoz o‘qisa Ayolining jinlari xaqida

Assalomu alaykum! Alloximga shukrki 6 oydan beri 5 maxal namozlarimni qo‘ldan kelgancha o‘qib kelmoqdaman(qazo namozlarimni xam qo‘ldan kelgancha o‘qiyapman). Bu savolim ayolimni asabiy bo‘lib qolganidan kelib chiqib beryapman. Namoz o‘qimaydigan paytlarimda axli ayolim asablari yaxshi edi. Xozir sal narsaga jaxli chiqadi, bolalarni arzimagan ishlarini xam jerkib tashlaydi, menga shubxa bilan qaraydigan bo‘lgan. Axiyri ayolim menga xatto sizni azon aytishingiz xam yoqmay eshitishni xoxlamay qolaman deyapti. Men esa unga 5 maxal namozingni o‘qi shu xolat yo‘qoladi seni jinlaring asabiylashtiryapti deb aytayapman. Shu to‘g‘rimi ayolimni meni namoz o‘qishim va uni namoz o‘qimasligi uni asabiy(ruscha-nervinnыy) qilib qo‘yaptimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Insonning ichida jin-u shaytonlardanda xatarliroq dushmani - havoi nafsi bor. Aybni ana o‘shandan qidirish kerak. Alloh taolo bir oyatda shunday ogohlantiradi:
“Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqinglar va har bir jon erta – Qiyomat kuni uchun nimani (ya’ni qanday ezgu amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir” (Hashr surasi, 18-oyat).
Ey inson, bilib qo‘yki, doim yomonlikni xohlab turadigan Nafs senga shaytondan ham dushmanroqdir. Shayton nafsingning hoyu havasi bilan bo‘yningga minib olib, seni Allohning yo‘lidan chiqarishi mumkin. Nafsing esa seni behuda amallar va quruq xayollar bilan aldab qo‘yur! Chunki Nafs tabiatan tinchlik-osudalikni, loqaydlik, g‘aflat va beparvolikni yoqtiradi va umrni tanballik bilan o‘tkazishni istaydi. U doimo behuda va botil (buzuq) narsalarga o‘ralashadi. Behuda kibrga beriladi. Agar nafsingdan mamnun bo‘lib, uning xohishlariga yursang, manziling falokatdir, o‘limdir. Yanglish hisoblar va xomxayollaringdan xabardor bo‘lmasang, oxiri cho‘kishing muqarrardir. Agar, Nafsga «to‘xta!» deyishga ojizlik qilsang, u seni yong‘inga olib boradi. U holda aslo yaxshilikka qaytish umidi yo‘qdir. Nafs balolarning boshi, razolatlarning manbaidir. Shayton uchun gunoh xazinasi bo‘lgan Nafsni yaxshi ko‘rgan odam Yaratganni taniy olmaydi. Inson Alloh yo‘lida nimalar kilgani to‘g‘risida, umrining o‘tgan qismi ustida ana shunday mulohaza yuritsa, bu mulohaza bir navi o‘z qalbini yuvish bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam buyuradilar: “Yaxshi mavzuda bir soat mulohaza qilmoq, o‘ylamoq bir yillik ibodatdan yaxshiroqdir”. 
Nafs tarbiyasi borasida buyuklarimizning so‘zlari. 
Sulaymon alayhissalom:
“Menimcha, nafsini sindirib, tarbiyalay olgan kimsa, yolg‘iz o‘zi bir shaharni bosib olgan jangchidan ham kuchliroqdir”.
Hazrati Ali (roziyallohu anhu): 
“Men va nafsim bir suruvning cho‘poniga o‘xshaymiz. Cho‘pon suruvni bir tomondan to‘playdi, bir tomondan suruv yoyilib ketaveradi. Kim nafsini o‘ldirib, uning istaklarini to‘xtatib qololsa, rahmat kafaniga o‘raladi va karomat tuprog‘iga dafn etiladi. Kimki qalbini o‘ldirib, undagi ilohiy va insoniy tuyg‘ularni halok etsa, la’nat kafaniga tikiladi va azob tuprog‘iga dafn etiladi”.
Yahyo ibn Maoz aytarkanlar: 
“Alloh o‘rtaga qo‘ygan axloq asoslariga moslashish va nafsning zavqu safo orzusini sindirish uchun nafsing bilan jihod qil! Oz uxla, oz so‘yla. Bema’ni gapirmaslik, insonlarga va boshqa jonzotlarga aziyat bermaslik va oz emak – bularning bari nafsning havoyi istaklariga g‘ov qo‘ymoq demakdir. Oz uxlagan odam to‘g‘ri tushunish malakasiga ega bo‘ladi. Kamgap odam bir qator ofatlardan omon qoladi. Insonlarga va boshqa jonzotlarga azob bermagan odam bir qator maqsadlariga etishadi. Kam tomoq odam nafsning shahvoniy istaklarini qiynalmay bartaraf qila oladi. Tiqib-bosib eyish qalbni ko‘r qiladi, unda insoniy fe’l atvorlarning yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Oz emak qalbni nurlantiradi. Mechkaylik va davomli to‘qlik esa kishini Allohdan uzoqlashtiradi”.
 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyuradilar: 
 “Qalblaringizni ochlik bilan nurlantiringiz, nafsingiz bilan jihod qilib, uni tarbiyalay olmoq uchun ochlikni va tashnalikni qurol sifatida ishlating. Jannat eshigiga bosh urishlarni ochlik bilan davom ettiring! Nafsni tarbiyalash uchun uning bilan jang kilgan kishining mukofoti janggohda dushman bilan urishganning mukofoti singaridir. Allohning yonida bo‘lmoq uchun nafsni ochlik va tashnalik bilan tarbiyalashga intilishdan go‘zalroq amal yo‘q. Kimki me’dasini uzluksiz to‘latib yursa, ma’naviyat olamiga kirolmaydi. Ma’naviyatdan zavq ololmaydi va ibodatning totini ham his qilmaydi”.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu: 
“Musulmon bo‘lganimdan beri Rabbimga ibodat zavqini olish uchun to‘yguncha ovqat emadim. Yana Rabbimga etishish ishtiyoqida qonguncha suv ichmadim. Chunki ko‘p egan odam ko‘p ibodat qilolmaydi. Inson bo‘g‘ziga tiqilguncha ovqat esa vujudi og‘irlashadi, ko‘zini uyqu bosadi! A’zolari ovora bo‘lib qoladi, ko‘p ibodat qilishni niyat qilsa ham bajarolmaydi, qo‘lidan keladigani faqat uyqu bo‘ladi”.
 Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam buyuradilar:
 “To‘yguncha eb-ichib, qalblaringizni o‘ldirmang! Qalb bir niholga o‘xshaydi. Niholga oshiqcha suv berilganda qanday sarg‘ayib so‘lsa va o‘sishdan to‘xtasa, xuddi shunday qalb ham ortiqcha suvdan o‘ladi, bunday odamda toza fikr va insoniy fe’l-atvorlar qolmaydi”. 
Ko‘p egan odamning akli zaif bo‘ladi, ilm o‘rgana olmaydi. Chunki, doimiy to‘qlik va mechkaylik aqlni ko‘r qiladi.  Aqli bo‘lgan odam nafsning shahvoniy havaslarini ochlik yo‘li bilan mahv etadi. Alloh o‘rtaga qo‘ygan axloq asoslarini oyoq osti qilgan nafsni faqat ochlik tarbiyalay oladi. Chunki havoyi orzular, eb-ichishlar kishini to‘g‘ri yo‘ldan chiqarish uchun shaytonning qo‘lidagi quroldir.
 Shuning uchun ham Allohning Rasuli buyuradilar: 
 “Shayton insonning qon tomirlarida aylanib yuradi. Uning yo‘lini ochlik bilan to‘sib tashlang. Qiyomat kuni Allohga insonlarning eng yaqin bo‘lgani ko‘proq och va tashna yurganlardan iborat bo‘ladi”.
 Bu hadis shunday sharhlanadi: kaloriyasi kuchli va ko‘p ovqat eguvchi kimsalar tez yo‘ldan ozadilar, chunki bu holda qon serharakat bo‘ladi. Nafs shunday holga etadiki, endi u harom-halol , mashru’-g‘ayrimashru’ demay, har narsani uraveradi. Holbuki, ehtiyoj miqdoriga rioya qilgan holda ovqatlanilsa, nafs buzilmaydi, odam yo‘ldan ozmaydi. Ba’zi ahli hikmat deydiki:
Alloh jonlilarni uch toifada yaratgan:
1. Malaklar (farishtalar): Alloh malaklarga faqat aql bergan, doimo hoyu havasga amal kiladigan nafs bermagan. Demak, malaklarda gunoh qilishga moyillik yo‘q.
2. Hayvonlar: Alloh hayvonlarga biz tushungan ma’noda aql bermagan, faqatgina nafs bergan.
3. Insonlar: Alloh insonlarga ham aql, ham nafs bergan. Shunday bo‘lgach, inson zoti uchun eng katta xatar me’dadan va eyish-ichish hirsidan keladi. Odam ila Havo – ularga Allohning salomi bo‘lsin – me’daning hirsi tufayli jannatdan quvilib, xorlik va yo‘qlik maydoniga otilgandilar. Chunki Alloh ularga meva eyishni takiqlagandi.
1. Kimningki nafsi aqlidan g‘olib kelsa va shu nafsining havoyi istaklariga ko‘ra hayot kechirsa, u hayvondan ham tubanroq, ya’ni hayvonlar undan yaxshiroqdirlar.
2. Kimniki, aqli nafsidan g‘olib kelsa va hayotini Alloh o‘rtaga qo‘ygan axloq asoslari doirasida o‘tkazsa, u malaklardan ham ustundir. Nafsning havoyi istaklariga bo‘ysungan odam, agar u hukmdor bo‘lsa, qul ahvoliga tushadi. Nafsning havoyi havaslariga qarshi borib, sabr qilgan odam esa, qul bo‘lsa hukmdor bo‘ladi. Vallohu a’lam!Abu Homid G‘azzoliy,
“Mukoshafat-ul qulub” kitobidan

27 Noyabr 2023, 12:00 | Savol-javoblar | 0 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar