Yolg‘on hadis to‘qib, oilani yarashtirish mumkinmi?

Assalomu alaykum! Bir birodarim bir oilani yarashtirish maqsadida Payg‘ambarimizdan yolg‘on hadis to‘qib gapirdilar. Oila yarashib ketgan, hozir tinch yashashyapti ham. Unga "Hadisni aralashtirmay boshqacha yolg‘on to‘qisang ham bo‘lardiku" desam, er va xotin orasini isloh qilish maqsadida bo‘lsa oyatlardan ham yolg‘on gapirsa bo‘ladi, hatto bunga ajr savoblar ham beriladi, dedi. Bunday holda yolg‘on gapirib bo‘lsa ham er xotinni yarashtirish yaxshi lekin hadis va oyatlardan ham yolg‘on gapirsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Birodaringiz johilligi tufayli o‘ta og‘ir gunohga qo‘l uribdi. Alloh taolo yoki Uning Rasuli nomidan hech qachon, hech qanday vaziyatda yolg‘on to‘qish halol bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Bu ishni qilganlarga do‘zax bo‘lishi sahih hadislarda ogohlantirilgan. Darhol tavba va istig‘for aytsin.عَنْ عَبْد ِاللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: بَلِّغُوا عَنِّي وَلَوْ آيَةً، وَحَدِّثُوا عَنْ بَنِي إِسْرَائِيلَ وَلَا حَرَجَ، وَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ.Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mendan bir oyat bo‘lsa ham etkazinglar. Bani Isroil haqida gapiringlar, tanglik yo‘q. Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘iga joylashaversin», dedilar».
Buxoriy va Termiziy rivoyat rivoyat qilganlar.
Bilib turib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytmagan narsani u zotdan, deb gapirish shunchalar yomon narsaki, kim shu ishni qilsa, do‘zaxiy bo‘lishi turgan gap.
Er-xotin o‘rtasini isloh qilish uchun yolg‘on gapirishga berilgan ruxsat oyat yoki hadis to‘qishni o‘z ichiga olmaydi. Vallohu a’lam!

5 Dekabr 2023, 14:48 | Savol-javoblar | 0 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar