Shunday savdo qilish joizmi

Assalomu alaykum! Tavarruq savdosi haqida berilgan savollarga yozilgan javoblarni o‘qidim. "Realiztsiya, dallollik, aktsiyalar bilan ishlash" nomli savolning javobida: "Tavarruq savdosi – sotuvchining mulkida va qo‘lida turgan molni narxini keyin berish sharti ila sotib olib, keyin uni boshqa kishiga naqdga sotish ila pulga ega bo‘lishdir" va "Ushbu tavarruq savdosi shariat bo‘yicha joizdir" - deb yozilgan. Savolim: 1. Javobdagi "keyin berish" deyilganda ma’lum bir kunda berish nazarda tutilganmi, yoki mahsulotni sotilganidan keyin berish nazarda tutilganmi? 2. O‘zaro kelishuvga ko‘ra sotuvchidan mahsulotni aynan sotilganidan keyin pulini berish sharti bilan do‘konda olib qolish shar’an joizmi? 3. Bu ham tavarruq savdo hisoblanadimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Oldindan kelishilgan ma’lum bir kunda berish nazarda tutilgan.2). Molni sotib olib, uning pulini keyinchalik bermoqchi bo‘lsa va o‘sha muddat qachon ekanini ikki tomon ham bilmasa bunday savdo fosid bo‘ladi. Bunday shakldagi savdoni durust qilish uchun biror muddat tayin qilib olish shart. O‘sha muddat kelgach sotuvchi pulini 100 da 100 talab qilib olishga haqli bo‘lsin. Xaridor bor budini sotib bo‘lsa ham o‘sha qarzni qaytarish majburiyatini zimmasiga olsin. Keyinchalik o‘sha muddat kelgach xaridorning qo‘lida pul bo‘lmasa - yo biror narsasini pullab qarzni yopadi yo sotuvchi yana muhlat beradi. Boshqa bir yo‘li esa - molni do‘konga sotmasdan, do‘konchiga omonat qilib topshirsin va falon narxga sotib berishga kelishsin. Bu yo‘lning avvalgisidan farqi shuki, bunda omonatni istagan payti qaytarib olishi mumkin. Savdoni esa buzib bo‘lmaydi. Vallohu a’lam!

20 Dekabr 2023, 14:55 | Savol-javoblar | 0 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar