Allohning makri

Assalomu alaykum! Avvalo hammangizga ilmlaringiz bundanda ziyoda bo‘lishini tilayman! Savolim shundan iboratki Allohning makri degan tushunchani keng yoritib bersangizlar iltimos javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Oli Imron” surasida marhamat qiladi : وَمَكَرُواْ وَمَكَرَ اللّهُ وَاللّهُ خَيْرُ الْمَاكِرِينَ۝ 54. Makr qildilar. Alloh ham «makr» qildi. Alloh makr qiluvchilarning «zo‘ri»dir. Ma’lumki, makr yomon sifatdir, uni Alloh taologa nisbatan ishlatib bo‘lmaydi. Lekin arab tili qoidalarida «mushokala» degan qoida bor. «Mushokala»ning lug‘aviy ma’nosi «shaklda o‘xshash bo‘lish»dir. Balog‘at qoidasi bo‘yicha, ma’nolari har xil bo‘lgan ba’zi bir ishlarga nisbatan bir xil so‘zlarning ishlatilishiga «mushokala» deyiladi. «Makr» so‘zi «tadbir» ma’nosini ham anglatadi. Banu Isroil makr-hiyla qildi, Alloh taolo ularning makriga qarshi tadbir ko‘rdi. Shu erda «tadbir» so‘zi o‘rniga mushokala uchun, ya’ni shaklda Banu Isroilga nisbatan berilgan makrga o‘xshashi uchun Alloh taolo O‘ziga nisbatan ham «makr» so‘zini ishlatmoqda. Bunda yahudiylarning makrini masxara qilish ohangi ham bor. Banu Isroil Iyso alayhissalomni xochga osishni va o‘ldirishni xohlab, qo‘llaridan kelgan makr-hiylalarni qildilar. Alloh esa u kishini qutqarishni va O‘ziga ko‘tarishni iroda qildi. Allohning tadbiri amalga oshdi. Makkor yahudiylarning hiylasi o‘tmadi. ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 14:31 | Savol-javoblar | 204 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar