G‘ofur surasidagi oyatni dalil qilish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, bir tanishim bir ayol xakida gapirib qoldi. Xozir u ayol vafot etgan. Alloh meni kechirsin o‘lgan odamni orqasidan gapirmoqchimasman. Faqat shu narsalarga ishonib yurganlar o‘qisin deb yozdim. U ayol farishtalar bilan gaplashib turar ekan. Yana aytishicha, xozir qiyomat bo‘lyapdi, biz xabar berish uchun jo‘natilganmiz, odamlar anglamayapdi va shunga o‘xshagan ancha gaplar. Allohni kalomida xam biz haqimizda sura xam bor deb, “G‘ofur” surasini 15-oyati U darajasi yuksak, Arsh egasidir. U O‘z amri ila bandalaridan kimni xoxlasa, o‘shanga muloqot kunidan ogoxlantirishi uchun ruxni tushirur. deb kitoblarida yozilgan. Yana Allohni kalomidagi ko‘p sura va oyatlar keltirilgan. Menga tanishim shu kitobni ko‘rsatib, bular kitobda xam aytilgan ekan deb qoldi. Men bu oyat payg‘ambarlar xaqida dedim. Uyga kelib Tafsiri Hilolni ochib o‘qidim. Tafsirda bu oyat ular xakida emas ekan. Naxot insonlar Allohni kalomini o‘zlariga moslashtirib olishsa. Shu kabi insonlar jin va shaytonlar bilan muloqot qilishadimi? Yana bir gapida shunday degan: Man yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam,nega Alloh mani jag‘imni tiyib, gapirtirmay qo‘ymayapdi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!  رَفِيعُ الدَّرَجَاتِ ذُو الْعَرْشِ يُلْقِي الرُّوحَ مِنْ أَمْرِهِ عَلَى مَن يَشَاء مِنْ عِبَادِهِ لِيُنذِرَ يَوْمَ التَّلَاقِ۝ 15 U darajasi yuksak, Arsh egasidir. U O‘z amri ila bandalaridan kimni xohlasa, o‘shanga muloqot kunidan ogohlantirish uchun ruhni nozil qilur. Alloh taolo darajasi yuksak Zotdir. Uning darajasiga yaqin keladigan hech bir zot yo‘qdir. Alloh taolo Arsh egasidir. Shuning uchun hammadan ustun va hammaga hukmini o‘tkazuvchidir. U Zot nimani xohlasa, shuni qiladi. Uning xohishiga hech kim to‘siq bo‘la olmaydi. «U O‘z amri ila bandalaridan kimni xohlasa, o‘shanga muloqot kunidan ogohlantirish uchun ruhni nozil qilur». «Muloqot (uchrashuv) kuni»dan murod qiyomatdir. «Ruh»dan murod esa vahiy va uni olib keluvchi farishtadir. Darajasi yuksak, Arshga ega bo‘lgan, xohlagan ishini qiladigan Alloh taolo O‘zi istagan bandasini payg‘ambar qilib, tanlab oladi. O‘sha bandaga ruhni – vahiyni tushiradi. Ushbu oyatda vahiyning «ruh» deb atalishi ulkan ma’no kasb etadi. Allohdan kelgan vahiy va ta’limotlar bandalar uchun ma’naviy ruh – jondir. Ana o‘sha vahiyga ergashganlargina o‘zlarini ma’naviy jihatdan jonlilar deb hisoblashlari mumkin. Allohdan nozil qiliingan ruhga – vahiyga ergashmaganlar esa ma’naviy jihatdan o‘liklardir. Shu bilan birga, oyatda vahiyni tushirishdan asosiy maqsad ham «muloqot kunidan ogohlantirish uchun» ekani bayon qilinmoqda. Demak, vahiy tushirishning asosiy maqsadlaridan biri odamlarni qiyomat kunidan ogohlantirish, unga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirishdir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Ushbu oyatdagi vahiyni qabul qiluvchi Alloh tanlab olgan bandalar payg‘ambarlardir. U ayol farishtalar bilan gaplashganlikni da’vo qilishi safsatadan boshqa narsa emasdir. Undaylarni ishlari va gaplariga kelinsa, bu shariatga xilof ish. Ularning hammasi jinlar bilan hamkorlik qilishadi. Ular o‘rtasidagi do‘stlikning mustahkam bo‘lib borishi, insonlardagi Allohga osiylik hamda nopoklikni yuqori darajasiga ko‘tarish bilan bo‘ladi. Ya’ni kim qancha nopok bo‘lsa, shuncha jinlar bilan qiladigan “g‘aroyib” ishlari ortib boraveradi. 1-Alloh taoloni qo‘yib bobolarim yoki momolarim yoki odamlarim yoki pirlarim deb atab olgan jinlariga qo‘y, tovuq kabi jonvorlarni atab so‘yish bilan agar makkorroq bo‘lsa, bu jonvorlarni qaysidir valiy zot deb tanilgan kishiga atab so‘yish bilan bajartiradi. 2-ayollar hayzdan pok bo‘lganda yoki erkaklar junub holatda bo‘lsa ham g‘usl qilmasdan “chilla” o‘tkazib qo‘yish bilan bo‘ladi. 3-hayz qoni bilan ba’zi suralarni yozdiradi. Bobolarim yoki momolarim yoki odamlarim yoki pirlarim deb ularga atab sham chiroq, piliklar yoqib, narsalar atashni buyuradi. 4-“Bo‘ynizga olmasangiz yoki qo‘l olmasangiz bo‘lmaydi” deb g‘ayb ilmini da’vo qilish bo‘lgan kufrga hamkorlik qilish shartnomasini tuzdiradi. Eng nopoklikda cho‘qqiga chiqqanlari ikki oyog‘i ostida ikki Qur’onni bog‘lab hojatxonaga kirish bilan bo‘ladi. Undaylarni o‘zlari ham, ularga borayotganlar ham Allohdan qo‘rqishlari va tavba qilib bu ishlarini tezda tashlashlari kerak. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 17:59 | Savol-javoblar | 153 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar