Payg‘ambarimiz va Sa’d ibn Abu Vaqqos

Assalomu alaykum! Malumki Sad ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu haqlarida ma’lumot bersangizlar. U kishi qanday sabablarga ko‘ra Jizzax viloyatiga kelib dafn etilgan?
2). Men juma mavezasida eshitishimcha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etgach u kishi g‘usl qilingan suv xavoga parlanib bulut bo‘lgan va o‘sha bulutdan yomg‘ir tomchisi tushgan er masjid bo‘ladi deyilgan edi. Xaqiqatan shundaymi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Sa’d ibn Abu Vaqqos ibn Uhayb Zuhriy al-Qurashiy, kunyalari Abu Ishoq. Abu Bakr roziyallohu anhuning huzurlarida to‘rtinchi bo‘lib Islomga kirdilar. U kishi ana shu vaqtda 17 yoshda edilar. Islomda birinchi bo‘lib kamondan o‘q otgan shaxs ham, jannatga kirishlariga bashorat berilgan o‘nta sahobalarning biri ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida rozi bo‘lgan oltita sahobalarning biri ham shu zot bo‘lganlar. Sa’d ibn Abu Vaqqos Alloh yo‘lida birinchi bo‘lib bir mushrikni qatl etib, qonini oqizgan, Badr, Uhud, Xandaq va bundan boshqa hamma ma’rakalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga ishtirok etgan pahlavon sahobalardan edilar. Bu zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning onalari Omina binti Vahb Zuhriyaning qabilasidan bo‘lganlari uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kishini «tog‘a» deb atar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’d roziyallohu anhuning duolari qabul qilinishini so‘raganlarida Alloh duolarini qabul qilgan. Shuning uchun odamlar Sa’d ibn Abu Vaqqosning duolaridan qo‘rqar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’d ibn Abu Vaqqosdan tashqari biror kishiga «Ota-onam fido bo‘lsin», deb aytmaganlar. Bu zot Umar ibn Xattobning xalifalik davrlarida forslar bilan bo‘lgan urushda askarlarga qo‘mondon bo‘ldilar. Hijratning 15-sanasida Qodisiyani, hijratning 16-yili Jaluloni, hijratning 17-yili Kufani fath etdilar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bu kishini Iroqqa voliy qilib tayinladilar. Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida ham shu amalda bo‘ldilar. Qachonki hazrati Usmon roziyallohu anhu o‘ldirilib, fitna zamoni kelganidan keyin bu ishlarning hammasidan chetlanib, Madinaga qaytib keldilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 270ta hadis rivoyat qildilar. Bu hadislarni Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Xavla binti Hakimlardan rivoyat qildilar. Bu zotdan Soib ibn Yaziyd, Mujohid, Alqama ibn Qays, Jobir ibn Samura, qizlari Oisha, Omirning bolalari, Mus’ab ibn Umayr, Ibrohim ibn Abdurrahmon ibn Avf, Qays ibn Abu Hozim va boshqalar rivoyat qilganlar. Bu kishi rivoyat qilgan hadislarni uch «Sahih» sohiblari o‘z kitoblariga kiritganlar. Bu zotning ko‘zlari hayotlarining oxirida ojiz bo‘lib qoldi va hijratning 55-sanasida Madinadan etti mil uzoqlikdagi Aqiq degan joyda vafot etdilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos jannatga kirishlariga bashorat berilgan, oxirgi vafot etgan sahobalardan edilar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Suvning bulut bo‘lgani haqida sahih hadis yo‘q. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 00:45 | Savol-javoblar | 181 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar