Abu Lahabning o‘limi

Assalamu alaykum! Muhtaram ustozlar, Abu Lahabning qanday va qaerda o‘lgani haqida ma’lumot bersangizlar.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Imom Olusiyning yozishlaricha, Abu Lahabning uchta o‘g‘li bo‘lib, Utba, Mi’tab va Utayba deb atalar edilar. Ularning birinchi ikkisi Fath kuni musulmon bo‘ldilar va Hunayn, Toif g‘azotlarida qatnashdilar. Utayba esa musulmon bo‘lmadi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ummu Kulsumga uylangan edi. Utba esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa qizlari Ruqiyaga uylangan edi. Ushbu sura nozil bo‘lganidan keyin Abu Lahab ikki o‘g‘liga: «Agar Muhammadning ikki qizini taloq qilmasangiz, mening boshim ikkovingizning boshingiz bilan bir joyda turishi haromdir», – dedi. Bas, ular xotinlarini taloq qildilar.
So‘ng Utayba otasi bilan Shomga safar qiladigan bo‘lib qoldi va: «Albatta borib, Muhammadga ozor beraman, – dedi. U borib: – Ey Muhammad! Men tushgan yulduzga kofirman, yaqinlashib, zohir bo‘lganga ham kofirman», deb turib, tufurdi va u zot sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ummu Kulsumni taloq qildi. Ul zot sollallohu alayhi vasallamning achchiqlari keldi va: «Unga O‘z itlaringdan birini hukmron qilgin!» – deb duo qildilar. Utaybani sher eb ketdi. Abu Lahab bo‘lsa, Badr urushidan etti kecha o‘tgandan so‘ng, Adasa nomli yuqumli vabo kasalidan o‘ldi. Uning o‘ligining oldiga hech kim bormay, uch kun yotib, sasib ketdi. Uning qarindoshlari or-nomus qilib, bir chuqur qazishdi va jasadni tayoqlari bilan surib, chuqurga tushirib, ustidan tosh otib, ko‘mishdi. Shunday qilib, Abu Lahab haqida Qur’oni Karim bergan xabarning bu dunyodagi qismi yuzaga chiqdi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam.

30 Aprel 2022, 00:57 | Savol-javoblar | 239 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar