O‘limi yaqinligini oldindan sezish

Assalomu alaykum! Hurmatli “Zikr ahlidan so‘rang” hay’ati! Men bermoqchi bo‘lgan savol shundan iboratki aytishlaricha vafoti yaqinlashgan odam o‘limini oldindan sezar ekan. Bu gap qanchalik haqiqatga yaqin? Javob uchun oldindan katta rahmat. Robbisining avfiga va mag‘firatiga muhtoj eng ojiz banda Akmal
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo Qur’oni Karimning "Luqmon" surasi 34-oyatida marhamat qiladi: Albatta, Soat ilmi yolg‘iz Allohning huzuridadir. Yomg‘irni U yog‘dirur. Bachadonlardagi narsani ham U bilur. Hech bir jon ertaga nima kasb qilishini bilmas. Hech bir jon qaysi erda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir. Ushbu oyati karimada Alloh taoloning ilmi shomilu komil hamda mutlaq ekani, U Zotning ilmi qarshisida boshqa ilmlar hech narsaga arzimasligi bayon qilinmoqda. «Albatta, Soat ilmi yolg‘iz Allohning huzuridadir». U Zotdan boshqa hech kim qiyomat qachon qoim bo‘lishini bilmaydi. Bilishi mumkin ham emas. Alloh taolo ulkan hikmat yuzasidan bu ilmni faqat O‘ziga xos qilib qo‘ygan. Qiyomat qachon qoim bo‘lishini bilmagan odamlar doimo hushyor turadilar. Har lahzada qiyomat qoim bo‘lib qolishidan qo‘rqib, doimo yaxshi ishlarni ko‘paytirishga urinadilar, unga tayyorgarlik ko‘radilar. «Yomg‘irni U yog‘dirur». Yomg‘irga sabab bo‘ladigan moddalarni yo‘qdan bor qilgan ham U Zotning O‘zidir. Ularni bir-biriga qo‘shgan ham U Zotning O‘zidir. Bulutni paydo qilib, ma’lum joylarga yog‘diradigan ham U Zotning O‘zidir. Alloh borliqning har bir nuqtasidagi yomg‘irni paydo qilgan, yog‘dirgan, natijasini-da bilib turadigan Zotdir. Borliqning bir nuqtasida Alloh yaratgan sharoitni ko‘rib, yomg‘ir yog‘ishini taxmin etgan insonning Allohning sifatiga sheriklikni da’vo qilishi kulgilidir. Bunday da’vo ilmdan emas, jaholatdandir. «Bachadonlardagi narsani ham U bilur». Dunyoda qancha bachadon bo‘lsa, ularning ichida nimaiki bor bo‘lsa, mohiyatini, taqdirini va yana ularga bog‘liq ishlarning hamma-hammasini Alloh biladi. Bir ayolning tug‘ishi yaqin qolganida, asbob yordamida o‘g‘ilmi-qiz ekanini taxminan bilib olib, Allohning ilmiga sheriklikni da’vo qilgan johil insonga hayronsan! «Hech bir jon ertaga nima kasb qilishini bilmas». Dunyoda hech bir odam ertaga, balki besh daqiqa va undan oz vaqtdan so‘ng ham nima qilishini bilmaydi. U faqat niyat qiladi, reja tuzadi, xolos. Lekin haqiqatda nima bo‘lishini faqat Alloh taoloning O‘zi biladi. Alloh taolo butun jonlarning barcha zamonlarda, makonlarda nima qilishini yaxshi biladi. Aniq biladi. Kamchiliksiz biladi. Ba’zi bir taxmini Allohning irodasi ila to‘g‘ri chiqib qolgan johil insonning Allohning ilmiga sheriklik da’vosida bo‘lishi kulgilidir. «Hech bir jon qaysi erda o‘lishini ham bilmas». Dunyoda birorta inson qaerda, qachon, qanday o‘lishini bilmaydi. Buning hammasini faqat Alloh taoloning O‘zi biladi. «Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir». Albatta, Alloh o‘ta biluvchi va o‘ta xabardordir. Shuning uchun hamma narsani biladi va hamma narsadan xabardor bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyati karimaning ma’nosini ta’kidlovchi ko‘plab hadisi shariflar vorid bo‘lgan. (Tafsiri Hilol). Vallohu a’lam.

30 Aprel 2022, 07:30 | Savol-javoblar | 169 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar