Soch va soqolni bo‘yash haqida

Assalomu alaykum! Men chet davlatida yashayman. Bu erda ba’zi bir hojilar (erkaklar) o‘z soqolari va sochlarini qandaydir sariq buyoq bilan bo‘yashadi. Sochini va soqolini bo‘yagani shunday ma’lum bo‘lib turadi. Savolim shundan iboratki: Erkaklarga mana shunday bo‘yanish bizni dinda mumkinmi? Bu ish gunoh emasmi?  
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! وَأُتِيَ بِأَبِي قُحَافَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ يَوْمَ فَتْحِ مَكَّةَ وَرَأْسُهُ وَلِحْيَتُهُ كَالثَّغَامَةِ بَيَاضًا، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: غَيِّرُوا هَذَا بِشَيْءٍ وَاجْتَنِبُوا السَّوَادَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ  Makka fathi kuni Abu Quhofa roziyallohu anhu olib kelindi. Uning soch-soqoli xuddi sag‘omadek oppoq edi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Buni biror narsa ila o‘zgartiringlar. Qoradan chetlaninglar», dedilar». Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Sharh: Abu Quhofa roziyallohu anhu – hazrati Abu Bakr Siddiqning otalaridir. U kishi mo‘min-musulmon bo‘lishlariga qaramay, o‘ta qariliklari va ko‘zlari ko‘rmasligi sababidan hijrat qila olmay Makkai Mukarramada qolib ketgan edilar. Makkai Mukarrama fath etilgan kuni Abu Quhofa roziyallohu anhuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ziyoratga ko‘tarib olib kelishgan. Shuning uchun ham, ushbu rivoyatda: «Abu Quhofa roziyallohu anhuni Makka fat-hi kuni olib kelindi», deyilmoqda. «Uning soch-soqoli xuddi sag‘omadek oppoq edi». «Sag‘oma» guli ham, mevasi ham oppoq bo‘ladigan o‘simlik. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Buni biror narsa ila o‘zgartiringlar. Qoradan chetlaninglar», dedilar». Aslida ko‘pincha soch-soqolning oqi hinno (xina) bilan o‘zgartiriladi. Shuning uchun ba’zan soch bo‘yash deyishning o‘rniga sochni hinnolash ham deyiladi. Lekin hinnodan boshqa narsa bilan bo‘lsa xam joiz. Faqat qora rangga bo‘yalmasa bo‘ldi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam.

30 Aprel 2022, 15:51 | Savol-javoblar | 168 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar