Azon duosi, sunnatning qazosi va kassa

Assalomu alaykum! 1). Namozdan oldin azon aytilgandan keyin qo‘lni duoda ochgan vaqtimizda «Alxamdulillax Vassolatu Vassalamu Ala Rosulillax»deb keyin azon duosini aytsak to‘g‘ri bo‘ladimi, bidatmasmi?
2). Bomdodni masjidda jamoat bilan o‘qish uchun bordim. Borganimdan takbir aytildi. Farzni o‘qdik, sunnatni o‘qiyolmay qoldim. Bir kishi quyosh chiqqanidan keyin qazosini o‘qing dedi. Man o‘qimadim. Savol javoblarda bomdodni sunnatini o‘zini o‘qiyolmay qoldirsa qazosi o‘qilmaydi, farzniyam sunnatiniyam o‘qimasa ikalasini qazosi o‘qiladi deb o‘qigandim. Man to‘g‘ri qilganmanmi?
3). Do‘stlarimiz bilan 100$ dan 11 kishi cherniy kassa o‘ynaganmiz. Kecha 10-kishi oldi, 11-kishiga navbat kelganda dollar tushib ketsa(masalan 10-kishigacha 800dan 850 gacha ko‘tarilgandi)100 $ 700 bo‘lib qolsa oladigan odam ichidan norozi bo‘ladi. Oxirgi oladigan kishi o‘ziga navbat keguncha 800.000dan oshiq so‘mni dollar qilib bergan, o‘ziga kelganda oladigan 1000 dollarini so‘m qilsa 7 mln bo‘lib qolsa hammamiz uchun ribo bo‘lib qolmaydimi? Shunday vaziyatda birovni haqqi birovga o‘tib ketmaydimi? Rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Shuncha yillardan beri azon aytiladi, duo qilinadi, lekin sunnatga muvofiq duo qilishda kamchiliklar uchraydi. Azon duosidan avval biror bir o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovat aytilganini eshitilmaydi. Duoda salovat aytinglar degan amrlarini tark qilib, o‘zlari tarafidan har xil qo‘shimchalar qo‘shib olishadi. Azon tugagach avvalo salovat aytish kerak, keyin duo qilish kerak, keyin har kim o‘z hojatini so‘rashga mashg‘ul bo‘lishi kerak. Azon aytishda ham kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘yiladi. عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا سَمِعْتُمُ النِّدَاءَ فَقُولُوا مِثْلَ مَا يَقُولُ الْمُؤَذِّنُ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ وَزَادَ غَيْرُ الْبُخَارِيِّ ثُمَّ صَلُّوا عَلَىَّ، فَإِنَّهُ مَنْ صَلَّى عَلَيَّ صَلَاةً صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ بِهَا عَشْرًا، ثُمَّ سَلُوا اللهَ لِي الْوَسِيلَةَ، فَإِنَّهَا مَنْزِلَةٌ فِي الْجَنَّةِ لَا تَنْبَغِي إِلَّا لِعَبْدٍ مِنْ عِبَادِ اللهِ، وَأَرْجُو أَنْ أَكُونَ أَنَا هُوَ، فَمَنْ سَأَلَ اللهَ لِيَ الْوَسِيلَةَ حَلَّتْ لَهُ الشَّفَاعَةُ Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon azonni eshitsangiz, muazzin aytayotgan narsani aytinglar», dedilar». Beshovlari rivoyat qilishgan. Buxoriydan boshqasi: «So‘ngra menga salavot aytinglar, chunki kim menga bir salavot aytsa, albatta, Alloh unga o‘n salavot aytadi. Keyin menga Vasilani so‘ranglar. Bas, u jannatdagi bir manzila bo‘lib, Allohning bandalaridan bittasigagina lozim bo‘lur. O‘sha banda men bo‘lishimni orzu qilaman. Kim menga Vasilani so‘rasa, unga shafoat halol bo‘lur»ni ziyoda qilgan. 2). To‘g‘ri. 3). Har biriga 100dan bergan bo‘lsa 100ni oladi. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 16:13 | Savol-javoblar | 154 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar