Lafzdan qaytish

Assalomu alaykum! Qilayotgan ishlaringizda Alloh sizlarga kuch ato etsin. Yaqinda bir do‘stimi Tvitter ijtimoiy tarmog‘ida «Mana shu postim soat 20:00gacha 200 RT («Layk», «Menga yoqdi»ga o‘xshash) yig‘sa RT bosganlarni hammasiga 20.000 so‘mdan Paynet qilib beraman» deb lafz qilib qo‘ydilar. Aytilgan vaqtgacha keragidan ortiq RT to‘plandi. Muddat yakuniga etganida bu gapni yozganda hazillashganliklarni va RT to‘plashda noxolislikka yo‘q qo‘yilganini, bitta odam soxta akkauntlardan xam RT bosdi deb iddao qilishga o‘tdilar. Men qatori ko‘pchilik (hattoki o‘sha odamning yaqin do‘stlari ham) erkak kishini lafzi bitta bo‘lishi kerakligini, u kishi 20.000 so‘mdan to‘lov amalga oshirishlari kerakligini takidlashdi. Sababi RT yig‘ilishi boshlanishidan oldin u kishi sohta ovozlar qabul qilinmaydi demagan edilar. Men u do‘stimizga pul to‘lashni istamasangiz ikki rakat nafl namozini o‘qib, tavba qilib, halqdan uzr so‘rang dedim. Afsuski u kishi o‘zini xaq bilib bu ishni ham qilishni hohlamadilar. Sizlardan iltimos mana shu vaziyatga oydinlik kiritib bersaniz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo vafotlaridan oldin yonidagilarga: “Men falonchiga qizimni beraman deb aytmagandim, lekin va’daga o‘xshash gap gapirgandim. Guvoh bo‘linglar qizimni unga nikohlab berdim. Allohning huzuriga uchdan birim munofiq bo‘lgan holatda yo‘liqishni xohlamayman” dedilar. Uchdan biri munofiq bo‘lishidan murod ushbu hadisga ko‘ra: Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda yolg‘onchilik munofiqlikning uchdan bir qismi sifatida bayon qilingan: «Munofiqning alomati uchtadir: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’da bersa, xilof qiladi, ahd qilsa, aldaydi». Demak, yolg‘onchilik munofiqlikning birinchi va etakchi sifatidir. Yolg‘on gapirgan odam munofiqlikning uchdan birini qilgan bo‘ladi. Albatta, yolg‘onchi va’dasida turmaydi, ahdiga vafo ham qilmaydi. Oqibatda bunday odam to‘liq munofiq bo‘ladi. Munofiqlik esa kofirlikdan ham yomonroqdir. Munofiqlar Qur’oni Karimning ta’biri bilan aytganda, jahannamning eng to‘ridan joy oladilar. Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda jumladan, shunday deyiladi: Bir odam kelib: «Ey Allohning Rasuli! Do‘zax amali nimadir?» deb so‘radi. Rasululloh: «Yolg‘onchilikdir. Agar banda yolg‘on gapirsa, fojirlik qiladi, fojirlik qilsa, kofir bo‘ladi, kofir bo‘lsa, do‘zaxga kiradi», deb javob berdilar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 21:42 | Savol-javoblar | 184 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar