Iltimos Shayx Xazratlari Tish plombasi borasida yordamingiz kerak! (Qayta)

Assalamu aleykum wr wb! Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xazratlari. Bir savolga juda qiynalyapman. Tish plombasi borasida. Forumdagi barcha tish plombasi mavzularini o‘qib chiqdim. Lekin o‘zimga kerak jovob topa olmadim. Hilol.’om saytidan tish plombasiga oid savol javobingizni ham eshitdim. Aytishingizcha "tahorat bilan qo‘yilgan tish plombasi g‘usl va tahoratga monelik qilmaydi" debsiz. Lekin menda ahvol boshqacharoq. Tish plombasini bir necha yil oldin (aniq esimda yo‘q) qo‘ydirganman. U paytlarda na tahorat na g‘usl nimaligini bilmasidim. Bundan ko‘rinib turibdiki plomba na tahorat ila na g‘usl ila qo‘yilgan. Hozirgacha o‘sha qo‘yilgan plomba tishim kovagini bekitish uchun, taomlar kirib qolib ketmasiligi uchun hizmat qilib kelmoqda. Hasan Yovosh ismli birodarimizning Almata shaxrida 2008-yil nashr qilingan o‘zbekcha "Namoz kitobi" ismli kitob qo‘limga tushib qoldi. Shunda kitobning 71-betida yozilishicha "Hanafiy mazhabidagi mo‘minning o‘z mazhabi bo‘yicha qila olmagan biron amalni qila olishi uchun Shofi‘iy (yoki Molikiy) mazhabini taqlid qilishida bir bais yo‘qdir" (Maroq il-faloq asaridan olingan) deyilgan. Gap aynan "Tish qo‘ydirganlar va plombasi bo‘lganlar uchun" degan mavzuda yozilganSavolim:1. Hozirgi kunda shu plomba bilan ibodatlarni davom ettirsam bo‘ladimi? Alloh o‘zi rozi bo‘ladigan ibodat qilish uchun nima qilmog‘im kerak? Agar mutahasislar tasdiqlashsa plombani qayta (g‘usl ila) qo‘ydirishga rozi edim.2. Yuqorida ko‘rsatilgan kitob asoslimi? Bunga binoan Shofi‘iy (yoki Molikiy) mazhabini taqlid qilib g‘usl qilsam bo‘ladimi. Agar mumkin bo‘lsa namozga niyatda ham taqlid qilish kerakmi? To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsating. 3. Yuqorida ko‘rsatilgan "Namoz kitob"ining 88-bet "SATRI AVRAT - Avrat va mo‘minlarning xijoblari haqida" bo‘limida shunday yozilgan: "Erkaklarda avrat kindikdan tizza ko‘zining tagigachadir. Tizza avratdan hisoblanadi. Hanafiy mazhabida o‘sha joylari ochiq holda o‘qilgan namoz qabul bo‘lmaydi. Namozda vujudning boshqa qismlarini ham berkitish, masalan: qo‘llarni, boshni yopish va paypoq kiyib namoz o‘qish Hanafiyda erkaklarga sunnat. Bu a‘zolarni hech qanaqa zaruratsiz ochib, namoz o‘qish makruhdir" deyilgan. Bunga fikringiz?Oldindan rahmat. Alloh rozi bo‘lsin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
1. Hozirgi kunda shu plomba bilan ibodatlarni davom ettirsam bo‘ladimi? Alloh o‘zi rozi bo‘ladigan ibodat qilish uchun nima qilmog‘im kerak? Agar mutahasislar tasdiqlashsa plombani qayta (g‘usl ila) qo‘ydirishga rozi edim.- Hozirgi kunda mazkur plombalar bilan ibodatlarni davom ettirsangiz bo‘ladi. Chunki, ularni dardni davolash maqsadida qo‘yilgan. Bunday narsalar jabiyra deyiladi va ularning ostidagi tishga suv tegishi shart emas.2. Yuqorida ko‘rsatilgan kitob asoslimi? Bunga binoan Shofi‘iy (yoki Molikiy) mazhabini taqlid qilib g‘usl qilsam bo‘ladimi. Agar mumkin bo‘lsa namozga niyatda ham taqlid qilish kerakmi? To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsating. - U kitobni men o‘qiganim yo‘q. Har kim o‘z mazhabini ushlagani ma’qul.3. Yuqorida ko‘rsatilgan "Namoz kitob"ining 88-bet "SATRI AVRAT - Avrat va mo‘minlarning xijoblari haqida" bo‘limida shunday yozilgan: "Erkaklarda avrat kindikdan tizza ko‘zining tagigachadir. Tizza avratdan hisoblanadi. Hanafiy mazhabida o‘sha joylari ochiq holda o‘qilgan namoz qabul bo‘lmaydi. Namozda vujudning boshqa qismlarini ham berkitish, masalan: qo‘llarni, boshni yopish va paypoq kiyib namoz o‘qish Hanafiyda erkaklarga sunnat. Bu a‘zolarni hech qanaqa zaruratsiz ochib, namoz o‘qish makruhdir" deyilgan. Bunga fikringiz?- Mazkur avrat joylarni namozda to‘sib o‘qish farzdir. Ba’zi a’zolar ochilib qolsa nima bo‘ladi va shunga o‘xshash savollarga keyingi jumlalarda javob keladi.Bir a’zoning to‘rtdan birining ochish namozni man qiladi.Agar unutib ochilgan bo‘lsa va ochilishi bir ruknni ado etilishicha vaqt davom etsa va a’zoning choragidan ozi ochilsa, namoz botil bo‘lmaydi. Agar mazkur miqdorni namozxon qasddan ochsa, namozi darhol buziladi. Boldirning o‘zi bir a’zodir. Uning to‘rtdan biri ochilib qolsa va mazkur muddatgacha yopilmasa, namoz botil bo‘ladi. Son, zakarning yolg‘iz o‘zi va ikki turmuq ham. Osilib tushgan soch ham.Bularda ham oldingi zikr qilingan hukm sobit bo‘ladi.Avratni to‘sish deganida shariat talabiga binoan to‘sish ko‘zda tutilgan. Bunda avratni to‘sadigan narsaga quyidagi shartlar qo‘yilgan:1. Kiyim badanning rangini bilintirmaydigan darajada qalin bo‘lishi lozim.2. Kiyim badanning hamma tarafini to‘sishi lozim. Biror tarafi ochilib qolsa ham bo‘lmaydi.

30 Aprel 2022, 21:53 | Savol-javoblar | 174 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar