Al-azkor kitobi haqida

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, men Abu Zakariyo Yaxyo ibn Sharaf Navaviy tarjimon Anvar Axmad, AL-AZKOR 2017 kitoblarini xarid kildim. bu kitobda keltirilgan xadislar saxixmi? 2). Unda keltirilicha: Muslim ibn Xoris Tamimiyga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shivirlab: Shom namozini o‘qib bo‘lsang: Allohumma ajirni minan nar (Alloh menga do‘zaxdan najot ber) deb etti marta ayt. Shuni aytgan kechangda vafot etsang, senga do‘zaxdan omonlik yoziladi. Shu amalni qilsam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Imom Navaviyning “Azkor” kitobi butun Islom olamida ishonchli manba. Hozirgi kunda hadis ilmida silsilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan davom etmagan, o‘zicha kitob ko‘rib hadislarni sahih yoki zaifga ajratadigan kishilar paydo bo‘ldi. Ular ummatning bu fanda toq sanalagan, butun ummat e’tirof qilgan imom Buxoriy va imom Muslimdek kishilarning kitoblarini ham qayta o‘rganib chiqish kerak deb u kitoblar haqida ham o‘zlaricha fikr aytishdi. Zaif hadislar borasida odamlarni badgumon qilib qo‘yishdi, ularni o‘z maqomiga qo‘yishmadi. Etuk ulamolar chiqargan hukm ustiga qizil chiziq tortib yuborishdi. Aslida keyingi ulamolar zaif deb hukm qilgan hadislarning hammasi ham to‘qima darajasida emas. Bunga minglab misol keltirishimiz mumkin. Qirq hadis to‘plash to‘g‘risidagi kelgan hadis hamma turuqlarini e’tiborga olsa ham hasan darajasiga etmaydi. Shunday bo‘lsa ham har asrda ulamolar turli mazularda qirqtadan hadis to‘plashga qattiq ahamiyat berishgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabri shariflarini ziyorat qilish to‘g‘risidagi hadislar ham zaif, ammo sahobalardan tortib shu kungacha butun ummat bu hadislarga amal qilib kelishadi. Biz yuqorida aytib o‘tgan kishilar esa odamlarni zaif hadislar haqida badgumon qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabri shariflarini ziyorat qilishni harom deb hukm qilishgacha borishgan. Aslida bu o‘rinda bir narsaga e’tibor qaratish kerak, hadisning misoli katta ariqda oqib kelayotgan suvga o‘xshaydi. Roviylar esa o‘sha ariqqa qo‘yilgan to‘g‘onlarga o‘xshaydi. Suvning avvalidagi to‘g‘onlarga hech narsa tiqilmay keyingi pastdagi to‘g‘onlardan biriga o‘limtik to‘silib qolsa va suv uning ustidan oqib o‘tsa undan keyingi kishilar u suv nopok deb hukm qilinadi. Undan avvalgilari esa pok deb hukm qilinadi. Xuddi shuningdek mazhab mujtahidlari davrida ularga etib kelgan hadislar sahih bo‘lib, o‘sha hadislarni zaif bo‘lishiga sababchi bo‘lgan roviylar hali tug‘ilishmagan edi. Shuning uchun mazhab ulamolari biror hukmni aytsa qabul qilamiz, ulardan keyingi kelgan roviylarni hisobga olib hadisga amal qilishni bekor deyolmaymiz. Siz aytgan hadis ham amal qilishga loyiq. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 11:56 | Savol-javoblar | 156 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar