Tushunarli, lekin tushunib bo‘lmas holatlar

Assalomu alaykum! Qaysidir imom xatiblar ma’lum masalalarda (zakot sadaqa va shunga o‘xshash) Allohni qarzdor qiling degan mazmunidagi gaplarni gapirishadi. Axir salomat yurishinga, ishlashga quvvat bergan va yana ko‘p ne’matlarni bergan Allohku. Qanday qilib banda Uni qarzdor qilish mumkin? Aqli raso kishi buni mumkinmasligini aniq biladi. Aytingchi bu xaqida imomlarga e’tiroz bildirish o‘rinlimi yoki ular bunga xaqlimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Muzzammil” surasi 20-oyatida marhamat qiladi: فَاقْرَؤُوا مَا تَيَسَّرَ مِنْهُ وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَأَقْرِضُوا اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا وَمَا تُقَدِّمُوا لِأَنفُسِكُم مِّنْ خَيْرٍ تَجِدُوهُ عِندَ اللَّهِ هُوَ خَيْرًا وَأَعْظَمَ أَجْرًا وَاسْتَغْفِرُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ۝ «Endi undan muyassar bo‘lganicha qiroat qilinglar. Va namozni qoim qilinglar, zakot beringlar va Allohga «qarzi hasanaa» beringlar. O‘zingiz uchun nima yaxshilik taqdim qilgan bo‘lsangiz, Allohning huzurida undan da yaxshiroq va ulkanroq ajrni topasiz. Va Allohdan mag‘firat so‘rang. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir». Oyatda kelgan «Allohga «qarzi hasanaa» beringlar» jumlasi haqida ham bir oz to‘xtalib o‘tishimiz lozim. «Qarzi hasana» – birovga qarz berib, ustiga ustama olmaslik, ya’ni sudxo‘rlik qilmaslikdir. Oyatda odamlarga beriladigan qarz Allohga nisbat berilayotgani boylarga tanbehdir. Ya’ni «Kambag‘al-muhtojga qarz berganing Allohga qarz berganing bilan barobar. Kambag‘alga minnat qilmagin. Balki rahmat aytgin, chunki u sening savobga sazovor bo‘lishingga sabab bo‘ldi», deganidir. Islom ta’limotlari har bir narsada yuksak insoniy fazilatlar hukm surishini yo‘lga qo‘yib kelgan va, inshaalloh, shunday bo‘lib qoladi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

1 May 2022, 19:23 | Savol-javoblar | 160 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar