Allohdan qo‘rqib yig‘lash

Assalomu alaykum! Men bir maruzada eshitgan edim, unda aytilishicha bir hadisda(xato yozgan bo‘lsam Alloh, kechirsin) Kimki Alloh, uchun bir tomchi ko‘zyosh to‘ksa unga do‘zox xaromdir degan mazmundagi sahih hadis bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz bir narsani tushuning, ba’zi bir odamlar qaysi bir hadisda bir fazilatli amal kelsa o‘shani bajarsa o‘zini o‘sha hadisga binoan jannatiyman deb hisoblab oladi. Vaholanki boshqa o‘rinlarda falon ishni qilmasang, fulon ishni qilmasang, falon ishni qilsang do‘zaxga tushasan degan oyat va hadislarni xayoliga ham keltirmaydi. Albatta farzlarni o‘z vaqtida ado qilsa, haromdan saqlansa va o‘sha fazilatli ishni qilsa fazilatidan umidvor bo‘lish kerak. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: سَبْعَةٌ يُظِلُّهُمُ اللهُ فِي ظِلِّهِ يَوْمَ لَا ظِلَّ إِلَّا ظِلُّهُ: الْإِمَامُ الْعَادِلُ، وَشَابٌّ نَشَأَ فِي عِبَادَةِ رَبِّهِ، وَرَجُلٌ قَلْبُهُ مُعَلَّقٌ فِي الْمَسَاجِدِ، وَرَجُلَانِ تَحَابَّا فِي اللهِ اجْتَمَعَا عَلَيْهِ وَتَفَرَّقَا عَلَيْهِ، وَرَجُلٌ طَلَبَتْهُ امْرَأَةٌ ذَاتُ مَنْصِبٍ وَجَمَالٍ فَقَالَ إِنِّي أَخَافُ اللهَ، وَرَجُلٌ تَصَدَّقَ فَأَخْفَى حَتَّى لَا تَعْلَمَ شِمَالُهُ مَا تُنْفِقُ يَمِينُهُ، وَرَجُلٌ ذَكَرَ اللهَ خَالِيًا فَفَاضَتْ عَيْنَاهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أبَا دَاوُدَAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo etti kishini O‘z soyasidan boshqa soya yo‘q Kunda soyasiga olur: odil imom, o‘z Robbisi ibodatida o‘sgan yosh, qalbi masjidlarga bog‘liq kishi, Alloh yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rib, Alloh uchun jam bo‘lib, Alloh uchun ajrashadigan ikki kishi, mansab va husn-jamol egasi bo‘lgan ayol o‘ziga chaqirganda «Men Allohdan qo‘rqaman» degan odam, sadaqani maxfiy qilib, hatto o‘ng qo‘li qilgan sadaqani chap qo‘li bilmay qolgan odam va xoli qolib, Allohni eslaganda ko‘zidan yosh oqqan odam», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan. «Allohni xoli qolib eslaganida ko‘zidan yosh oqqan odam». Bu erda taqvodorlik riyokorlikdan xoli bo‘lishi haqida so‘z bormoqda. Kishilarning ko‘ziga taqvodor bo‘lib ko‘rinish juda ham oson. Ko‘pchilik oldida Allohni eslab, ko‘zidan duv-duv yosh to‘kadiganlar oz emas. Lekin haqiqiy taqvodor yolg‘iz o‘zi qolganda Allohdan qo‘rqib, ko‘zidan yosh to‘kadigan odamdir. Ana shunday darajaga etgan odamgina haqiqiy taqvodor hisoblanadi. Ana shunday darajaga etgan odamgina Qiyomat kuni Alloh taoloning soyasidan panoh topish baxtiga muyassar bo‘ladi. Alloh taolo bizlarni ham o‘shanday bandalar qatorida qilsin va hadisi sharifda zikr etilgan sifatlarga sohib bo‘lishimizni nasib aylasin. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

2 May 2022, 06:41 | Savol-javoblar | 173 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar