Farzni o‘qib joyidan jilish

Assalomu alaykum! Shom namozini farz bilan sunnatni bir joyda o‘qib bo‘lmaydimi? Ya’ni farzni o‘qib bo‘lib joynamozni ozgina biror tomonga surib joyni o‘zgartirish kerakmi? 2). Yumshoq joyda masalan ko‘rpa ustida namoz o‘qib bo‘lmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Ibodat qilinadigan joy ibodat qiluvchining foydasiga guvohlik beradi. Alloh taolo "Zalzala" surasida marhamat qiladi:  يَوْمَئِذٍ تُحَدِّثُ أَخْبَارَهَا۝ 4. O‘sha Kunda u (er) o‘z xabarlarini aytadir.
Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar aytiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «O‘sha kunda u (er) o‘z xabarlarini aytadir» oyatini qiroat qildilar va:
– Uning xabari nimaligini bilmaysizlarmi? – dedilar.
– Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq, – deyishdi.
– Albatta, uning xabari har bir banda va cho‘riga o‘z ustida nima qilgani haqida guvohlik berishidir. «U falon kuni falon-falon ishni qildi», deb aytadir. Bas, ana shular uning xabarlaridir, – dedilar u zot.
Imom Tobaroniy rivoyat qilgan hadisda esa: «Erdan hushyor bo‘ling¬lar. Zotan, u onangizdir. Albatta, uning ustida qaysi bir yaxshi yoki yomon amal qiluvchi bo‘lsa, u, albatta, uning xabarini beruvchidir», – deyilgan.
Shuning uchun ibodatga guvoh bo‘ladigan joylarni ko‘proq bo‘lgani yaxshi. عن أبي هريرة عن النبي صلى الله عليه وسلم قال : أيعجز أحدكم إذا صلى أن يتقدم أو يتأخر أو عن يمينه أو عن شماله  رواه أحمد وأبو داود ، ورواه ابن ماجه Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Biringiz namoz o‘qigandan keyin(boshqa nafllarni o‘qish uchun) oldiroqqa yoki orqaroqqa yoki o‘ng yoki chapga siljib olishdan ojiz qoladimi” dedilar.
Abu Dovud va ibn Moja rivoyatlari.  
Ammo buni deb boshqalarga tanglik etkazmaslik kerak. Buni imkoni bemalol bo‘lganda qilinadi. Sajda qilinganida yuz g‘oyib bo‘lib ketadigan darajada yumshoq joyga sajda qilmaslik kerak. Vallohu a’lam!

2 May 2022, 08:32 | Savol-javoblar | 152 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar