Qarzni bir qismini kechish

Assalomu alaykum! O‘tgan savolni mazmunini xato tushingan ekanman. Aslida esa shunday ekan: Bir kishi ikkinchi kishiga 2 million so‘m qarz berdi dekabr oyigacha. Ikkinchi kishi dekabr kelmasdan 1,5 million so‘mini uzdi. Keyin qarz bergan kishi “qolganini ham dekabrgacha bersangiz 500 ming emas 400 ming berasiz, roziman” dedi. Shu ish joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Bu masala shariatda "ضع و تعجَّل" za’ va ta’ajjal, ya’ni «ma’lum bir qismini kechgin, naqd to‘layman» deyiladi. Bizning mazhabimizda bu masala nasiya savdosiga tegishli bo‘lib, bir kishi biror narsasini ma’lum muddatga, masalan, bir yilga 1000ga sotib, muddati etib kelmasidan, bir yilgacha kutishni xohlamay, misol uchun, «900 naqd bersang, 100ni kechdim», deyishi yoki xaridor «900 naqd beraman, 100ni kechgin», deyishi shar’an joiz emas. Bu ribo hisoblanadi. Ribo faqat muddati o‘tib ketgani uchun foiz qo‘shib berishdagina emas, balki muddati etib kelmasidan naqd bersa, kechib yuborishda ham bo‘ladi. Muddati etib, to‘lashi vojib bo‘lganidan keyin sotuvchi xaridorga «1000dan 100ini kechdim», desa yoki xaridor «Iltimos, 100ni kechsangiz», desa-yu, xaridor kechib yuborsa, zarari yo‘q.
Naqd savdoda esa kechib yuborish ribo sanalmaydi («In’omul Boriy»). Vallohu a’lam!

2 May 2022, 19:30 | Savol-javoblar | 142 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar