Ba’zi masalalarda boshqa mazxabga ergashish

Assalomu alaykum! Sizlarni 3139-savolga bergan javoblaringizni ukib shuni tushundikki faqat bir mazxabga ergashish kerak ekan. Ammo, nima uchun bizni yurtimizdagi ulamolar bazi bir masalalarda Xanafiy mazxabini qo‘yib, boshqa mazxabga ergashadilar. Masalan: Ramazon oyini belgilashda va Xayt kunini belgilashda Shofeiy mazxabiga ergashadilar. Vaxolanki, Xanafiy mazxabida mag‘ribdagi odamga oy ko‘rinsa mashriqdagi odamga unga ergashish vojib bo‘lar ekan. Ya’ni bir mazxabga ergashish degani faqat bir Imomni gapini olish deganimi yoki bazi masalalarda daliliga qarab boshqa mazxablarni gapini olsa xam bo‘ladimi? uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Mazhablar rahmatu-rahmat. Chunki o‘sha mazhabboshilari oyat va hadislardan qancha masalalar ijtihod qilinishi  mumkin bo‘lsa hammasini qilib bo‘lganlar. To‘g‘ri, juda ko‘p masalalarning dalila bitta bo‘lsada undan tushunilingan masalalar turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan Qur’onda hayz ko‘radigan ayollar taloq qilinsa “uch quru idda o‘tiradi” deyilgan. Quru so‘zi hayz ma’nosini ham bildiradi, poklik ma’nosini ham. Hech kim ikkala ma’noda ham ishlatilishini inkor ham qilolmaydi. Ba’zi hadislardan qurudan hayzni tushunish kerak deyilsa, boshqa bir hadislarda poklikni tushunish kerak deyilgan. Bu kabi holatlar yuzminglab bor. Aniq qaysi birini olish kerakligini aytib beradigan zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlar. Vaholanki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonalarida bu narsa sodir bo‘lganida ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam inkor qilmaganlar. Ulamolar holatni o‘rganib chiqib biror masalada boshqa mazhabning qavlini olishga muhtoj bo‘lsalar yakdillik bilan o‘shanga fatvo beradilar. Masalan eri safarga ketib dom darakasiz bo‘lib ketganning xotini hanafiy mazhabida erining tengqurlari vafot topib ketgunicha xotini boshqaga turmushga chiqishi joiz emas deyilgan va shunday holatlarda onalarimiz sabr qilib, Allohning ajridan umid qilganlar va albatta Allohning huzurida buning ajrini oladilar. Hozirgi kunda esa eri ko‘chaga chiqib ketib qolib, ko‘proq yo‘q bo‘lib qolsa fitnaga duchor bo‘lib gunoh ishga qo‘l urib qo‘yish holatlari yuz  bermoqda. Ulamolar buni inobatga olib dom daraksiz yo‘q bo‘lib ketgan kishining xotini haqida molikiy mazhabining fatvolarini berishmoqda. Moliyaviy muomalalarda ehtiyoj darajasi o‘ta yuqori bo‘lib ketgani uchun imkon qadar to‘rttala mazhabdan joiz bo‘lgan qavlga fatvo berishmoqda. Agar o‘sha mazhablar bo‘lmaganida, oyat va hadislardan tayyor qilib ijtihod qilinmaganida hozirgi davrning ahli ilmlari u ijtihodlarni qilolmasliklari aniq edi. Chunki bitta jelatin xususida butun dunyo ulamolari hali bir to‘xtamga kelisholmadilar. Hozirgi kundagi undan bundan cho‘qilab o‘ziga yoqqaniga amal qilib ketishning oqibati o‘ta xatarli. Bir narsani unutmang, bir mazhabga amal qilish boshqa, majbur bo‘lib amal qilolmaslik boshqa. Vallohu a’lam!

2 May 2022, 20:01 | Savol-javoblar | 155 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar