Harom pulni sadaqa qilish

Assalomu alaykum! Bir tanish do‘stim juda ko‘p ehsonlar qiladi, qarindoshlariga, do‘stlariga va begonalarga juda ham ko‘p pullar sarflab yaxshilik qilar ekan. Undan buncha pulni qaerdan olishini so‘rasam sportga pul tikib ishlar ekan. Axir bu ishing xaromku desam, “topgan pulimdan hech qaysisini o‘zim uchun ishlatmayman, barchasini yaqinlarim uchun sarf qilaman dedi”. Meni bu juda ham o‘ylantirib qo‘ydi, naxotki shunday xarom pulni yaxshilikka ishlatsa bo‘ladi?!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Harom pulni savob umidida sadaqa qilish kufr hisoblanadi. Chunki harom pul Allohning nazdida najosatdan battardir. Go‘yo inson bir uyum najosatni Allohga “qabul qil” deb taqdim qilishga o‘xshaydi. Birortasi o‘sha do‘stingizga axlatxonadan bir chelak axlat olib kelib “bu senga qabul qil” desin, qanchalar darg‘azab bo‘ladi. Eng achinarlisi o‘sha yordam berib ehson qilgan odamlari qiyomat kuni “nega haromdan edirding” deb uni yoqasidan olishadi. Haromdan topganning gunohi esa bo‘ynida bo‘ladi. Unday pulning hukmi savob umid qilmasdan faqir-miskinlarga sadaqa qilish. Qiyomat kuni bo‘lganida bir insonni olib kelinadi. U hayotida yaxshilikning birorta ham yo‘lini qoldirmay hammasiga sarflagan bo‘ladi. Masjid qurgan, faqir-miskinlarni taomlantirgan, kitoblar tarqatgan, iftorliklar qilib bergan va hokazolar. Shunda unga Alloh taolo tarafidan do‘zaxga tashlansin degan hukm chiqariladi. Farishtalar xayron bo‘lib, shuncha yaxshiligi zoe bo‘ladimi? – deyishganida, “Uning topganini asli haromdan edi, sarflaganlari ham o‘shaning foydasidan bo‘lgan edi. Allohning huzurida faqat pokiza nafaqalar qabul bo‘ladi” deyiladi. Vallohu a’lam!

2 May 2022, 20:53 | Savol-javoblar | 165 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar