Mumtoz adabiyot haqida

Assalomu alaykum! Mumtoz adabiyotimizda ishq mavzusi keng yoritilgan. Adabiyotshunoslar bunday ishqni ishqi ilohiy deb tahlil qilishadi. Shunday ishq, muhabbat madh etiladigan g‘azal, masnaviy, muxammas va boshqa janrdagi asarlarda mayga ishqning ramzi sifatida qaralgan, ya’ni may, uning safosi ishq lazzatiga tashbeh qilingan. G‘azallarda soqiy, sarmast, boda va boshqa ramziy so‘zlar orqali ishq majoz qilinadi. Savolim bunga shariatimizda qanday qaraladi? Xamr harom qilingan. Garchi ramziy ma’noda bo‘lsa-da, halolni harom bilan tashbeh etish joizmi? Fikrim mashhur shoir, adiblarimizning shaxsiyatiga qaratilmagan. Men o‘zim adabiyot muxlisiman, ayniqsa mumtoz adabiyotning. Bu savol doim meni qiziqtirib kelgan va bunga javob olishni xohlayman, xolos. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom!  Avvalda har soha mutaxassisi yoshligidan Qur’on yodlagan, Islom aqiydasini o‘rgangan, hayoti mobaynida yozgan she’r va hikoyalari oyat va hadis asosida bo‘lgan. Islom aqiydasiga muvofiq bo‘lgan. Shuning uchun omma xalq ularni sevib o‘qiganlar. Keyinchalik bu narsa qisman ba’zi shoir va yozuvchilarimizda topilsada aksarida topilmay qoldi. Ayni shu narsa tarjimonlarda ham. Avvalgi alifbodan kirill va lotin alifbosiga ko‘chiruvchilarda ham bo‘ldi. Islom aqiydasi va oyat hadislardan bebahra bo‘lishgan ko‘plab insonlar asl mohiyatini tushunmasdan tarjima qilishdi. Siz aytgan holatlar ham o‘shaning samarasidir. Vallohu a’lam!

3 May 2022, 09:26 | Savol-javoblar | 150 | Adabiyot
|
Boshqa savol-javoblar