Qizni kuyovga berish

Assalomu alaykum! Qizni kuyovga berganda qizning uyida to‘y qilish shariatimizda bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! NIKOH TO‘YINI QILISh KIMNING ZIMMASIDA? Avvallari bu savol o‘rtaga tashlanmagan, chunki nikoh to‘yi kimning zimmasida ekanini hamma yaxshi bilgan va unga amal qilgan. Hozir ham ko‘pchilik jamiyatlarda, hatto musulmon bo‘lmagan xalqlarda ham to‘yni er taraf qiladi. Agar «Nikoh to‘yini kelin taraf qilishi kerak» degan gap aytilsa, ularning hushi boshidan uchib ketishi turgan gap. Ayniqsa, «Osh qiz tarafda bo‘ladi. Kuyov taraf, holiga qarab, kelin taraf qilgan to‘y oshiga ikki yuz elliktagacha, ba’zida undan ham ko‘proq odam olib keladi. Agar kelin taraf ularni yaxshiroq kutib olmasa, baloga qoladi», deyilsa, mutlaqo ishonishmaydi. Ha, shariat ko‘rsatmasiga amal qilmaslik oqibatda inson tabiatiga to‘g‘ri kelmaydigan ana shunday narsalarni qilishgacha olib boradi. Aslida, nikoh to‘yini qilish er tarafning vazifasi. Bunga hujjat ham bor, dalil ham bor: 1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onalarimizga uylanganlarida barcha holatlarda, o‘sha vaqtning imkoniyatidan kelib chiqib, o‘zlari nikoh to‘yi qilganlar. Birorta onamizga: «Otangga ayt, to‘y qilib bersin», demaganlar. Zotan, o‘zini er bilgan odamga bu gapni aytish ordir. 2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylangan erkak sahobalarga nikoh to‘yi qilishni buyurganlar. Bunga yuqorida o‘tgan Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu xususidagi hadis misol bo‘ladi. 3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nikoh to‘yi qilishni, kambag‘al bo‘lsa ham, o‘z kuyovlari Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga topshirganlar. «Ertasiga Ali ibn Abu Tolib kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinroq joyga turdi va u zot eshitadigan qilib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlariga sovchilik qilmoqchi bo‘lgan edim. O‘zimning biror narsam ham yo‘q edi. Ammo yaqinlik va mehrlaridan umidvor bo‘lib so‘ragan edim», – dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol buni mulohaza qildilar va u kishiga og‘ir botmaydigan qilib: «(Mahrga) biror narsang bormi?» – dedilar. «Yo‘q, yo Rasulalloh», – deb javob berdi Ali. «Hutamiyya sovuting qani?» – dedilar. «O‘zimda, yo Rasulalloh», – dedi. «Bo‘lmasa o‘shani ber», – dedilar. Ali ibn Abu Tolib sovutni olib keldi. To‘y kechasi bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyov bo‘lmish Ali ibn Abu Tolibga: «Ey Ali, kelinga bir to‘y ham qilmoq kerak», – dedilar. Shunda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu: «Menda bir qo‘chqor bor!» – dedi. Ansoriylardan bir guruhi bir necha so’ jo‘xori jamlab kelishdi. Ana o‘sha narsalardan to‘y ziyofati uyushtirildi...». 4. Islom ummati va ulamolar jumhurining ijmo’i. Nima uchun nikoh to‘yi qilish erkakka yuklatilgan? Avvalo, erkakka erkak bo‘lganligi uchun nikoh to‘yi qilish yuklatilgan. Zotan, yangi qurilgan oila uning nomidagi oila bo‘ladi. Mazkur oilaning boshlig‘i aynan erkak bo‘ladi. Xotini qilib bergan to‘y erkakka sharaf emas, or-nomus bo‘ladi. Ikkinchidan, bir qiz ota‑onadan tug‘ilib, ularning tarbiyasini ko‘rib, endi voyaga etganda ularni va boshqa oila a’zolarini tashlab, boshqa tarafga yolg‘iz o‘zi borib, yangi oilaga a’zo bo‘lishga rozi bo‘lishining o‘zi kuyov va uning oilasi uchun sharafdir. Bu bilan, kuyov va uning oilasining jamiyatdagi obro‘si oshadi. Bunga esa, aynan kelin sababchi bo‘ladi. Shuning uchun ham kuyov taraf kelinning sharafiga to‘y beradi. ("Baxtiyor oila" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 16:24 | Савол-жавоблар | 161 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar