bir oilani buzish

Assalomu alaykum hurmatli shayx!Savol: Korgan, sifatlaridan xabardor qizni bir yigit yoqtirdi va u qizni yana ham chuqurroq o‘rganmoqchi , lekin u qiz turmushga chiqqan.shunday bo‘lsa ham agar u yigit ushbu o‘rganishida qizning unga eng munosib umr yo‘ldosh ekanligiga amin bo‘lsa, shuningdek, qiz ham u yigit haqida shunday fikrga kelsa yigit qizni hozirgi oilasidan ajratib unga uylanmoqchi. Yigit tutayotgan yo‘l tog‘rimi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Birovning oilasini buzish katta gunoh. Eri bor ayolga uylanishni xayolga ham keltirmaslik kerak. Bu ish mutlaqo mumkin emas.Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:«Kim bir ayolni eri bilan yoki qulni xojasi bilan orasini buzsa bizdan emas», dedilar».Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan.Xotin kishi ishonuvchi bo‘ladi. Unga eri haqida bo‘lmag‘ur gaplarni aytib, urishtirib oilani buzishga olib keladigan shaxs musulmonlardan bo‘lmas ekan. Mufhumul muxolafa, qoidasiga binoan erga xotin haqida turli bo‘lmag‘ur gaplarni aytib uni xotinga qarshi qayraydigan kishilar ham musulmonlarga xos bo‘lmagan ishni qilgan bo‘ladi. Aksincha musulmon inson nima qilib bo‘lsa ham eru xotinning orasini yaxshilashga harakat qilmog‘i lozim. Bu ma’noda shariatimiz hatto yolg‘on gapirishga ham izn bergan.Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:«Hech bir ayol o‘z singlisining tovog‘ini bo‘sh qoldirib, o‘zi nikohlanib olish uchun uning talog‘ini so‘ramasin. Albatta, unga ham taqdir qilingani bo‘lur», dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilishgan.Ayol kishilardan kim bo‘lishidan qat’iy nazar hech kim boy-badavlat, mansabli, obro‘li erkakni o‘ziniki qilib olish uchun avvalgi xotinini taloq qildirishga urunmasligi lozim. Rizqu ro‘z, oilaviy baxt masalalari taqdirga qarab bo‘ladi. Birovning oilasini buzishga uringandan ko‘ra, ularga baxt-saodat tilab, o‘ziga ham xuddi o‘shandoq, balki undan ham yaxshiroq oila bo‘lishini tilash, shuning uchun ham halol-pok yo‘l bilan harakat qilish kerak.Afsuski, ba’zi bir ayollar bu haqiqatni tushunib etmaydilar, to‘g‘rirog‘i tushinib etishga urinmaydilar ham. Ular uchun tayyor oilaga oson yo‘l bilan kirib olish baxt-saodat manba’si bo‘lib ko‘rinadi. Hadisi sharifga yaxshilab e’tibor beradigan bo‘lsak, birovning xotinini taloq qildirib, demasdan, o‘z singlisini, deyilmoqda. O‘sha ayol kim bo‘lishidan qat’iy nazar, mazkura yomon niyatli ayol uchun Islom bo‘yicha singil bo‘ladi. Bu singillik esa, nasab yo‘li bo‘yichalik singildan ko‘ra yaqinroq bo‘ladi. Chunki, o‘rtada iymon va Islom hurmati bor. Har bir mo‘mina-muslima ayol ushbu haqiqatni anglab etmog‘i kerak.Mufhumul muxolafa, qoidasiga binoan xotinni erdan aynitib o‘ziniki qilib olgan odam ham gunohkor bo‘ladi.

22 Апрел 2022, 13:29 | Савол-жавоблар | 201 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar