Ayollarga bid’at va sunnatni ajratib berish

Assalamu alaykum! Men anchadan beri bir narsani o‘ylab yurardim. Ayollar odatda ko‘p qiladigan ishlar haqida bir savol-javobda ma’lumot bo‘lsa deb. Ayollar tomonidan ko‘p qilinadigan ishlarga javob berish ko‘p vaqt ketmasligi uchun raqamlab yozib chiqsam. Sizlar raqamlarni tegishli guruhga ajratib bersangizlar mamnun bo‘lardik. Misol uchun 1-guruhga qilish yaxshi bo‘lgan amallar, 2-guruh ma’lum shartlar bilan joiz bo‘ladigan amallar, 3-guruh mutlaqo joiz bo‘lmagan amallar. Bid’at va sunnatni ajratishlari uchun foydali bo‘lardi.1. Chaqaloq tug‘ilsa kelin tomon suyunchi beradi, qiz bo‘lsa ozroq beriladi.
2. Yangi chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib kelinganda yoshi katta ayol tuz va shakar qo‘shilgan suvda cho‘miltiradi.
3. Beshikka ko‘zmunchoq, ko‘z tegmasligi, jin-arvohlar zarar qilmasligi uchun boshiga kulcha qo‘yiladi.
4. Bola yig‘loqi bo‘lib qolsa, yoki mehmonlar kelib ketsa yoyiqchiga yoydiriladi(odatda yoyiqchi ayolni yuki ko‘paysa baxshiga boradi).
5. Go‘dakni tishi sanalmaydi, oynaga qaratilmaydi, qarichlab o‘lchanmaydi.
6. Do‘ppi, to‘n tikuvchilar kechasi 2-3lar chamasi bozorga boradi. Chunki yorug‘ tushishi bilan bozor tugaydi(bitta damaschiga doimiy klient bo‘lishadi).
7. Sotayotgan ayollar do‘ppilarni kiyib turadi.
8. O‘zaro qo‘shni ayollar qizlik oilasidan biror kishi vafot etsa ham fotihaga borishadi. Garchi boshqa viloyatda bo‘lsa ham.
9. Ota-onasi o‘lgan ayol 10 kun atrofida ota uyida qoladi, bo‘lmasa uyat hisoblanadi.
10. O‘sha vaqt davomida ota-onasidan qolgan narsalarni eslab yurish uchun farzandlari orqali bir-bir uyiga jo‘natib turadi.
11. O‘n kuncha o‘tganda yaqin ayollar marhumning qiz va singillarini erinikiga tashlab keladi. Unda azador ayol va birga kelganlar qattiq yig‘laydilar. Sababi qo‘shni ayollar qancha vaqt otasinikida turib kelganini bilishi va yig‘lamadi demasligi uchun.
12. Qur’on o‘qib tugatgan qiz uchun ustozi ishtirokida “Mushkulkushod” qilinadi. O‘sha kundan keyin kelgan sovchilarga “eskichani tugatgan” deyiladi. Chunki o‘sha marosim bo‘lsa ustozini duosini olgan bo‘ladi. O‘qib bo‘lsa bu marosimni qilmaydiganlar ham bor. Bu holda ularni o‘qiganini birov bilmay qolishi mumkin.
13. Yangi kelinni to‘yni ertasiga kelin salomga olib chiqiladi. Yonida ikki ayol turib alik olishga qudalarni birma-bir chaqiradi. Kelin yaxshi egilmasa boshqalarga bildirmay orqasidan itaradi.
14. Erkak qudaga navbat kelganda alik olgach o‘z qizidek oilasiga iliq kutib olganlik ramzi sifatida kelinni yuzini ochib, peshonasidan o‘pib qo‘yadi.
15. Ushbu marosim davomida kelinning hovuchiga un, bug‘doy, guruch kabilar solinib duo qilinadi.
16. Kuyovning ayol qarindoshlaridan biri kelinni bir tomonga olib qochib “bermayman men bilan ketadi” deb tomosha ko‘rsatadi. Unga sovg‘alar berib olib qolgan bo‘lishadi.
17. Mahalladagi ayol qizlar kelin ko‘rgani to‘p bo‘lib kirishadi, ularga hamma mebelu pardalar ko‘rsatiladi(yotoqxona ham).
18. Sumalak uyushtirilganda yangi kelinlar, uzoq vaqt farzand ko‘rmaganlar farzand umidida yong‘oq tashlab kovlaydilar.
19. Unashtirilgan qiz o‘z to‘yiga taklif qilish uchun dugonasi bilan yasanib olib taklifnoma tarqatib yuradi.
20. Ba’zi marosimlarda yoshi ulug‘ ayollar "duoi ganjul arsh, durudi muazzam, muhri nubuvvat, durudi toj, lavhi buzurg" nomli kitobni ulashishgani kuzatilayapti. Bu duolar bitta kitobda jamlangan ekan. Yana u kitobni o‘qishga, olib yurishga targ‘ib qilishayapti. Bu ishlar hamma ayolga tegishli emas. Ularning yaxshi amallari ham juda ko‘p. Sayt xodimlariga noqulaylik tug‘dirgan bo‘lsam uzr.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1-bu ixtiyoriy narsa. Agar majburiy bo‘lib qolsa, Hanifa Raqqoshiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda : Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Musulmon kishining moli halol bo‘lmaydi, chin ko‘ngildan chiqarib bergan bo‘lsa mayli” degan hadislariga zid bo‘lib, oluvchiga halol bo‘lmaydi. Zohirda beruvchi rozi bo‘lgan ko‘ringani bilan bu ishni hijolat bo‘lganidan yoki gap-so‘zdan qo‘rqqanidan qilgan bo‘lsa, u ham halol bo‘lmaydi.
2-Bu tibbiyotga tegishli. Agar bolaga shu narsa foyda berishi tajribadan o‘tgan bo‘lsa, uning zarari yo‘q.
3-Bunday qilish bid’at. Bu borada shariat ko‘rsatgan ishlarga amal qilish kerak.
4-Bunda ham shariat ko‘rsatgan ishlarga amal qilish kerak.
5-Bu ham bekorchi gap.
6-Sharoit shuni taqozo qilsa buning zarari yo‘q.
7-Ko‘rsatish uchun bo‘lsa, buning ham zarari yo‘q.
8-Ayollar ta’ziya izhor qilishlari joiz. Shariat chegaralaridan chiqmasa bo‘ldi.
9-Aza uch kun. Undan ko‘p aza tutish halol bo‘lmaydi. Uch kun ichida ta’ziya izhor qila olmaganlar undan keyin izhor qilsalar ham joiz.
10-Meros taqsim qilinmasidan oldin o‘zboshimchalik bilan olishi harom hisoblanadi. Mabodo vafot topganning balog‘atga etmagan merosxo‘rlari bo‘lsa, qorinlariga do‘zaxning olovini egan bo‘ladi.
11- Aza uch kun. Undan ko‘p aza tutish halol bo‘lmaydi. Uch kun ichida ta’ziya izhor qila olmaganlar undan keyin izhor qilsalar ham joiz. Bunday qilishlari harom.
12-“Mushkulkushod” qilish shariatimizga zid. Unda shirkning ehtimoli bor.
13-Hozirgi kundagi kelin salomlar shariatga zid.
https://fiqh.uz/index.php/ibodat/halol-harom/gunohlar/626-ta-zim-ilishda-addan-oshmaslik 
14- https://fiqh.uz/index.php/fiqh-uz/dolzarb-mavzu/652-urmati-musokharat 
15-Rasululloh sollallohu alayhi vasallam inson hayoti mobaynida duch kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holatga Allohning ko‘rsatmalarini amaliy tarzda ko‘rsatib berganlar. Sahobalarni uylantirganlarida bunday ishlarni qilmaganlar. Duo qilish joiz.
16-Bu ham o‘ylab topilgan narsalar.
17-Haddidan oshmasin.
18-Bu noto‘g‘ri e’tiqod. Farzand so‘rash uchun tahorat olib, namoz o‘qib Allohdan so‘rasinlar.
19-Bunday qilishi noto‘g‘ri.
20-Bunday kitoblar mutlaqo noto‘g‘ri. Ularda aqiydaga zid bo‘lgan gaplar ko‘p. Xalqimiz bundan saqlanishlari kerak. Uning o‘rniga mahallaning faollari bo‘lgan va otin oyilarga “Baxtiyor oila” kitobini olib berish kerak. Vallohu a’lam.

27 Апрел 2022, 08:01 | Савол-жавоблар | 153 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar