Tahajjud namozi

Assalomu alaykum! Tahajjud namozi haqida batafsil ma’lumot bersangizlar. Alloh gunoxlarimizi kechirsin. Rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!Tahajjud namozi Bu namozning ozi ikki, ko‘pi sakkiz rakatdir. Alloh taolo: «Kechasida tahajjud (namozi) qil, senga nofila bo‘lur. Shoyadki, Robbing seni Maqomi mahmudda tiriltirsa», degan (Isro surasi, 79-oyat). Ushbu oyat ila tahajjud namoziga targ‘ib qilish Qur’onda kelgani eslatilmoqda. Kechasi bir uxlab turib o‘qiladigan namoz «tahajjud namozi» deb ataladi. Shuningdek, bu namoz «qiyom namozi» deb ham ataladi. Avval boshida bu namoz vojib bo‘lgan edi, bir yilchadan keyin vojibligi nasx qilingan. Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga kechaning qiyomi lozimdir. Chunki u sizlardan oldingi solihlarning odatidir. U Robbingizga qurbatdir, yomonliklarga kafforotdir, gunohlarni qaytaruvchidir», dedilar». Boshqa bir rivoyatda: «U jismdan dardni quvuvchidir» ham deyilgan Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilgan. Nafl namozlarining eng afzali tahajjud hisoblanadi. Chunki bu namoz hamma uxlab yotgan vaqtda o‘qilgani uchun riyodan uzoq, ixlosga yaqin bo‘ladi. Izoh: tahajjud xuftondan so‘ng uxlab, kechaning ikkinchi yarmida bedor bo‘lishdir. Uyg‘onishiga ishonchi bo‘lmasa, xufton namozidan keyin o‘qib olsa ham joiz. Raddul muhtor sohiblari tahajjud namoziga: «Har bir xuftondan keyin o‘qilgan namoz» deb ta’rif bergan. Afzali esa bir uxlab turib o‘qishdir.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يَنْزِلُ رَبُّنَا تَبَارَكَ وَتَعَالَى كُلَّ لَيْلَةٍ إِلَى السَّمَاءِ الدُّنْيَا حِينَ يَبْقَى ثُلُثُ اللَّيْلِ اْلآخِرُ، يَقُولُ: مَنْ يَدْعُونِي فَأَسْتَجِيبَ لَهُ، مَنْ يَسْأَلُنِي فَأُعْطِيَهُ، مَنْ يَسْتَغْفِرُنِي فَأَغْفِرَ لَهُ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Robbimiz tabaroka va taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganida dunyo osmoniga nozil bo‘ladi va: «Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so‘raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig‘for aytadiki, Men uni mag‘firat qilsam», deydi», dedilar».To‘rtovlari rivoyat qilganlar.Sharh: Bu hadisi sharifdan tahajjud namozini kechaning oxirgi uchdan birida o‘qish afzalligi bilinadi. Chunki o‘sha paytda Alloh taolo dunyo osmoniga tajalli qilgan va duo, so‘rov va istig‘forlarni to‘siqsiz qabul qilayotgan bo‘ladi. Albatta, bunday fazilatli vaqtni tahajjud namozi bilan o‘tkazayotgan banda g‘oyat ulug‘ maqomlarga erishishi turgan gap. U vaqtda bandaning qilgan duosi Alloh taolo tomonidan darhol qabul bo‘ladi, so‘ragan narsasi beriladi, gunohlari kechiriladi. Shuning uchun bu amalga, ya’ni tahajjud namozini kechaning oxirgi uchdan birida o‘tashga yana ham mustahkam bo‘lmog‘imiz lozim.وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يَنْزِلُ اللهُ إِلَى السَّمَاءِ الدُّنْيَا كُلَّ لَيْلَةٍ حِينَ يَمْضِي ثُلُثُ اللَّيْلِ الْأَوَّلُ، فَيَقُولُ: أَنَا الْمَلِكُ أَنَا الْمَلِكُ، مَنْ ذَا الَّذِي يَدْعُونِي فَأَسْتَجِيبَ لَهُ، مَنْ ذَا الَّذِي يَسْأَلُنِي فَأُعْطِيَهُ، مَنْ ذَا الَّذِي يَسْتَغْفِرُنِي فَأَغْفِرَ لَهُ، فَلَا يَزَالُ كَذَلِكَ حَتَّى يُضِيءَ الْفَجْرُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ. وَلِمُسْلِمٍ: إِنَّ فِي اللَّيْلِ لَسَاعَةً لَا يُوَافِقُهَا رَجُلٌ مُسْلِمٌ يَسْأَلُ اللهَ خَيْرًا مِنْ أَمْرِ الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ إِلَّا أَعْطَاهُ إِيَّاهُ وَذَلِكَ كُلَّ لَيْلَةٍYana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh har kechasi tunning avvalgi uchdan biri o‘tganida dunyo osmoniga nozil bo‘lur va: «Men podshohman! Men podshohman! Menga duo qiladigan bormi, uni qabul qilay! Mendan so‘raydigan bormi, unga beray! Menga istig‘for aytadigan bormi, uni mag‘firat qilay!» deydi. Toki fajr yorishgunicha shunday davom etadi», dedilar».Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.Muslimning lafzida: «Tunda bir soat bordir. Musulmon odam Allohdan dunyo va oxirat ishidan yaxshilik so‘ragan holida muvofiq kelib qolsa, albatta, mazkur narsani unga beradi. Har kecha shunday», deyilgan. Sharh: Bu hadisi sharif ham oldingi hadisga juda o‘xshab ketadi. Shuning uchun Allohning tavfiqi ila ba’zi farqli joylarini bir oz sharh qilishga urinamiz. Bu hadisda Alloh dunyo osmoniga kechaning avvalgi uchdan biri o‘tganida nozil bo‘ladi, deyilmoqda. Bu avvalgi hadisga xilof emas, balki nuzul bo‘lishining avvali kechaning avvalgi uchdan biri o‘tganiga to‘g‘ri keladi, deganidir. Kechasidagi duo qabul bo‘ladigan soat esa tayinli ma’lum soat emasdir. Bu soat tunning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelishi ma’lum, boshqasi noma’lum. Shuning uchun bu soatni topish uchun ijtihod qilish kerak bo‘ladi. Bu esa albatta, doimiy ravishda tahajjud namozi o‘qish bilan bo‘ladi.وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَفْضَلُ الصِّيَامِ بَعْدَ رَمَضَانَ شَهْرُ اللهِ الْمُحَرَّمُ، وَأَفْضَلُ الصَّلَاةِ بَعْدَ الْفَرِيضَةِ صَلَاةُ اللَّيْلِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّYana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning Muharram oyidir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.Sharh: Bu hadisi sharif «Ro‘za kitobi»da ham kelgan va uning ro‘zaga tegishli qismi keraklicha sharh qilingan. Bu erda esa tungi namozga tegishli gaplar sharh qilinadi. Farz namoz eng afzal namoz ekanligiga hech shak-shubha yo‘q. Shu bilan birga, farz namozdan boshqa namozlar ham ko‘p, ulardan ba’zilarini o‘rgandik, ba’zilarini esa Allohning tavfiqi ila o‘rganamiz. Albatta, hamma namozlarning fazli ham birdek bo‘lavermas ekan. Ba’zilari ba’zilaridan afzal bo‘lib, ularning ichida eng afzali esa tungi namoz ekan. Chunki kechasi tinch bo‘ladi. Undagi namoz riyosiz, chin dildan o‘qiladi. Bandalar uxlab yotganida ularning uxlamagani Robbiga munojot qiladi. Shuning uchun har birimiz tungi namoz o‘qishga odatlanishimiz lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 19:28 | Савол-жавоблар | 411 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar