Fe’lim yomon ekan

Assalomu alaykum! Alloh taologa shukur nomozga kirganimga bir yildan oshdi. Taqvodor bo‘lishga harakat qilaman, menda bir xarakter bor. Nohaqgarchilikni ko‘rsam ko‘z yumib ketolmayman, agar tilim bilan aytib ranjitgim kelmasa yuz ifodam bildirib qo‘yadi. Shunga yaqin insonlarim meni iching qora deb koyishadi. O‘zingcha namozni yuzinga niqob qilib olgansan, oldin kim edin endi domla bo‘lib qoldingmi kabi gaplarni aytishadi. Oilada shariatimiz qonunlariga rioya qilishga harakat qilaman, lekin mani noto‘g‘ri tushunishmasin deb chuqurlashmayman. Baribir mendan ko‘pchilik norozi. Axir payg‘ambarimizga ergashib, sunnatlarga amal qilib, Alloh farz qilgan amallarni bajarishga harakat qilsam buni nimasi yomon? Maslahat beringlar menga iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz taqvoda va go‘zal axloqda davomli bo‘lavering. Odamlarning gap-so‘ziga e’tibor qilmang. Faqat fitnaga sabab bo‘ladigan ish va harakatlardan ehtiyot bo‘ling. Bir kuni bir ulug‘ zot ko‘chada tursalar oldilaridan shayton o‘tib qolibdi. Uning bir qo‘lida asal bir qo‘lida kul bor ekan. Shunda u zot “Ey badbaxt to‘xta, sening ishingi fasod tarqatish ekanini bilaman qo‘lingdagi nima” deb so‘rabdilar. Shunda shayton “bu asal, g‘iybatchilar oldiga o‘tirib ularning og‘ziga surtib turaman. Shu bilan ular yanada ko‘proq g‘iybat qilishadi. Bunisi esa kul, buni etimning yuziga choplayman. Toki odamlar undan va uning qiliqlaridan nafratlansin uchun. Chunki hadislarda kim etimning boshini silasa qo‘li tekkan tukning adadicha hasanot yoziladi – deyilgan. Odamlar bu hasanotlardan mahrum bo‘lishlarini xohlayman” degan ekan. Inson hamjinsini ko‘rganida, u bilan suhbatlashganda rohatlanadi. Nojinsni ko‘rganda kayfiyati buziladi. Mashhur faylasuf Jolinus bir tabib oldiga kelib “menga majnunlikka qarshi dori bering” dedi. Tabib Jolinusga yaxshilab qarab “men sizda jinnilik alomatlarini ko‘rmayapmanku, dorini nima qilasiz” dedi. Shunda Jolinus “yo‘lda kelayotganimda bir majnunga yo‘liqdim. U meni ko‘rib juda xursand bo‘lib, men bilan gaplashgisi keldi. Shundan bildimki menda ham biroz majnunlik boshlanibdi. Chunki jinni jinnini ko‘rganda xursand bo‘lib, sog‘lomni ko‘rganida g‘ashi keladi” degan ekan. Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 09:19 | Савол-жавоблар | 183 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar