Qur’on tilovat qilish evaziga pul olish

Assalamu alaykum! Bizni jamiyatda Qur’onni o‘qiy oladigan insonlar kamligi tufayli xalqimiz Xudo yo‘liga sadaqa chiqarganda, biror Qur’onxonni chaqirib oyatlardan o‘qittirib va uyning egasi shu o‘qiguvchiga o‘zi rozi bo‘lib pul beradi. Shu pul Qur’on o‘qiguvchi uchun halolmi? Javobingiz uchun oldindan rahmat.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! - Baholashmay, o‘zlari duo umidida, ixtiyoriy sovg‘a tarzida bersalar bo‘ladi.
Hozirgi kunda ba’zi bir kishilar Qur’onni xatm qilishga buyurtma olishadi. “Bir betini faloncha so‘mdan, jami faloncha bo‘ladi” deb aytish holati ham bo‘layotgan ekan. Ularni bunday qilishlari shar’an harom hisoblanib, beruvchi ham oluvchi ham gunohkor bo‘ladi. Chunki Qur’on xatm qilishdan maqsad uning savobiga erishishni umid qilishdir. Savobga erishish uchun esa xolis Allohning roziligi uchun bo‘lishi shart. Odamlarga Qur’onni xatm qilib berishni kasb qilish ham yaxshi emas. Shariatimizda “Al-ma’ruf kal mashruut” (ma’nosi: urfga kirgan narsa shartlashib olingan kabidir). Ya’ni urfda xatm Qur’on qilib berishni kasb qilib olgan, odamlar esa unga evaziga bir narsa berishni odat qilib olgan. Agar evaziga hech narsa berilmasa xatm qilishni to‘xtatadigan bo‘lsa, unday insonni xatm qilib evaziga narsa olishi halol emas. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:07 | Савол-жавоблар | 154 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar