Quduq suviga tushgan sichqon

Assalamu alaykum! Quduq suviga tushgan sichqonni olib tashlab xalola qilsa bo‘ladimi? Shu haqida ma’lumot bersangiz.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! QUDUQLARNING HUKMLARI
                                        HAQIDAGI FASL
Bir quduqqa najas tushsa yoki (uning ichida) hayvon o‘lib, shishib ketsa, yoxud titilib ketsa, yo odam, qo‘y kabilar o‘lib qolsa, imkoni bo‘lsa, undagi hamma suv chiqarib tashlanadi. Agar imkoni bo‘lmasa, biladigan kishining gapi ila unda turgan suvning miqdorichasi chiqarib yuboriladi.
Tovuqdek narsalarda o‘rtacha paqirda qirqdan oltmishgacha, chumchuqqa o‘xshashda uning yarmi (miqdoricha suv) olib tashlanadi. (Suvni olishda) o‘rtacha paqir ishlatiladi, o‘rtacha bo‘lmagani unga solishtiriladi.
U(quduq)ning najas bo‘lishi, agar bilinsa, tushgan vaqtidandir. Bilinmasa, bir kunu bir kechadandir. Agar shishib ketgan bo‘lsa, uch kunu uch kechadandir. Ikkovlari (Abu Yusuf va Muhammad): «Topilgan vaqtidandir», deganlar.
Albatta, bu fasldagi zikr qilingan gaplar qadimgi voqe’likdan kelib chiqqandir. Hozirda bu kabi holatlar kam uchraydi. Shunday bo‘lsa ham, ilm ma’nosida, gohida bo‘lsa ham kerak bo‘lib qoladigan hodisa sifatida o‘rganib qo‘yganimiz zarar qilmaydi.
Bir quduqqa najas tushsa yoki (uning ichida) hayvon o‘lib, shishib ketsa, yoxud titilib ketsa, yo odam, qo‘y kabilar o‘lib qolsa, imkoni bo‘lsa, undagi hamma suv chiqarib tashlanadi.
Demak, quduq yoki suv jamlanib turadigan shunga o‘xshash narsalarga biror hayvon yoki odam tushib, o‘lib qolsa, undagi barcha suv najasga aylanib qolar ekan. O‘sha quduqdan yana foydalanish uchun esa imkoni bo‘lsa, undagi suvning hammasini chiqarib tashlash lozim bo‘ladi. Yana yangi suv to‘lganidan keyin undan avvalgidek foydalanilaveradi.

Tahoviy va Ibn Abu Shayba Ato rahimahullohudan sahih isnod ila rivoyat qiladilar:
«Bir habashiy Zamzamga tushib, o‘lib qoldi. Abdulloh ibn Zubayr amr qildi, uning suvi tortib olindi. Suv to‘xtamay chiqaverdi. Qaralgan edi, Hajarul asvad tomondan buloq oqayotgan ekan. Shunda Ibn Zubayr: «Etadi», dedi».
Agar imkoni bo‘lmasa, biladigan kishining gapi ila unda turgan suvning miqdorichasi chiqarib yuboriladi.
Bu erda quduqning ko‘zini berkitish imkoni bo‘lmagan hol haqida so‘z bormoqda. Uning ichidagi suvni olish bilan o‘rniga yangi suv paydo bo‘lib qolaveradi. Bunday holda ilmini biladigan kishi «Bu quduqda falon miqdorda suv bor», deb guvohlik beradi. O‘sha miqdordagi suv olib tashlanganidan keyin quduqdan avvalgidek foydalanilaveradi.
Tovuqdek narsalarda o‘rtacha paqirda qirqdan oltmishgacha, chumchuqqa o‘xshashda uning yarmi (miqdoricha suv) olib tashlanadi.
Albatta, bu gapdagi paqirlardan o‘sha vaqtning paqirlari ko‘zda tutilgan.
«Nasbur-roya li ahodisi Hidoya» kitobida zikr qilinishicha, Anas roziyallohu anhudan, agar quduqda sichqon o‘lib qolsa-yu, darhol olib tashlansa, yigirma paqir suv olib tashlanishi lozimligi rivoyat qilingan.
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan, agar quduqda tovuq o‘lib qolgan bo‘lsa, qirq paqir suv olib tashlanishi rivoyat qilingan.
(Suvni olishda) o‘rtacha paqir ishlatiladi, o‘rtacha bo‘lmagani unga solishtiriladi.
Agar ichidan o‘lik narsa topilgan suv tortadigan paqir o‘rtacha bo‘lmasa, u ila olinayotgan suv miqdori o‘rtacha paqir sig‘imiga solishtirib o‘lchanadi. Misol uchun, mazkur paqir o‘rtacha paqirdan ikki baravar katta bo‘lsa, yigirmaning o‘rniga o‘n paqir olib tashlanadi. Agar paqir o‘rtachadan ikki marta kichik bo‘lsa, oltmishning o‘rniga bir yuz yigirma paqir suv chiqariladi.
U(quduq)ning najas bo‘lishi, agar bilinsa, tushgan vaqtidandir.
Ya’ni o‘lik tananing quduqqa tushgan vaqti ma’lum bo‘lsa, uning suvi o‘sha vaqtdan boshlab najas hukmiga kiradi. Biror kishi mazkur vaqtdan keyin undan tahorat qilgan bo‘lsa, tahorati poklik o‘rniga o‘tmaydi. U kishi boshqa tahorat qilishi va namozlarini ham boshqatdan o‘qishi lozim bo‘ladi.
Bilinmasa, bir kunu bir kechadandir.
O‘lik tananing quduqqa qachon tushgani ma’lum emas. Shu bilan birga, u shishib ham ketmagan. Bu holatda o‘sha ko‘rgan vaqtdan bir kunu bir kecha oldindan boshlab suv najas, degan hukm chiqariladi. Mazkur muddat ichida o‘sha quduqdan qilingan tahoratlar, g‘usllar hisobga o‘tmaydi. Ular bilan qilingan ibodatlar ham boshqatdan qilinadi.
Agar shishib ketgan bo‘lsa, uch kunu uch kechadandir.
Chunki odatda o‘lgan narsa uch kungacha shishmaydi.
Ikkovlari (Abu Yusuf va Muhammad): «Topilgan vaqtidandir», deganlar.
Bu mazkur ikki imomning ijtihodi.
Ulamolarimiz o‘sha quduqdan suv oladigan paqirning hajmi bugungi kun o‘lchovlarida olti yarim litr ekanini aytishgan.
Ular: «Agar o‘sha o‘lik narsa topilgan quduq yoki hovuzning suvini yonidan teshik yoki ariq ochib oqizib chiqarish imkoni bo‘lsa, o‘shandoq qilgan ma’qul», deydilar.
«Quduq yaqinida najosatli narsa bo‘lsa nima bo‘ladi?» degan savolga ulamolar ikki xil javob berganlar.
Ba’zilari: «O‘sha narsa etti yoki o‘n arshin uzoqda bo‘lsa, hechqisi yo‘q», deganlar.
Boshqalari esa: «Bunda ta’m, hid va rang o‘zgarishi e’tiborga olinadi», deyishgan. Agar o‘sha narsa suvning ushbu uch sifatidan birini o‘zgartirayotgan bo‘lsa, undan tahorat qilib bo‘lmaydi. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:26 | Савол-жавоблар | 168 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar