Marxumning qarzini bo‘yniga olish

Assalomu alaykum! Shariatda marxumning qarzini kechib yuborsa odamlardan qarzi bo‘lsa bo‘yniga olib to‘lab qo‘ysa savobmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Marhumning qarzini kechib yuborish ham, uning qarzlarini boshqalar to‘lab berishi ham savobli amal. Lekin ushbu masalada e’tibor qaratish lozim bo‘lgan bir muhim jihat bor. Insonlar hayotlik chog‘ida to‘lay olish-olmasligiga parvo qilmay qarz olib, “vafotimdan so‘ng janozada birov zimmasiga oladi va men qutulib qolaman” deb o‘ylashmoqda. Vaholanki vafot etgan kishining qarzi hech qachon boshqaning zimmasiga o‘tib qolmaydi. To u ado qilinmagunicha zimmasida turaveradi va oxiratda bu uchun javob beradi. Shundan qo‘rqish kerak. Bo‘yniga oluvchi inson ikki xil yo‘l bilan bo‘yniga oladi. Biri o‘z molimdan to‘layman deb bo‘yniga oladi. Bu haqdorlarga qilingan va’da hisoblanib, va’dasini ustidan chiqmasa amaliy munofiq bo‘ladi. Ikkinchisi men haqdorlarning haqqini merosidan olib beraman deydi. Bunda imkoni bo‘lsa olib berishi kerak. Har qanday holatda ham to‘liq qarzlari ado qilinmaguncha mayyit zimmasidagi qarzdan qutilib qololmaydi. Bunaqa rasm rusmni yig‘ishtirish kerak.Biror inson vafot topsa, kafan va qabrdan oshgan molni avvalo qarzlarga to‘lanadi. Biror inson birovning qarzini bo‘yniga olib qo‘yishning o‘zi bilan mayyitdan qarz soqit bo‘lmaydi. Bo‘yniga olgan va’dasida turib qarzni uzsin yoki mayyitning molidan uzilishi shart bo‘ladi. Ba’zi kishilar aytganidek kimdir bo‘yniga olish bilan mayyit qarzdan qutilib qolmaydi. Qachon uzsa keyin qutiladi. Uzmasa, mayyit jannatiy bo‘lgandayam jannatga kirolmay turadi. Bo‘yniga olgan uzmasa merosxo‘rlari uzishi shart. Shuning uchun hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘yniga olgan sahobiydan bir necha bor uzdingmi deb so‘raganlar.وَلِلنَّسَائِيِّ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلًا قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُهُNasaiy qilgan rivoyatda:
«Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas», deyilgan.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qasam ichib turib aytishlari ham bu ish qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.
Alloh taoloning yo‘lida shahid bo‘lish qanchalik ulug‘ maqom. Shahid uchun jannat eshiklari doimo katta ochiq. Lekin qarz ishi og‘ir. Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham, qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzining uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarzi uzilsa, jannatga kiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Chunki qarz bandaning haqqi, bu haqni faqat o‘z egasi kechadi, xolos. Alloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olmoqlari lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

2 Июн 2022, 22:06 | Савол-жавоблар | 264 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar