Soliha ayolni qanday topamiz?

Solih inson deb shariatga to‘liq amal qiluvchi va qo‘shimcha nafl ibodatlar qiluvchi odamga aytilar ekan. Soliha qizni topish mushkul ish. Qolaversa o‘zim ham ularga munosib emasman. Hech bo‘lmaganda solihlik maqomi uchun harakat qilayotgan qizni topishdan umidim bor, lekin buni qanday aniqlayman?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Eng avvalo siz o‘zingizni isloh qiling. Alloh taolo “Nur” surasida marhamat qiladi: الْخَبِيثَاتُ لِلْخَبِيثِينَ وَالْخَبِيثُونَ لِلْخَبِيثَاتِ وَالطَّيِّبَاتُ لِلطَّيِّبِينَ وَالطَّيِّبُونَ لِلطَّيِّبَاتِ أُوْلَئِكَ مُبَرَّؤُونَ مِمَّا يَقُولُونَ لَهُم مَّغْفِرَةٌ وَرِزْقٌ كَرِيمٌ۝ 26. Nopok xotinlar nopok erkaklar uchundir. Nopok erkaklar nopok xotinlar uchundir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchundir. Pokiza erkaklar pokiza ayollar uchundir. Ana o‘shalar u(bo‘htonchi)lar aytayotgan narsalardan poklangandirlar. Ularga mag‘firat va karamli rizq bordir. Ushbu oyati karimada Alloh taolo islomiy jamiyat hayotidagi muhim bir asosni bayon qilmoqda. U ham bo‘lsa, nopok qalblar o‘zlariga o‘xshagan nopoklar bilan topishishi, o‘z navbatida, pok qalblar o‘zidek pokiza qalblar bilan topishib birlashishidir. Asli nopok insondan doimo nopoklik sodir bo‘ladi. U o‘ziga o‘xshagan nopoklarni yoqtiradi, ular bilan topishadi, doim birga bo‘ladi. Lekin pok kishilarga qo‘shila olmaydi. Shuningdek, pok odam ham doimo poklik bilan yashaydi. Pok kishilarni qidiradi, topadi, birga bo‘ladi. Er-xotin bo‘lishda ham shu. Pok xotinga pok er, nopok xotinga nopok. Agar nopok bilan pok birlashib qolsa, bu hamdamlik uzoqqa bormaydi. Chunki pok bilan nopokning birga bo‘lishlari amri mahol. «Ularga mag‘firat va karamli rizq bordir». Ularga bu dunyoda mag‘firat – gunohlarini kechish va u dunyoda go‘zal rizq – jannat bordir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 07:18 | Савол-жавоблар | 152 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar