Haj surasining 11-oyati

Assalomu alaykum, Shayx hazratlari.Haj surasining 11-oyatini kengroq tushuntirib bersangiz, iltimos.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- "Odamlardan Allohga bir tomonlama ibodat qiladiganlari ham bor. Agar unga yaxshilik etsa, ko‘ngli to‘lur. Agar unga balo etsa, yuz o‘girib ketur. U dunyoda ham, oxiratda ham ziyon ko‘rur. Ana o‘sha ochiq-oydin ziyondir".Munofiqlar Islomga faqat bir tarafni o‘ylab, undan o‘zlariga yaxshilik – foyda etishini ko‘zlab kiradilar. Agar Islomga kirganidan keyin ko‘zlangan foyda hosil bo‘lsa, xotirjam yuraveradi. Ammo ko‘zlangan foyda hosil bo‘lmasa, yuz o‘girib, dinni tark etadi. Ular bu qilmishlari bilan ikki dunyoda ham ziyon ko‘radilar.Munofiqlar subutsizliklari tufayli, avvalo bu dunyoda katta ziyon ko‘radilar. Oxiratda esa, jahannamning eng qa’riga tushadilar. Bundan ortiq ziyonkorlik bo‘lmasa kerak.Islom tijorat emaski, unga foydani ko‘zlab kirilsa. Islom – iymon, e’tiqod, Allohga bandalik qilish, uning yo‘lida jonni ham, molni ham fido etish, har xil balo-ofatlarga bardosh berish, demakdir. Ana o‘sha sinovlardan o‘tganlar ikki dunyo baxtiga sazovor bo‘ladilar. Ammo Islomga muayyan foydani ko‘zlab kirgan, o‘sha foydaga erishsa, xursand bo‘lib, erishmasa, dinni tark etib, yuz o‘girib ketadigan munofiqlar ikki dunyoda ziyon ko‘rishlari muqarrar. Aslini olganda, munofiq kimsa Islomdan, Allohdan yuz o‘girib, qayoqqa ham borardi, kimga ham topinardi?

4 May 2022, 19:19 | Savol-javoblar | 189 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar