Mushafni tahoratsiz ochib berish

Assalomu alaykum! Bir kishi tahoratsiz holatda Qur’oni Karim kitobni ushlab nogiron odamga ochib, kerakli joyini varoqlab topib bersa bo‘ladimi? Mushaf ustiga g‘ilof qilinmagan.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bo‘lmaydi. Alloh taolo "Voqe’a" surasida marhamat qiladi: إِنَّهُ لَقُرْآنٌ كَرِيمٌ۝ 77. Albatta, u Qur’oni Karimdir.
Albatta, Muhammad alayhissalomga nozil qilingan va dinsizlar inkor qilayotgan o‘sha Kitob Allohning kalomi – Qur’oni Karimdir. فِي كِتَابٍ مَّكْنُونٍ۝ 78. U Saqlangan kitobdadir.
Ya’ni o‘zgarishdan, almashtirishdan va barcha saqlanish lozim bo‘lgan narsalardan saqlangan «Lavhul Mahfuz» deb nomlangan kitobdadir. Shunday bo‘lganidan keyin, Qur’oni Karim ham o‘zgarish, almashtirish va barcha saqlanish lozim bo‘lgan narsalardan saqlangan Kitobdir. لَّا يَمَسُّهُ إِلَّا الْمُطَهَّرُونَ۝ 79. Uni faqat poklanganlargina ushlaydir.
Ya’ni Qur’oni Karimni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan turli noloyiq narsalardan Alloh tomonidan poklangan farishtalargina ushlaydilar. Boshqalar ushlay olmaydilar. Shuningdek, Qur’oni Karimni janobatdan va kichik nopokliklardan tozalanib, g‘usl va tahorat qilgan mo‘min-musulmonlargina ushlaydilar. Qur’oni Karimni ushlash uchun tahoratli bo‘lish vojibligi haqidagi hukm ushbu oyati karimadan olingan.
Ushbu oyati karimaning ma’nosi ham, hukmi ham Qur’oni Karim Allohning nazdida qanchalik ulug‘ e’tiborga sazovor ekanini yaqqol ko‘rsatadi. تَنزِيلٌ مِّن رَّبِّ الْعَالَمِينَ۝80. U olamlarning Robbidan nozil qilingandir.
Ha, Qur’oni Karim to‘laligicha, har bir harfigacha barcha olamlarning Robbi, Xoliqi, Roziqi, Tarbiyachisi va Tadbirini qiluvchisi bo‘lmish Alloh tomonidan nozil qiliingandir. Uning biror harfi ham Allohdan boshqaga mansub emasdir. أَفَبِهَذَا الْحَدِيثِ أَنتُم مُّدْهِنُونَ۝ 81. Bas, sizlar mana shu so‘zga beparvolik qilasizlarmi? ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

6 May 2022, 17:09 | Savol-javoblar | 157 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar