Har bir insonning qorii’ni

Assalomu alaykum! Yaqinda audio savollarda Shayx hazratlarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: "Har bir insonning qorii’ni(noto‘g‘ri yozgan bo‘lsam uzr) bo‘ladi. Meniki musulmon bo‘ldi" degan mazmunda hadislarini eshitib qoldim. Shu hadis haqida to‘liqroq ma’lumot bersangiz. Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Har bir insonning jindan bo‘lgan hamrohi bo‘ladi. عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا تَلِجُوا عَلَى الْمُغِيبَاتِ، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ يَجْرِي مِنْ أَحَدِكُمْ مَجْرَى الدَّمِ. قُلْنَا: وَمِنْكَ؟ قَالَ: وَمِنِّي وَلَكِنَّ اللهَ أَعَانَنِي عَلَيْهِ فَأَسْلَمُ  Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Eri g‘oyib ayollar oldiga kirmanglar. Chunki shayton har biringizning qon tomiringizda yuradi», dedilar.
Biz u zotga:
«Sizda hammi?» dedik.
«Menda ham. Lekin men Alloh yordam berib, salomat qolganman», dedilar».
Sharh: 
Eri g‘oyib, o‘zi yolg‘iz ayolning oldiga begona erkakning kirishi shaytonning vasvasasiga yo‘l ochishi turgan gap. Bunday paytlarda har qanday erkak, har qanday ayol ham shaytonning vasvasasidan qutulib qolishi amri mahol. Hatto Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham bu narsadan o‘z hollaricha qutulmagan ekanlar. Alloh taolo u zotga maxsus yordam berib, alohida ravishda saqlab qolgan ekan. Bu payg‘ambarlik ma’sumligidir. Buning ma’nosi shuki, Alloh taoloning O‘zi barcha payg‘ambarlarni, shu jumladan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ham shayton vasvasasiga uchishdan, gunoh sodir etishdan saqlagan.
Shunday bo‘lganidan keyin hech kim beparvo bo‘lishi kerak emas. Hamma, kim bo‘lishidan qat’i nazar, bu masalada o‘zini saqlashi lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 03:33 | Savol-javoblar | 139 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar