Yolg‘on qasam ichish

Assalomu alaykum! Alloh nomini tilga olib Quron kitobini qo‘liga olib yolg‘on qasam ichganning gunohi qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu o‘ta og‘ir gunoh. عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَلَفَ عَلَى يَمِينٍ كَاذِبَةٍ ليَقْتَطِعَ بِهَا مَالَ رَجُلٍ مُسْلِمٍ أَوْ قَالَ أَخِيهِ لَقِيَ اللهَ وَهُوَ عَلَيْهِ غَضْبَانُ، فَأَنْزَلَ اللهُ تَصْدِيقَهُ - إِنَّ الَّذِينَ يَشْتَرُونَ بِعَهْدِ اللّهِ وَأَيْمَانِهِمْ ثَمَنًا قَلِيلاً أُوْلَئِكَ لاَ خَلاَقَ لَهُمْ فِي الآخِرَةِ - إِلَى آخِرِ الْآيَةِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim bir musulmon odamning 
(yoki «o‘z birodarining» dedilar) molini kesib olish uchun yolg‘on qasam ichsa, Allohga yo‘liqqanida U zot undan g‘azablangan holda bo‘lur. Bas, Alloh o‘shaning tasdig‘ini «Albatta, Allohning ahdini va o‘z qasamlarini ozgina bahoga sotadiganlar – ana o‘shalarga oxiratda yaxshi nasiba yo‘qdir», deb nozil qildi», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisda roviyning shakda bo‘lgani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Roviy Payg‘ambarimiz alayhissalomning «musulmon odamning» yoki «birodarining» deganlarini aniq ajrata olmay qolgan. Shuning uchun omonatga xiyonat qilmaslik maqsadida ikki lafzni ham keltirgan.
Birovning molini nohaqdan «Meniki», deb da’vo qilib, so‘ngra botil da’vosini tasdiqlash uchun mahkamada yolg‘on qasam ichgan odam qiyomat kuni Alloh taologa ro‘baro‘ bo‘lganida Alloh azza va jalla o‘sha odamdan g‘azablangan holda bo‘lar ekan. Bunday noqulay holdan har bandani Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu ma’noni aytib turib, o‘z so‘zlarining tasdig‘i uchun «Albatta, Allohning ahdini va o‘z qasamlarini ozgina bahoga sotadiganlar – ana o‘shalarga oxiratda yaxshi nasiba yo‘qdir», oyati karimasini tilovat qildilar.
Bundan esa nohaqdan birovning molini olish uchun yolg‘on qasam ichishni Alloh taolo «qasamni ozgina bahoga sotish» deb ataganini bilib olamiz. Unday odamlarning oxiratda hech qanday nasibasi qolmas ekan. Bu esa o‘z navbatida g‘amus qasamning o‘z egasini jahannam oloviga sho‘ng‘itishiga yana bir yorqin dalildir.عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَلَفَ عَلَى يَمِينٍ مَصْبُورَةٍ كَاذِبًا فَلْيَتَبَوَّأْ بِوَجْهِهِ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim yolg‘ondan lozim qiluvchi qasam ichsa, o‘zining do‘zaxdagi o‘rindig‘iga o‘zi tayyorlanaversin», dedilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Sharh: Hadisi sharifdagi «lozim qiluvchi qasam»dan murod «birovni biror ishga yoki mablag‘ to‘lashga majbur qiluvchi» deganidir.
Bunday qasamlar odatda mahkamada, qozining huzurida ichilib, nohaqdan bir odamning molini tortib olish yoki uning zimmasiga zulm ila majburiyat yuklashga sabab bo‘ladi. Alloh taolodan qo‘rqmagan ba’zi kishilar o‘zlariga shunga o‘xshash ishni ravo ko‘radilar. Bunday kimsalar bu dunyoda bir og‘iz yolg‘on qasam ila besh kunlik hayotning arzimas matohiga erishishlari mumkin, ammo oxiratlarini o‘ylamaydilarmi?!
Ha, har bir inson o‘z oxiratini o‘ylab ish qilmog‘i lozim. Agar mazkur yolg‘on qasam ichuvchilar o‘z ishlarining oqibati nima bo‘lishini bilmasalar, bilib qo‘ysinlar. Ushbu biz o‘rganayotgan hadisi sharifning ma’nosiga qaraganda, ularning oqibatlari juda yomon bo‘ladi. Unday yolg‘on qasam ichib yurgan nobakorlarga Qiyomatda do‘zax vojib bo‘ladi.
Ushbu hadisdan yolg‘on qasam ichib erishilgan narsaning katta-kichikligiga qaramay, gunohkorga do‘zax azobi bo‘laverishini bilib olamiz. Chunki bunga o‘xshash holatlarda qat’iy chora ko‘rilmasa bo‘lmaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, musulmon inson yolg‘on qasam – g‘amus qasamdan xuddi do‘zaxga tushishdan qo‘rqqandek qo‘rqmog‘i, unga umuman yaqin yo‘lamasligi lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 02:12 | Savol-javoblar | 242 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar