Yaralishdagi tanlov

Assalomu alaykum! Yaqinda qizik bir ma’lumotga duch keldim, emishki Alloh insonni yaratishdan oldin undan so‘rarkan, ey inson seni farishta qilib yarataymi yoki inson qilib!? Shunaqa narsa xadis yoki oyatlarda kelganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Yo‘q unday bo‘lmagan. Bunday bo‘lgan, Alloh taolo "Ahzob" surasida marhamat qiladi:   إِنَّا عَرَضْنَا الْأَمَانَةَ عَلَى السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَالْجِبَالِ فَأَبَيْنَ أَن يَحْمِلْنَهَا وَأَشْفَقْنَ مِنْهَا وَحَمَلَهَا الْإِنسَانُ إِنَّهُ كَانَ ظَلُومًا جَهُولًا۝ 72. Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, erga va tog‘larga taklif qildik. Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Uni inson ko‘tardi. Darhaqiqat, u o‘ta zolimdir, o‘ta johildir.
«Omonat» so‘zi «amana» fe’lining masdari – ish-harakat nomi bo‘lib, «ishonib topshirilgan narsa» degan ma’noni anglatadi. Ushbu oyati karimadan Alloh taoloning omonati, birortaga ishonib topshiriladigan narsasi borligi tushuniladi. Bu omonat nima edi, degan savolga ulamolarimiz ushbu oyatdan va boshqa turli manbalardan kelib chiqib, «Shariat takliflari va Allohning farzlari», – deb javob beradilar. Boshqacha qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z haqqiga, insonlarning haqqiga va boshqa maxluqotlarning haqlariga bog‘liq amrlarini, nahyilarini, ko‘rsatma-ta’limotlarini va hukmlarini o‘z joyiga qo‘yish bo‘yicha uning ishongan vakili bo‘lish taklifi, demakdir. Bu esa o‘z ixtiyori bilan bo‘ladigan narsadir. Ya’ni o‘sha takliflarni amalga oshiradiganlar o‘z hurriyatiga – xohlasa, amal qilib, xohlamasa, qilmaslik ixtiyoriga ega bo‘ladi. Ushbu oyatdan Alloh taolo mazkur omonatni O‘zining turli maxluqlariga taklif qilgani bilinadi.
«Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, erga va tog‘larga taklif qildik».
Alloh taolo shariat takliflarini, farzlarini, O‘z amr va nah-yilarini qabul qilishni O‘zi yaratgan cheksiz, mustahkam osmonlarga taklif qilgan. Bepoyon, turli mavjudotlarni, maxluqotlarni o‘z ichiga olgan erga taklif qilgan. Sabotli va serviqor tog‘larga taklif qilgan.
«Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar».
Bu omonatni ko‘tarish shunchalik og‘ir ediki, hatto shunday ulkan, pishiq, quvvatli va umri uzun osmonlar, zamin va tog‘lar ham uni ko‘tarishdan qo‘rqdilar. Bu omonatni uddalab, o‘rniga qo‘ya olishlariga ko‘zlari etmadi. Ixtiyoriy bo‘lib, omonatni bo‘yinlariga olishning o‘rniga, ixtiyorsiz bo‘lib, doimiy ravishda o‘zlari uchun Alloh taolo qo‘ygan chegaradan qilcha ham chetga chiqmay yurishni afzal ko‘rdilar.
«Uni inson ko‘tardi».
U omonatni inson ko‘tardi. Cheksiz osmonlar ko‘tarishdan qo‘rqqan omonatni ularning ostida yashaydigan kichik zarra – inson ko‘tardi. Ulkan va qadimiy er ko‘tarishdan qo‘rqqan omonatni uning ustida yashayotgan umri qisqa, kichik bir jonzot – inson ko‘tardi.
Salobat va quvvat ramzi bo‘lgan tog‘lar ko‘tarishdan qo‘rqqan omonatni ularning orasida yashaydigan ko‘rimsiz va zaif bir maxluq – inson ko‘tardi.
«Darhaqiqat, u o‘ta zolimdir, o‘ta johildir».
Darhaqiqat, inson jinsi (hamma emas, albatta) o‘ta zolimdir. O‘ziga yuklatilgan va o‘zi qabul qilgan omonatga muvofiq ish yuritmasdan, o‘ziga o‘zi zulm qiladi.
Inson jinsi o‘ta johildir, shuning uchun o‘zi rozi bo‘lib, qabul qilib olgan omonatning ulkanligini bilmasdan, unga xiyonat qiladi. Inson zulm qilavermasdan, o‘ziga yuklatilgan omonatni ado etsin. Inson johil bo‘lavermasdan, o‘ziga yuklatilgan omonatning qanchalik nozik ekanini tushunib etsin. Axir unga osmonlar, er va tog‘lar ko‘tarishdan qo‘rqqan omonat yuklatilgan-a! ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 06:25 | Savol-javoblar | 160 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar