Jobir(ra) qurbonliklari haqidagi hadis sahihmi

Assalomu alaykum Jobir bin Abdulloh (r.a.)ning, ayoli bilan birga, Payg‘ambar (a.s.v.)ni o‘z uylarida mehmon qilish orzulari bor edi. Ularning moddiy ahvoli u qadar keng bo‘lmaganidan bu ishga ancha vaqt hozirlandilar. Nihoyat bir hayvon qurbonlik qilishga imkoni bo‘lishi hamono, Jobir (r.a.) bir hayvon olib kelib so‘ydi. Ayoliga: --- Sen bu go‘shtdan taomlar pishirib tur, men masjidga borib Rasululloh (s.a.v.)ni chaqirib kelaman, -- dedi. Jobir zo‘r hayajon ichida masjidga yo‘l oldi. Namozdan so‘ng Rasululloh (s.a.v.)ning oldilariga borib: --- Ey Rasululloh! Bugun kechki taomni biznikida esangiz, meni va ayolimni juda mamnun qilgan bo‘lar edingiz, -- dedi. Rasululloh (s.a.v.) rozi bo‘ldilar. Rasulullohning rozi bo‘lganlarini eshitgan Jobir quvonchdan, hayajondan ichiga sig‘may ketdi. ---Qanday saodat! Rasululloh, olamlarga rahmat bo‘lgan Zot mening uyimga tashrif buyuradilar! Jobir mana shunday shirin hayollar og‘ushida uyiga uchib kelar edi. Bu vaqtda esa uning uyida mudhish bir hodisa sodir bo‘layotgan edi. Jobirning ikki o‘g‘li bor edi. Katta o‘g‘li otasi qo‘yni so‘yayotganida yonida turgan edi. Kichik o‘g‘li esa, qurbonlik bo‘lgan erni, u erdagi go‘shtlarni ko‘rib nima bo‘lganini tushunmadi. Balki, ularning uyida bugun ilk marta qurbonlik so‘yilgan edi. Akasi unga dedi: ---Otamiz bugun bir qo‘y so‘ydilar. ---Qanday qilib so‘ydilar? -- dedi bolalarcha qiziqish bilan. Aka ukasiga bu ish qanday qilinishini tushuntirmoqchi bo‘ldi. ---Istasang, senga buni qanday qilinishini ko‘rsataman. ---Ko‘rsating, --- dedi bolakay. Aka ham aslida bola edi. Sodda edi. G‘o‘r edi. Ukasini etaklab bir erga yotqizdi. Otasi qo‘yni so‘ygan pichog‘ini olib ukasining tomog‘idan tortdi. Pichoq o‘tkir edi. Pichoq o‘z ishini qildi. Bola bir lahzada jon berdi. Aka nima qilib qo‘yganini endi tushundi. Tushundi-yu, behad qo‘rqib ketdi. Shu onda bolalarning xavotirli ovozidan qo‘rqib, onasi chiqib keldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, o‘g‘li o‘z ukasini bo‘g‘izlab qo‘ygan edi. Bola onasini ko‘rib qo‘rqib ketdi. Qocha boshladi. Ona esa uni quva ketdi. Bola qilib qo‘ygan ishidan dahshatda, jonholatda qochar edi. Tomga chiqmoqchi bo‘ldi. Sirg‘anib pastga dumalab yiqildi. Boshi qonga belandi. Ona esa, «bolam» degancha qoldi. Afsuslar bo‘lsinki, ikkinchi farzandi ham onaning ko‘z o‘ngida jon berdi. Tasavvur qiling. Ko‘z o‘ngida birdaniga ikki o‘g‘li mudhish bir tarzda vafot etgan ona qay ahvolga tushadi? Ammo bu ayol sahobiya edi. Sahobalar esa Allohning payg‘ambariga nisbatan shunday yuksak bir muhabbat tashir edilarki, «Ey Rasululloh! Sizga otam-onam, jonim, mulkim, molim, avlodlarim, har narsam fido bo‘lsin!» -der edilar. Va bu so‘zlarida so‘ng darajada jiddiy va samimiy edilar. Bu so‘zlarni shunchaki aytmas edilar. So‘zlarini bezash uchun aytmas edilar. Zotan, bu hikoya orqali aynan mana shunday fazilatlaridan bir namuna ko‘rsatmoqchimiz. Bu muhtaram onaning yuragida ham bu muhabbatning eng yuqori darajasi o‘rnashgan edi. Bu sofiy, qudsiy muhabbatning naqadar yuksakligini, bu muborak onaning hozirgi harakatlaridan bilib olamiz. Bu dunyo imtihonlarining eng kattasi bo‘lgan, chidab bo‘lmas darajadagi musibatning ikki karrasiga duchor bo‘lib turgan mushfiq onaning aqliga ilk kelgan fikr shu bo‘ldi: ---Bu hodisani Rasululloh bilsalar, juda mahzun bo‘ladilar. Hafa bo‘ladilar. Buni bilsalar bugun biznikida taom emaydilar! O‘zining qalbidagi bu og‘riqlarni, farzand alamlarini ichlariga yutib, ko‘mdilar. Farzandlarining murdalarini bir joyga berkitib, bu hodisani Rasulullohdan sir tutishlikka qaror qildilar. Yuragi parcha-parcha bo‘lgan bu muborak ona, bu musibat haqida o‘ylashni ertaga qo‘ydi. Bu ishni u faqat, Allohning payg‘ambari bugun bizning taomimizni esinlar, deya qildi. Bu qanday Yurak! Bolalarni yotqizib ularni o‘pdi. Hidladi.. va taom tayyorlashga ichkariga kirdi. Bu mash’um hodisani eriga ham aytmadi. Oqshomda Rasululloh kirib keldilar. Jobir bin Abdulloh Rasulullohning atroflarida parvona bo‘la boshladi. Qachonlardan buyon kutgani, Rasululloh bizning mehmonimiz bo‘ladilar, degan hayajonli hayollari, haqiqatga aylanayotgan edi. Bu qanday muhabbat edi. Rasululloh dastorxonga o‘tirdilar. Taom keltirildi. Dedilar: --- Ey Jobir! Bolalaring qaerda? Chaqir ularni. ---Ho‘p bo‘ladi, Rasululloh! Tashqariga chiqdilar. Ayollaridan so‘radilar: ---Bolalarimiz qaerda? Ularni pay g‘ambarimiz chaqiryaptilar. ---Bolalar uxlayaptilar. Lutfan boshlayversinlar. Jobir qaytib kirdi. Ey Rasululloh! Bolalar uxlab qolishibdi. Siz eyavering. --- Yo‘q. Ularni uyg‘ot. Bo‘lmasa emayman. Jobir tashqariga chiqdi. Ayoliga dedi: --- Rasululloh bolalar kelmasa emayman, deyaptilar. Uyg‘ota qol endi. Kelsinlar. Ayol nima qilishini bilmay qoldi. Payg‘ambarimiz chaqirishni qistayotgan edilar. Ayol noiloj, Jobirning qo‘lidan ushlab bolalarining yotgan joyga olib bordi. Eshikni ochdi. Jobir ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ikkala o‘g‘li u erda jonsiz yotar edilar. Jobirning bo‘g‘ziga bir narsa tiqildi. Ayoli yolbordi: --- Ey Jobir! Bu ishni Rasulullohga zinhor bildirma! Yo‘qsa taom emaydilar. Sendan iltimos!... Taomni esinlar. Keyin aytamiz. Jobir Rasulullohning huzurlariga qaytib kirdilar. --- Ey Rasululloh! Bolalarim qattiq uxlab qolibdilar. Ularni uyg‘otolmadim. Ularni qo‘ying. Taomni boshlang! Jobirning ko‘zlari to‘lgan edi. ---Uyg‘ot ularni. ---Rasululloh! Men ularni uyg‘ota olmadim. --- Meni ularni oldiga olib bor unda. Jobir noiloj dedi: --- Men uyg‘otolmadim. Balki Siz uyg‘otarsiz... Birgalashib bolalarning murdalari yotgan uyga kirishdi. Bolalarning usti yopib qo‘yilgan edi. Rasululloh Hazratlari bolalarning ustidan yopinchiqni shartta tortdilar. Shu vaqt Alloh o‘z payg‘ambariga bir mo‘’jiza ko‘rsatdi. Ustilari ochilgan bolalar shu zahoti ko‘zlarini kulib ochdilar. Payg‘ambarmizning bo‘ynilariga osildilar. --- Xush kelibsiz, ey Rasululloh! -- dedilar.... Payg‘ambarimiz(s.a.v.) bu uyga kelishlaridan avval, Jabroil (a.s.) kelib shunday degan edi: --- Ey Rasululloh! Bugun Jobirning uyida katta bir imtihon bo‘ladi. Sen borganingda, bolalarni ko‘rmasdan, taomlaridan ema! Jabroil (a.s.) mana shu xabarni keltirgan edi. Payg‘ambarimiz shuning uchun bolalarni ko‘rishni qattiq turib istagan edilar. Bu holatni ko‘rgan ona sevinchdan qichqirib yubordi. Qo‘llarni yuqoriga ko‘targancha: ---Ey Rasululloh! Allohga hamdlar bo‘lsin! Endi Siz bizning uyda taom eydigan bo‘ldingiz!!! --deb yubordilar. Qarang. U muborak ona, bolalarining tirilishidan sevinmoqda. Lekin «endi Rasululloh men tayyorlagan taomni eydilar!» deb, shuning uchun sevinmoqdalar! Muhabbatni ko‘ring!... Sahobalarning Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalomga nisbatan bo‘lgan fidoiylik darajasini ko‘ring!... Farzandlarining jannat ahli bo‘lishlari e’tiqodi shu qadar singib ketgan ediki... Buni dard deya qabul qilmadilar. Dardlari -- Allohning habibi bo‘lgan Payg‘ambariga taom edirish dardi edi. Dasturxoni atrofida o‘tirib, sharaflantirish masalasi edi. Balki shu ish tufayli, Allohning mag‘firatiga erishmoqchi bo‘lgandir... Iymon, insonni inson qiladi. Balki, insonni sulton qiladi. Sahobai Kiromlar, insoniy tuyg‘ularning, axloq va fazilatlarning eng cho‘qqisiga Payg‘ambarimizning tarbiyalari natijasida erishgan edilar. Bu maqomga qanday erishdilar? Allohni tanishlik bilan erishdilar! Biz bunday tuyg‘ularga, bunday muhabbatga qanchalik yaqinmiz? Bunday holga qanday erishishimiz mumkin? Buni bir yo‘li bormi? Bor, azizlarim! Buning yo‘li Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalomning sunnati saniyyalariga ergashishlik bilan, ularning hayot yo‘llarini yoritib bergan kitoblarni o‘qishlik bilan bo‘ladi. Qur’onning «muqaddas dorixonasi»ning mana shu asrimizga qaragan, shu asr hastaliklarini davolaydigan buyuk haqiqatlarini bayon etgan, haqiqat kitoblarini o‘qishlik bilan bo‘ladi. Biz ham shunda bu asrning «sahoba»lari bo‘la olamiz, balki. Bu o‘sha maqomlarga erishishning bir go‘zal yo‘lidir! Bunday kitoblarni o‘qiganingiz sari, hayotingiz o‘zgaradi. Balki shunda sizdan ham bir Jobir bin Abdulloh etishib chiqar
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu qissaning asli yo‘q, lekin Jobir roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni mehmon qilganlari bor. حَدَّثَنَا عَبْدُ الْوَاحِدِ بْنُ أَيْمَنَ، عَنْ أَبِيهِ قَالَ: أَتَيْتُ جَابِرًا رَضِي اللهُ عَنْهُ فَقَالَ: إِنَّا يَوْمَ الْخَنْدَقِ نَحْفِرُ فَعَرَضَتْ كُدْيَةٌ شَدِيدَةٌ، فَجَاءُوا النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالُوا: هَذِهِ كُدْيَةٌ عَرَضَتْ فِي الْخَنْدَقِ، فَقَالَ: أَنَا نَازِلٌ. ثُمَّ قَامَ وَبَطْنُهُ مَعْصُوبٌ بِحَجَرٍ، وَلَبِثْنَا ثَلَاثَةَ أَيَّامٍ لَا نَذُوقُ ذَوَاقًا، فَأَخَذَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمِعْوَلَ فَضَرَبَ، فَعَادَ كَثِيبًا أَهْيَلَ أَوْ أَهْيَمَ، فَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، ائْذَنْ لِي إِلَى الْبَيْتِ. فَقُلْتُ لِامْرَأَتِي: رَأَيْتُ بِالنَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَيْئًا، مَا كَانَ فِي ذَلِكَ صَبْرٌ، فَعِنْدَكِ شَيْءٌ؟ قَالَتْ: عِنْدِي شَعِيرٌ وَعَنَاقٌ. فَذَبَحْتُ الْعَنَاقَ وَطَحَنَتِ الشَّعِيرَ، حَتَّى جَعَلْنَا اللَّحْمَ فِي الْبُرْمَةِ، ثُمَّ جِئْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَالْعَجِينُ قَدِ انْكَسَرَ، وَالْبُرْمَةُ بَيْنَ الْأَثَافِيِّ قَدْ كَادَتْ أَنْ تَنْضَجَ، فَقُلْتُ: طُعَيِّمٌ لِي، فَقُمْ أَنْتَ يَا رَسُولَ اللهِ وَرَجُلٌ أَوْ رَجُلَانِ. قَالَ: «كَمْ هُوَ؟» فَذَكَرْتُ لَهُ، قَالَ: «كَثِيرٌ طَيِّبٌ». قَالَ: «قُلْ لَهَا لَا تَنْزِعُ الْبُرْمَةَ وَلَا الْخُبْزَ مِنَ التَّنُّورِ حَتَّى آتِيَ». فَقَالَ: «قُومُوا». فَقَامَ الْمُهَاجِرُونَ وَالْأَنْصَارُ، فَلَمَّا دَخَلَ عَلَى امْرَأَتِهِ قَالَ: وَيْحَكِ جَاءَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِالْمُهَاجِرِينَ وَالْأَنْصَارِ وَمَنْ مَعَهُمْ. قَالَتْ: هَلْ سَأَلَكَ؟ قُلْتُ: نَعَمْ. فَقَالَ: «ادْخُلُوا وَلَا تَضَاغَطُوا». فَجَعَلَ يَكْسِرُ الْخُبْزَ وَيَجْعَلُ عَلَيْهِ اللَّحْمَ، وَيُخَمِّرُ الْبُرْمَةَ وَالتَّنُّورَ إِذَا أَخَذَ مِنْهُ، وَيُقَرِّبُ إِلَى أَصْحَابِهِ ثُمَّ يَنْزِعُ، فَلَمْ يَزَلْ يَكْسِرُ الْخُبْزَ وَيَغْرِفُ حَتَّى شَبِعُوا وَبَقِيَ بَقِيَّةٌ، قَالَ: كُلِي هَذَا وَأَهْدِي، فَإِنَّ النَّاسَ أَصَابَتْهُمْ مَجَاعَةٌ  Abdulvohid ibn Ayman otasidan rivoyat qiladi:
«Men Jobir roziyallohu anhuning oldiga kelgan edim, u bunday dedi:
«Biz Xandaq kuni chuqur qaziyotgan edik, qattiq er chiqib qoldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: «Xandaqda mana bunday qattiq er chiqib qoldi», deyishdi. U zot: «Men o‘zim tushaman», dedilar-da, o‘rinlaridan turdilar. Qorinlariga tosh bog‘langan edi. Uch kundan beri tuz totmagan edik. Nabiy sollallohu alayhi vasallam cho‘kichni olib, bir zarb urdilar. Shunda u qum bo‘lib sochilib [yoki uqalanib] ketdi. Men: «Ey Allohning Rasuli! Uyga 
(borib kelishga) izn bersangiz», dedim. Keyin ayolimga: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamda bir holni ko‘rdim, bunga toqat qilib bo‘lmaydi. Biror narsang bormi?» dedim. U: «Ozgina arpa, bitta uloqcha bor», dedi. Men uloqchani so‘ydim, u esa arpani tuydi. Go‘shtni toshqozonga soldik. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldim. Xamir ko‘pchib, qozon esa o‘choqqa osilgan, ovqat pishib qolay degan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Ozgina taomim bor edi, o‘zingiz bilan bir-ikki kishini olib yuring, ey Allohning Rasuli», dedim. «U o‘zi qancha?» degan edilar, men aytdim. U zot: «Ko‘p va xo‘p ekan. Ayolingga ayt, men borgunimcha toshqozonni (o‘choqdan), nonni tandirdan olmay tursin», dedilar. Keyin «Turinglar!» dedilar. Muhojiru ansorlar turib, yurishdi».
U (Jobir) ayolining oldiga kirib, «Sho‘ring quridi! Nabiy sollallohu alayhi vasallam muhojirlar, ansorlar va ular bilan birga bo‘lganlarni boshlab keldilar», debdi. 
(Ayoli) «U zot sendan (ovqatning qanchaligini) so‘radilarmi?» debdi. «Ha», debdi. U zot: «Kiringlar, faqat juda tiqilishib ketmanglar», debdilar. Keyin nonni sindirib, unga go‘sht tera boshlabdilar. Toshqozonni ham, tandirni ham ulardan narsa olayotganda yopib qo‘yar, uni ashoblariga uzatib, so‘ng yana (non-go‘sht) olar edilar. U zot nonni sindirib, (go‘shtni) olib qo‘yaveribdilar, nihoyat, ular to‘yib, ortib ham qolibdi. U zot (ayolga): «Mana bu ovqatni o‘zing ham egin, hadya ham qilgin, chunki odamlar och», debdilar». (“Oltin Silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 06:58 | Savol-javoblar | 159 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar