Ali va Muoviya roziyallohu anhum

Assalomu alaykum! Ali roziyallohu anhu bilan Muoviya roziyallohu anhu o‘rtalaridagi kelishmovchilikni asl sababi nima edi? Hadis va Hayotda Muoviya roziyallohu anhu Shomda halifalikni davo qilgani aytilgan. Boshqa manbalarda esa Muoviya roziyallohu anhu halifalikni hech xam davo etmagan balki Usmon roziyallohu anhuning qasosini olishni yoki qotillarni berishini Ali roziyallohu anhudan talab qilgan. Ali roziyallohu anhu esa vaziyat yaxshilangandan keyin qasos olishni reja qilganliklarini Muoviya roziyallohu anhu tushunmasdan orada nizo bo‘lgan. Muoviya roziyallohu anhu Ali roziyallohu anhuni halifaligini tan olgan ammo qasos olinmaguncha bay’at bermasligini aytgan deyiladi. Aslida vaziyat qanday bo‘lgan? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hozirgi kunda siz bilishingiz shart bo‘lgan halol-harom, shirk-kufr kabi masalalar juda ko‘p. Shularni o‘rganing. Bergan savolingizni javobini bilsangiz ham bilmasangiz ham sizga bir tiyinlik foyda-zarari yo‘q. Alloh taolo "Baqara" surasida marhamat qiladi:   تِلْكَ أُمَّةٌ قَدْ خَلَتْ لَهَا مَا كَسَبَتْ وَلَكُم مَّا كَسَبْتُمْ وَلاَ تُسْأَلُونَ عَمَّا كَانُوا يَعْمَلُونَ۝ 134. Bular o‘tib ketgan ummatdirlar. Ularga o‘zlari kasb qilganlari bo‘lur, sizlarga o‘zingiz kasb qilganingiz bo‘lur. Ularning qilgan amallaridan so‘ralmassiz.
Ya’ni «Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub va ularga ergashganlar bir ummat edilar. Umrlarini yashab, o‘tib ketdilar. Tirikliklarida nima amal qilgan bo‘lsalar, ularga o‘sha amallari hisob qilinadi. Yaxshi amallar bo‘lsa, mukofotini, yomon amallar bo‘lsa, jazosini oladilar.
Xuddi shuningdek, sizlarga ham o‘zingiz qilgan amallarga qarab mukofot yoki jazo beriladi. Ular qilgan ishlardan sizlar so‘ralmaysizlar, o‘zlari javob beradilar. Shuning uchun bekorga tortishib yurmay, vaqtni g‘animat bilib, yaxshi amalli mo‘min-musulmonlar safida bo‘lishga harakat qilinglar».
Endi keladigan oyatlarda o‘sha vaqtda yashab turgan ahli kitoblarning ba’zi da’volari rad etiladi. Ularning barcha hujjat va dalillari puch ekani fosh qilinadi. Ularning sarkashligi va Islom aqiydasining oddiy va tabiiy ekani bayon etiladi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

10 May 2022, 13:03 | Savol-javoblar | 150 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar