Induizmning botilligi

Assalomu alaykum! Ilm-ma’rifat yo‘lida qilayotgan xizmatlaringizdan Alloh rozi bo‘lsin. Mening bir tanishim afsuski induizm (vayshnavizm) diniga o‘tib ketdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu din eng qadimiy din bo‘lib, ularning kitoblari (Vedы) da ham hozirgi kunimizda ilm-fan isbotlagan ilmiy faktlar va ilohiy kitoblarda ismlari zikr qilingan payg‘ambarlar haqida ma’lumotlar bor ekan. Eshitishimcha, hozirgi kunda musulmonlarning ushbu dinga o‘tib ketish holatlari ancha ko‘paygan. Bu esa judayam achinarli holat. Shu nuqtai nazardan, sizning ushbu javobingiz ko‘pchilik uchun judayam manfaatli bo‘ladi inshaAlloh. Savolim shunday: ularning ushbu e’tiqodlarini botilligini isbotlash uchun qanday ilmlardan va islomdagi qaysi manbalardan foydalanishni maslahat berasizlar? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Dinlar tarixi nomli kitobni olib o‘qing. Aslida Alloh taoloning nazdida din yakkayu yagona Islom dinidir. Odam alayhissalomdan tortib payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha bo‘lgan hamma payg‘ambarlarning dini yagona Islom bo‘lgan. Payg‘ambarlar vafot topgach ummatlari dinlarini buzib, ichiga turli to‘qimalarni kiritib yuborgan. Hatto payg‘ambarimizga eng yaqin bo‘lgan Iyso alayhissalomning ummatlari ham yagona Allohga ibodat qilish dinini uchlik diniga o‘zgartirib yuborishgan. Qolgan payg‘ambarlarning ummatining hammasi ham shu ishni qilishgan. O‘shalarni ichida samoviy dinlardan tashqari siz aytgan kabi to‘qima dinlar ham ko‘payib ketgan. Hind xalqi o‘zlari ham ular o‘ta darajada to‘qima va afsonalardan iborat ekanligini tan olib, juda ko‘p ziyoli insonlari Islom diniga o‘tishmoqda. Afsuski haq dinda bo‘laturib, o‘z dinini o‘rganmasdan, tushunmasdan ko‘ziga chiroyli ko‘ringan narsani orqasidan ergashib ketayotgan musulmonlar ham topilmoqda. Vallohu a’lam!

10 May 2022, 19:01 | Savol-javoblar | 155 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar